Breaking News

Biologik xilma-xillikni saqlashdagi muammolar va umidlar


Birlashgan Millatlar Tashkilotining ikki yil avval iqlim o’zgarishi bo’yicha bo’lib o’tgan “Biologik xilma-xillik” konferensiyasida 196 davlat tomonidan kelishuv imzolangan edi. Unda 2030-yilga borib quruqlik va suv hududlarining 30 foizini himoya qilish maqsad qilingan va u “30 ga 30” deb nomlandi. Kelishuv imzolangan vaqtda quruqlik hududlarining 17 foizi va dengiz hududlarining 10 foizi himoyalangan edi.

Yaqinda mamlakatlar ushbu kelishuvdan keyin yerdagi o'simliklar va hayvonlar hayotini saqlab qolish borasidagi sa'y-harakatlarda qanday muvaffaqiyatga erishganliklarini aniqlash uchun yana yig’ildi.

Yevropa Parlamenti hisobotiga ko‘ra, COP16 nomi bilan tanilgan konferensiyada mamlakatlar maqsadlarga erishish yo‘lidagi yutuqlarining hisobotini beradi, hukumatlar esa ularni amalga oshirishni ta'minlash uchun qanday mexanizmlar kerakligi haqida fikr yuritadi.

Kolumbiyaning Kali shahrida bo‘lib o‘tgan ikki haftalik yig‘ilishda 2030-yilgacha tabiatni himoya qilish uchun yuzlab milliard dollar mablag‘ to‘plash sa’y-harakatlariga ham e’tibor qaratildi — rivojlanayotgan davlatlar uchun kelgusi yilda 20 milliard dollar to‘lanishi rejalashtirilgan. Yig‘ilishda oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish va invaziv turlarni kiritishni oldini olish kabi 23 maqsad muhokama qilindi.

Kelishuv o’z maqsadiga qay darajada erishdi?

Konferensiyadan oldin qariyb 200 ta davlat o‘z milliy rejalari bilan 30 ga 30 maqsadlariga erishish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni taqdim etishi kerak edi. Ammo davlatlarning taxminan 46 foizi maqsadlarni, 15 foizdan kamrog‘i esa ularga erishish rejasini taqdim etgan xolos.

Kaliforniya: Klamat daryosi - qabilalarniki
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:06 0:00

AQSh Birlashgan Millatlar Tashkilotining biologik xilma-xillik konventsiyasiga a'zo bo‘lmaganligi sababli, undan hech qanday rejalar taqdim etish talab qilinmaydi. Biroq Bayden ma'muriyati 2030-yilgacha Amerika hududlari va suvlarining uchdan birini himoya qilish majburiyatini olgan.

Ayrim davlatlar konferensiyadan foydalanib, himoyalangan hududlarni yaratish yoki kengaytirish rejalari hamda biologik xilma-xillik uchun ajratilgan mablag‘larni qanday sarflashlari bo‘yicha rejalarni e’lon qildi. Masalan, Kanada to‘rtta mahalliy aholi tomonidan boshqariladigan loyihalar uchun 800 million dollar ajratishga majburiyat olgan.

Tabiatni muhofaza qilish guruhlari ko‘p davlatlar o‘zining biologik xilma-xillikdagi maqsadlari va ularga qanday erishish rejalari haqida batafsil ma'lumot bermaganidan xavotirda.

“WWF International”ning global advokatsiya bo‘limi rahbari Bernadet Fishler Huper yuklangan majburiyatlar “umidlarni oqlamagan”ini aytdi. Taraqqiyotni kuzatayotgan WWF ba’zi rejalarda biologik xilma-xillik yo‘qolishining oldini olish uchun chora-tadbirlar, sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ va hukumatning yetarlicha qo‘llab-quvvatlashi yetishmasligini ham aniqladi.

“Ba’zi davlatlar o’zrejalarini yangilamagan, boshqalarida esa o’z maqsadiga erishish uchun yetarli mablag’ bo’lmagan”, - deydi Huper.

