Janubiy chegaradan AQShga vizasiz kirish narxi 250 000 yuan yoki taxminan 35 000 dollarni tashkil etadi, deydi 30 yoshlar atrofidagi Xiao Jing ismli ayol. Ayol har ehtimolga qarshi o’z ismini o’zgartirib yozishni iltimos qildi.
“Men Janubiy chegaradan noqonuniy ravishda AQShga vizasiz muvaffaqiyatli kirgan tanishim orqali ma’lumot oldim. U menga Yaponiya vizasini olishda va Meksikaga yetib borganimdan keyin olib ketish xizmatini tashkil etishda yordam berdi”, - dedi u “Amerika Ovozi”ga.
Meksikada uni olib ketadigan shaxs keyinchalik unga AQSh chegarasini kesib o‘tishda yordam beradi.
Xiao Xitoyning Chongqing shahridagi kichik kompaniyada xodim bo‘lib ishlagan. Ammo so‘nggi yillarda Xitoydagi iqtisodiy inqiroz tufayli, boshlig’i avvaliga ish haqlarini to‘lamay qo‘ygan, keyin esa u bilan birga boshqa ko‘plab xodimlarni ham ishdan bo‘shatgan.
“Mening yoshimda ish topish qiyin va men mamlakatdagi siyosiy muhitni yoqtirmayman”, - dedi u.
Xiaoning aytishicha, agar u AQSh vizasiga murojaat qilsa, intervyuni kutishiga to‘g‘ri kelar va uning mol-mulki hamda daromadlari tekshirilardi. Shu sababli u boshqa yo’lni tanlagan: Yaponiya vizasini olib, u orqali boshqa mamlakatga ko’chish.
“Menga sayohat vizasini olishda yordam berayotgan agent agar qo‘rqayotgan bo‘lsam, Xitoyda qolishim kerakligini aytdi. Ammo men urinib ko‘rishni xohlayman”, - dedi u “Amerika Ovozi”ga.
O‘zini Liza deb tanishtirgan ayol Xitoyda yashovchi “agent” bo‘lib, xitoylik muhojirlarga hujjatlarsiz AQShga kirishga urinishlarida yordam beradi. O‘z faoliyati tufayli u haqiqiy ismini oshkor qilishni va politsiya tomonidan aniqlanishni istamaydi.
Uning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, so‘nggi vaqtda Xitoydagi odamlardan odatdagidan ko‘ra ko‘proq murojaatlar olgan. U murajjatchilarga yo‘lga chiqishni imkon qadar tezroq boshlashni hamda Donald Tramp prezidentlik lavozimini egallashidan oldin AQShga kirishni maslahat bergan.
Trampning saylov kampaniyasidagi asosiy va’dalaridan biri muhojirlarning AQShga noqonuniy kirishini qiyinlashtirish edi.
“Men lavozimni egallagan kun muhojirlarning noqonuniy kelishi to’xtaydi va mamlakatimiz tiklanishi boshlanadi”, - degan edi Tramp 31-oktabr kuni Nevada shtatining Henderson shahrida o‘tkazilgan saylovoldi mitingida.
U 13-aprel kuni Pensilvaniya shtatining Shneksvil shahrida qilgan nutqida Xitoydan kelayotgan muhojirlarni alohida tilga olib, ularni “harbiy yoshda bo‘lgan, asosan erkaklar” deb ta’riflagan.
“Ular bizning mamlakatimizda kichik bir armiya tuzmoqchimi?” - degan savolni o‘rtaga tashlagan edi u.
Liza Xitoydan kelayotgan odamlarning AQShga kirishga bo‘lgan istagi to‘xtamaganini aytdi, chunki Xitoyning iqtisodiyoti va so‘z erkinligining yo‘qligi hali ham yomon.
U noqonuniy immigratsiya haqida muhokamalar olib boriladigan bir necha Telegram guruhlarini yaratgan. Lizaning aytishicha, ushbu chat guruhlarining a’zolari soni har kuni ortib bormoqda.
Lizaning aytishicha, hozirda xitoyliklar uchun Meksikaga kirishda hech qanday muammo yo‘q. U “Amerika Ovozi”ga o‘z mijozlarining pasport sahifalaridagi kirish tamg‘alarini ko‘rsatdi.
U tavsiya qilgan yo‘nalish Meksikaning Tixuana shahriga uchib borish va Kaliforniyaning San-Diego shahriga chegaradagi devordan oshib o‘tishdir. San-Diego Los-Anjelesga yaqin joylashgan bo‘lib, u yerda katta xitoyliklar jamoasi mavjud. Lizaning aytishicha, hozirda AQShga kirish qiyinlashgan va odamlar immigratsiya hibsxonalarida bir yil oldingiga qaraganda uzoqroq saqlanmoqda.
Xitoylik muhojirlar orasida yaxshi tanilgan 33 yoshli boshpana topib beruvchi faol Van Chjungveyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, odamlar bir necha oydan beri Kuba yoki Boliviya orqali yangi yoʻnalishlarni muhokama qilmoqda, biroq bu yoʻllar orqali AQShga yetib bora olganlar juda kam.
