Donald Trampning ikkinchi bor prezident etib saylanishi va Respublikachilar partiyasining AQSh Senatini qayta qo'lga kiritishi iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish bo'yicha eng samarali milliy siyosatga jiddiy ta'sir ko'rsatishi mumkin, deb hisoblaydilar iqlim masalalari bo'yicha ekspertlar.
O'zgarishlar issiqlik to'lqinlari tufayli ko'proq odamlar halok bo'layotgan, atmosferada iqlimga zararli gazlar rekord darajada to'planayotgan, AQSh tarixidagi eng falokatli ikkita dovuldan zarar ko'rgan va Bokuda bo'lib o'tayotgan iqlim muzokaralarida davlatlar bu muammolarni hal qilish uchun kuchli choralar ko'rmayotgan bir paytda sodir bo'lmoqda.
Tramp ma’muriyati bekor qilishi kutilayotgn asosiy choralar quyidagilardan iborat.
Inflyatsiyani kamaytirish qonuni
Bu qonun 2030-yilgacha AQShda zararli chiqindilarni taxminan 40 foizga kamaytirishi kutilayotgan edi.
U toza energiyani qazilmalardan olinadigan energiya o'rniga almashtirish choralariga mablag' yo'naltiradi. Buning asosiy usullaridan biri - yangi quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurayotgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berish.
Lekin qonun bu bilan cheklanib qolmaydi. U geotermik energiya ishlab chiqaruvchilarini va o'z mo'rilaridan chiqadigan karbonat angidridni ajratib, yer ostida saqlaydigan korxonalarni ham rag'batlantiradi; yangi avlod atom energetikasini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlaydi; elektromobil xarid qiluvchilarga 7500 dollar soliq imtiyozi beradi. Ishlatilgan elektromobillarni xarid qiluvchilar ham, agar daromadlari me'yordan oshmasa, bunday imtiyozlardan foydalanishlari mumkin.
Tramp esa, aksincha, o'z energetika siyosatini "qaziyver, qaziyver" degan ibora bilan ifodalab, demokratlarning "yashil fitna"sini barbod qilishni va iqlim o'zgarishining asosiy sababchilari bo'lgan neft, tabiiy gaz va ko'mir kabi qazilma yoqilg'ilar ishlab chiqarishni ko'paytirishni va'da qilmoqda.
U 2022-yildagi iqlim qonunida ko'zda tutilgan shamol energetikasiga beriladigan subsidiyalarni bekor qilishni va'da qilmoqda.
Agar Tramp iqlim qonuniga qarshi chiqsa ham, ba'zi qoidalar saqlanib qolishi mumkin. Masalan, ilg'or ishlab chiqarish sohasidagi kompaniyalarga beriladigan imtiyozlar, chunki bu "Amerika birinchi o'rinda" va "AQSh biznesini qo'llab-quvvatlash" siyosatiga mos, deydi Baringa global konsalting kompaniyasining hamkori va energetika bo'yicha eksperti Devid Shepird. Uning fikricha, elektromobillarga beriladigan imtiyozlar eng ko'p xavf ostida.
Elektr stansiyalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar
Ko'mir yoqadigan elektr stansiyalardan chiqadigan va iqlim o'zgarishiga sabab bo'layotgan chiqindilarni kamaytirish bo'yicha AQShning asosiy qonuni ham xavf ostida. Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) tomonidan aprel oyida e'lon qilingan bu qonun ko'mir yoqadigan stansiyalarni karbonat angidrid chiqindilarining 90 foizini tutib qolishga yoki sakkiz yil ichida yopilishga majbur qiladi, deydi Shepird.
Bu qonun 2047-yilgacha taxminan 1,38 milliard tonna karbonat angidrid va o'n minglab tonna boshqa zararli havoni ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirishi kutilgan edi.
Stanford universiteti iqlimshunosi va mamlakatlarning karbonat angidrid chiqindilarini kuzatuvchi “Global Carbon Project” guruhi raisi Rob Jeksonning ta'kidlashicha, AQSh ko'mirga asoslangan elektr stansiyalarini toza, qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan almashtirish orqali karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirib kelmoqda.
"Umid qilamanki, biz toza energiyaning afzalliklarini unutib qo'ymaymiz, - dedi u. - Bu faqat iqlim haqida emas. Bu bizning hayotimiz va sog'lig'imiz haqida."
Zararli metan yoki tabiiy gaz chiqindilarini cheklash
Bayden ma'muriyati qurg'oqchilik, issiqlik to'lqinlari, suv toshqinlari va kuchli dovullarga sabab bo'layotgan asosiy ifloslantiruvchi moddalardan biri - metan yoki tabiiy gazni kamaytirish bo'yicha bosim ostida edi. U neft va gaz uskunalaridan sizib chiqadi, ba'zida kompaniyalar uni tashish qimmatga tushadi deb hisoblaganlari uchun ataylab chiqarib yuborishadi.
