2022-yilning 28-fevralida, Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan ilk kunlarda AQSh Kreml Ukraina davlat idoralari va boshqa tashkilotlariga kiber-tahdid solayotgani haqida ogohlantirgan edi. Bu harakatlat, G'arb rasmiylari va ekspertlari tahlilicha, sezilarli zarar yetkazmagan. Ammo Moskva bundan beri internetdagi hamlalarni yanada oshirib, takomillashtirgan.
Ukrainaga kiber hujumlar tinimsiz va har safar boshqacha.
"Rossiya o'nlab viruslar tarqatib, sistemalarni ishdan chiqarish payida", - deydi Rob Joys, AQSh Milliy xavfsizlik agentligida kiber-xavfsizlik bo'yicha direktor.
"Ukrainaga tegishli obyektlar, moliyaviy muassasa va bizneslar, Rossiya hammasini buzishga harakat qiladi".
AQSh Mudofaa vazirligidagi mutasaddilar deydiki, Kremlga aloqadorligi gumon qilingan xakerlar to'xtovsiz hujumlar bilan band.
"Rossiya Ukrainani nishonga olaveradi, Ukraina unga javob berishga harakat qiladi. Moskvaning maqsadi avvalo bu davlatning mudofaa tarmoqlarini yo'q qilish".
Amerika xavfsizlik idoralarining rahbarlari Kongressga bu borada hisobot berib turadi.
Ukraina hukumatiga ko'ra, Moskva internetdagi urush va frontdagi urushni bir-biri bilan uyg'un holda olib borishga urinmoqda. Janglar avl olar ekan, global tarmoqlardagi hamlalar ham oshadi.
Joys deydiki, “Rus xakerlari jamoat joylaridagi kameralar orqali harbiy harakatlarni kuzatar ekan, ko'plab hollarda bu kameralarni ishdan chiqarmoqda, hatto kafelardagi texnologiyani izdan chiqarmoqda".
AQSh tizimlari ham xavfsizlik choralarini kuchaytirishga majbur.
“Mudofaa sanoati va logistika bilan mashg'ul kompaniyalar ayniqsa ehtiyot bo'lishi kerak, chunki Ukrainaga yordamni ular yetkazmoqda",- deydi Joys.
Xitoy ham tomoshabin emas. Pekin ham kiber dunyoda nimaga qodirlarini ko'rsatib turadi.
Joysning aytishicha, Xitoy aslida bu sohada eng ustalaridan. Tayvanga bostirib kiradigan bo'lsa, deydi u, u yerdagi harbiy harakatlar qatorida internetda ham hujumlar kengayishini kutish mumkin, xususan strategik tizimlarga va bizneslarga.
"Oq uy urush boshlanayotganini aytishini kutish shart emas. Biz ham, Tayvan ham bunday hamlalarga hamisha tayyor turishimiz shart", - deydi mutaxassis.