“News Corp” xalqaro mediaxoldingi o’z ishchilari va jurnalistlariga tegishli elektron pochtalar va hujjatlarni o’zlashtirishga erishgan kiber hujumni tergovga bergan.
Nyu-Yorkda joylashgan korporatsiya o’tgan hafta o’z xodimlariga ichki xabar yo’llab, xorijiy davlat tomonidan muntazam kiber hujum qilinayotganidan ogohlantirgan. 51 ming ishchiga ega korporatsiya “The Wall Street Journal” va “New York Post” nashrlariga ham egalik qiladi.
“News Corp” texnik direktori Devid Klaynning ta’kidlashicha, mediaxoldingning biznes bo’linmalari foydalanadigan tizimga kiber xuruj uyushtirilgan.
Korporatsiya zudlik bilan huquqni himoya qiluvchi organlarga murojaat qilgan hamda kiber xavfsizlikka ixtisoslashgan “Mandiant” firmasi yordamida tergovni boshlagan.
Aniqlanishicha, kiber hujum cheklangan miqdorda elektron pochtalar, “News Corp” shtab kvartirasi hamda unga qarashli “News Technology Services”, “Dow Jones”, “News UK” va “New York Post” bizneslariga tegishli hujjatlarni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’lgan.
Klayn tergovning dastlabki natijalariga ko’ra, kiber hujum ortida xorijiy hukumat turganini bayon qilgan. Buni isbotlovchi dalillar qo’lga kiritilganini aytgan.
“Mandiant” xulosasiga ko’ra, bu hujum ortida turganlar Xitoy hukumatiga aloqador. Xuruj Xitoy manfaatlari yo’lida maxfiy ma’lumotlarni qo’lga kiritishga qaratilgan”, - deya xabar berdi kiber xavfsizlik firmasi vitse-prezidenti Deyv Vong “Amerika Ovozi”ga.
Vashingtonda faoliyat yuritayotgan Uyg’ur huquqlari loyihasi ham so’nggi paytlarda xorijiy hukumat tarafidan kiber hujumlar ortganini bildirmoqda. Pekin olimpiadasini boykot qilish, uyg’urlar va musulmonlarga qarshi genotsid jinoyatini fosh qilishga urinayotgan loyiha vakillari hujumlar ortida Xitoy hukumati turganini aytmoqda.
Xitoyning AQShdagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Pengyu “Amerika Ovozi”ga maktub yo’llab, ayblovlar dalil-isbotlarga tayanmaganini aytgan.
“Xitoy kiber xavfsizlikning qat’iy himoyachisiga aylangan hamda uzoq vatqdan buyon kiber hujumlarning asosiy qurbonlaridan biri bo’lib kelmoqda. Pekin kiber hujum va kiber o’g’rilikning har qanday ko’rinishiga qarshi keskin kurashmoqda”, - deyiladi elchixona vakili maktubida.
Facebook Forum