“Men Kuba orqali AQShga kelgan hech kim bilan aloqada bo‘lmadim, hozir Janubiy chegara orqali AQShga kirishga urinayotgan odamlar bilan ham oldingiga qaraganda ancha kam aloqadamiz. Mamlakatga kirganlarning deyarli barchasi Yaponiyadan Meksikaga uchib, keyin devordan oshib AQShga o‘tgan”, - dedi u “Amerika Ovozi”ga.
Guangxi provinsiyasidan bo‘lgan Guo Bin o‘tgan yili 12 yoshli qizi bilan Janubiy chegara orqali AQShga yetib kelgan. Uning aytishicha, so‘nggi ikki-uch oy ichida Xitoydan Turkiya, so‘ngra Ekvador, undan Markaziy Amerika va Meksika orqali AQShga borishga uringan odamlar soni kamaygan.
Guo AQShning janubiy chegarasidan o‘tgan yoki o‘tishga uringan xitoylik muhojirlar jamoalari orasidagi ijtimoiy tarmoqlardagi suhbatlarni kuzatib kelmoqda.
"Hozir AQSh chegarasiga kirayotganlar — so‘nggi ikki-uch oy ichida yo‘lda qolib ketganlar, Xitoydan endi yo‘lga chiqqanlar emas. Ko‘plab odamlar hozirda Meksika, Ekvador yoki Turkiyada qolib ketgan. Ba'zilari yo‘lning o‘rtasida pulini tugatib qo‘ygan, ba'zilari esa odam savdogarlari tomonidan aldangan. Shuning uchun ular mahalliy hududda qolib, bir necha oy ishlagan holda yetarli mablag‘ yig‘ib, yo’lini davom ettirishga majbur bo‘lmoqda”, - dedi u.
AQSh bojxona va chegarani himoya qilish xizmati statistikasiga ko‘ra, 2023-yil dekabrida Janubiy chegarada AQSh chegarachilari Xitoydan kelgan muhojirlarga deyarli 6000 marta to’qnashgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2024-yil sentabr oyida pasayib, 1300 dan biroz oshgan.
Dekabr oyidagi yuqori ko‘rsatkich Bayden ma'muriyati tomonidan "chegara punktlaridan tashqarida bo‘lgan uchrashuvlarning tarixdagi eng yuqori darajasi" deb ta'riflangan umumiy hujjatsiz muhojirlar soniga mos keladi.
Baydenning iyun oyida chiqargan farmoniga ko‘ra, AQSh-Meksika chegarasida noqonuniy yoki ruxsatsiz o‘tgan muhojirlar soni kuniga o‘rtacha 2500 nafarga yetganda, boshpana olish huquqi vaqtincha cheklanadi.
Meksika hukumati ham o‘z chegarasida nazoratni kuchaytirib, asosiy yo‘llarda tekshiruv punktlarini tashkil etdi va AQShga o‘tuvchi chegaralarda patrullarni ko‘paytirdi.
Guoning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda xitoylik muhojirlar jamoasidan kelgan izohlar vizasiz AQShga kirishga muvaffaq bo‘lgan ba’zi xitoyliklarning deportatsiya qilinganini ko‘rsatgan.
“Deport qilinganlarning ayrimlari Kommunistik partiya a’zolari bo‘lib, intervyudan o‘tolmagan bo‘lishi mumkin”, - dedi Guo.
Iyul oyida AQSh 2018-yildan beri birinchi yirik charter reysni tashkil etganini e’lon qilgan edi, bu orqali xitoylik fuqarolar Xitoyga deportatsiya qilinadi.
“Biz immigratsiya qonunlarimizni bajarishni davom ettiramiz va AQShda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan shaxslarni chiqarib yuboramiz, - dedi Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas. – Odamlar kontrabandachilarning yolg‘on gaplariga ishonmasligi kerak”.
“Trampning saylovdagi g‘alabasi haqidagi xabar AQShdagi ko‘plab xitoylik muhojirlarni qo’rqitib qo’ydi”, - dedi Van “Amerika Ovozi”ga.
“Saylov natijalari e’lon qilingan zahoti, muhojirlar guruhi chatlarida qizg‘in muhokamalar boshlandi va ko‘pchilik xavotir ola boshladi. Men ham yangi siyosat qanday bo‘lishidan bir oz xavotirdaman”, - dedi u.
“Trampning ommaviy deportatsiyalar haqidagi ritorikasi hali qonuniy maqomga ega bo‘lmaganlarning barchasiga ta’sir qildi, jumladan, janubiy chegarani noqonuniy kesib o‘tganlar va qonuniy viza bilan kelib, boshpana so‘rayotganlarga ham”, - dedi Van.
Boshpana so‘rovlarini ko‘rib chiqish odatda ikki bosqichdan iborat: birinchi bosqich — oldindan sud majlisi, uning o‘rtacha kutish vaqti uch yilga yaqin va ikkinchi bosqich — individual sud majlisi, uning kutish vaqti besh yildan kamroq.
Hozirda Van birinchi sud majlisidan o‘tgan va uning individual sud majlisi fevral oyiga belgilangan. Immigratsiya bo‘yicha advokatlarning aytishicha, uning ishi boshqa xitoylik muhojirlarning ishlariga qaraganda nisbatan tezroq va silliqroq kechmoqda. Lekin u yangi Tramp ma'muriyati davrida qanday o‘zgarishlar bo‘lishini bilmaydi.