Bayden ma'muriyati bu borada birinchi milliy qonunlarni qabul qildi.
Sanoat guruhlari va respublikachilarga moyil shtatlar bu qonun ustidan sudda nizolashmoqda. Ular EPA o'z vakolatlaridan chiqib ketganini va bajarib bo'lmaydigan standartlarni o'rnatganini aytmoqda.
EPA esa bu qoidalar uning qonuniy majburiyatlari doirasida ekanligini va jamoatchilikni himoya qilishini ta'kidlamoqda.
Yoqilg'i samaradorligi yuqori bo’lgan transport vositalari
EPA Bayden ma'muriyati davrida avtomobil va yuk mashinalariga chiqindi gazlari bo'yicha eng qattiq qoidalarni joriy etdi.
Tramp davrida EPA avtomobil chiqindi gazlari bo'yicha standartlarni bekor qilish va qayta ko'rib chiqish jarayonini boshlashi kutilmoqda. Tramp bu standartni noto'g'ri ravishda elektromobil "majburiyati" deb ataydi.
Tramp elektromobil ishlab chiqarish avtomobil sanoatidagi ish o'rinlarini yo'q qilishini aytgan va akkumulyatorli mashinalar sovuq ob-havoda ishlamasligini hamda uzoq masofaga yura olmasligini asossiz ravishda da'vo qilgan. “Tesla” rahbari Ilon Mask uni qo'llab-quvvatlab, saylovda faol ishtirok etganidan keyin Tramp o'z nutqini yumshatdi.
Shunday bo'lsa-da, sanoat vakillari Tramp elektromobillarga o'tishni sekinlashtirishga harakat qiladi deb kutmoqda.
Alyaska qo'riqxonasida neft qazish
Tramp Alyaskaning Milliy yovvoyi tabiat qo'riqxonasida neft qazishni qayta tiklashi muqarrar ekani aytilmoqda. Bu o'n yillar davomida siyosiy kelishmovchiliklarga sabab bo'lib kelgan masala. Bayden va boshqa demokrat prezidentlar bu hududda neft qazishni taqiqlab kelgan. Bu yerda oq ayiqlar, shimol bug'ulari va boshqa yovvoyi hayvonlar yashaydi. Tramp 2017-yilda respublikachilar tomonidan qabul qilingan soliq qonunida bu hududni neft qazish uchun ochgan edi. Qo'riqxonada hali neft qazish ishlari boshlanmagan, ammo AQSh Yer resurslarini boshqarish byurosi 2017-yilgi qonun talabiga binoan dekabr oyining oxirigacha neft qazish huquqini sotishni taklif qilmoqda.
Toza energiya va transportga o'tish davom etadi
Iqlim o'zgarishini "fitna" deb atagan Tramp, shuningdek, Bayden ma'muriyatining lampalar, plitalar, idish yuvish mashinalari va dush kallaklarining energiya samaradorligini oshirish bo'yicha qoidalarini bekor qilishini aytgan.
“Project Drawdown” tashkilotining katta siyosiy maslahatchisi Den Jasper iqlim bo'yicha harakatlar shtat va mahalliy darajada davom etishini aytdi.
“Carbon Direct” tashkilotining siyosat tahlili va ilmiy strategiya rahbari Zara Ahmed ham bu fikrga qo'shiladi. Federal darajada yetakchilik bo'shlig’i yuzaga kelishi mumkin bo'lsa-da, u Kaliforniya kabi shtatlar iqlim o’zgarishiga qarshi kurashda yetakchilikni davom ettirishiga ishonch bildirdi.
“Clean Air Task Force” ijroiya direktori Armond Koen shtatlar, shaharlar, kommunal xizmatlar va bizneslar nol darajadagi chiqindilarga erishish majburiyatini olganini va shamol hamda quyosh energiyasini rekord darajada o'rnatishni davom ettirishini aytdi.
Har ikki partiyadan bo'lgan gubernatorlar ham chiqindisiz elektr energiyasi manbasi sifatida atom energetikasini rivojlantirishdan manfaatdor, dedi Koen.
Tramp ham an'anaviy reaktorlardan kichikroq bo'lgan yangi avlod atom reaktorlarini ishlab chiqarishdan manfaatdor ekanligini aytgan.
EPAning sobiq rahbari va Baydenning birinchi iqlim masalalari bo'yicha maslahatchisi Gina Makkartining ta'kidlashicha, Tramp shamol, quyosh va geotermik energiya kabi toza energiya manbalarining rivojlanishini to'xtata olmaydi.
"Tramp nima demasin, toza energiyaga o'tish to'xtatib bo'lmaydigan jarayon va mamlakatimiz orqaga qaytmaydi," - dedi Makkarti.