NATOga a’zo mamlakatlar AQShda prezidentlikka saylangan Donald Tramp Oq uyga kirganidan so’ng Vashington bilan aloqalar tekis bo’lmasligini taxmin qilmoqda.
Birinchi prezidentlik muddati paytida Tramp NATO zaruratini shubha ostiga qo’ygan, ittifoqchi davlatlarni mudofaaga kam pul sarflayotgani uchun tanqid qilgan. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yevropa davlatlari AQShga ishonmay, o’z kuchiga tayanishi kerakligini aytadi.
Bir necha kun oldin Polshada AQShning 2008-yilda rejalangan raketaga qarshi mudofaa tizimi o’rnatilgan bazasi ochildi. Ochilish marosimida qatnashgan Polsha Prezidenti Andjey Duda Amerika prezidentlarining izchil majburiyatini olqishladi.
“Qo’shma Shtatlar amaliy jihatdan Polsha Respublikasi xavfsizligi va butun Shimoliy Atlantika alyasi xavfsizligining kafolatchisidir”, - dedi u.
AQShda prezidentlikka qaytayotgan Donald Tramp Yevropa xavfsizligi kafolatchisi rolini bajarishda davom etadimi, yo’q, ma’lum emas. Mavhumlik alyansdagi ittifoqchilarni xavotirga solmoqda.
Tramp 2017-yilda ularni mudofaa uchun kam xarajat qilayotganlikda ayblagan, harbiy sarfiyatlarni oshirishmasa, AQSh hatto NATOdan chiqadi deya do’q-po’pisa qilgan.
Tramp uning ogohlantirishi samara berganini aytgan.
“Hammasi xarajatlarni sezilarli darajada oshirishga rozi bo’ldi”, - degan edi Tramp 2018-yilda.
Bu yilgi saylov kampaniyasida ham Trampning ayrim gaplari NATOni tashvishga soldi.
“Yirik mamlakatlardan birining prezidenti mendan “Biz badalni to’lamasak, ammo Rossiya bizga hujum qilsa, bizni himoya qilasizmi?” deb so’radi. “To’lamadingizmi? Qarzdormisiz?” deb so’radim. “Unday bo’lsa, sizlarni himoya qilmayman. Aksincha ularni istagan narsasini qilishga da’vat etaman” dedim. Badalni to’lash kerak”, - degan Tramp.
NATOdagi ittifoqchilar Tramp prezidentlikka kirishishi bilan yangidan bosimga uchrashini kutmoqda, deydi NATOda siyosiy rejalash bo’limini boshqargan Fabris Potye.
“NATOga 2018-yildagidek ekzistensial tahdid haqida gapirishimiz mumkin deb o’ylamayman. Ammo Tramp qattiq savdolashishiga shubha yo’q. U yalpi ichki mahsulotning 2 foizini mudofaaga ajratishga qayta urg’u beribgina qolmay, NATOning keyingi yil iyunida Gaagada bo’ladigan sammitida 2,5-3 foizga ko’tarish uchun zamin ham yaratishi mumkin”, - deydi Potye.
Bunday yondashuv, ayniqsa Rossiya Ukrainada urush boshlaganidan keyin Yevropadagi ko’p mamlakatlarga manzur bo’lishi mumkin.
“NATOning sharqiy chegaralarida joylashgan Polsha kabi mamlakatlar, Boltiq va Skandinaviya davlatlari buni olqishlamoqda. Biroq alyansdagi ayrim mamlakatlar bu kollektiv mudofaaga ishonchga putur yetkazishi mumkin deya xavotir bildirmoqda”, - deydi hozirda “Rasmussen Global” konsalting kompaniyasida ishlovchi mutaxassis.
Donald Tramp sobiq prokuror va lobbichi Mettyu Vitaker nomzodini AQShning NATOda elchisi lavozimiga ko’rsatgan. Tramp Vitaker NATOdagi ittifoqchilar bilan aloqalarni kuchaytirishiga, “Amerika birinchi” siyosatini olg’a surishiga ishonch bildirdi.
Senat uning nomzodini ma’qullashi kerak.