Maqsadlarni taqdim etgan 91 davlatning yarmidan ko‘prog‘i o‘z quruqlik hududlarining kamida 30 foizini himoya qilish va saqlash maqsadini qo‘ygan, chorak qismida esa bu ko‘rsatkich 5 foizdan 30 foizgacha bo‘lgan. Dengiz va qirg‘oqbo‘yi hududlari uchun esa uchdan bir qismidan ko‘prog‘i milliy maqsadini 30 foiz yoki undan ko‘proq qilib belgilagan, yana uchdan bir qismi esa 5 foizdan 30 foizgacha bo‘lgan maqsadlarni belgilagan.

Biologik xilma-xillik konventsiyasi ijrochi kotibi Astrid Shomaker rejalarni taqdim etgan davlatlar sonining kamligi ajablanarli emasligini aytdi, chunki “Hukumatlar avval maqsadlarni belgilab, so‘ng harakat rejalari ishlab chiqishlari kerak”, dedi u.

Elektron sigaretlar tabiatga ham tahdid solmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00

“Bu butun hukumat miqyosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan murakkab jarayon”, - dedi u, vazirliklar, biznes yetakchilari va jamiyat vakillarining hamkorligi hamda mablag‘ yig‘ishni talab qiluvchi rejalar haqida. “Bu ishlar bir kechada amalga oshmaydi”.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, ko‘chib yuruvchi qushlar turlarining 40 foizdan ortig‘i kamayib bormoqda. Shu sababli, ushbu turlarni himoya qilish va ularning yo‘qolishini oldini olish uchun belgilangan maqsadlarga erishish juda ahamiyatlidir.

“Qushlar himoyalangan hududlarning chegaralarini tan olmaydi, oziqlanish hamda dam olish ehtiyojlariga ko‘ra harakat qiladi”, - dedi Sharqiy Osiyo-Avstraliya uchish yo‘li bo‘yicha faoliyat olib boruvchi, Seulda joylashgan notijorat tashkilot rahbari Jennifer Jorj. Ushbu tashkilot Sharqiy Osiyo, Avstraliya va Yangi Zelandiya o‘rtasida ko‘chib yuruvchi qushlarga e’tibor qaratadi.

Moliyaviy tanglik

BMTning iqlim bo‘yicha muzokaralari kabi, biologik xilma-xillik konferensiyasida ham asosiy muhokama mavzularidan biri moliyalashtirish bo‘ldi.

Kambag‘al davlatlar 2030-yilgacha har yili 200 milliard dollar yig‘ilishini talab qiluvchi dasturni kiritishni talab qildi. Bu mablag‘ biologik xilma-xillikda maqsadli loyihalarni moliyalashtirish uchun turli manbalardan olinishi kerak. Boy davlatlar rivojlanayotgan davlatlarga kelasi yildan boshlab 20 milliard dollar ajratishni va bu mablag‘ni 2030-yilgacha bosqichma-bosqich 30 milliard dollarga oshirishni o‘z zimmasiga oldi.

Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, 2015-yildan 2022-yilgacha biologik xilma-xillikni saqlash uchun ajratilgan rivojlanish moliyalashtiruvi ikki barobardan ko‘proqqa oshgan. Ammo ushbu kelishuv uchun zarur bo‘lgan mablag‘ yig‘ilishida hali ham yetishmovchilik bor. Aniqroq aytganda, dunyo bo‘yicha to‘planishi kerak bo‘lgan 20 milliard dollarning hali 23 foizi yig‘ilmagan.

Himoyachilar mablag‘ muhim rol o‘ynashini aytdi, chunki himoya qilish zarur bo‘lgan biologik xilma-xillikning ko‘p qismi Afrika kabi rivojlanayotgan davlatlarda joylashgan.

“Yutuqlar bor, ammo yetarlicha emas”, dedi Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish jamiyatining xalqaro siyosat bo‘yicha vitse-prezidenti Syuzan Liberman. “Ba’zi davlatlar bunga jiddiy yondashmoqda, boshqalari esa, “Biz buni amalga oshirmoqchimiz, lekin mablag‘ qayerda?”- deb aytmoqda.

“30 ga 30”dan tashqari masalalar

Yuqori darajadagi biologik xilma-xillik maqsadlaridan tashqari, konferensiyada tahdid ostidagi turlarni odamlar sababli yo‘q bo‘lishini to‘xtatish va 2050-yilga kelib yo‘qolish darajasini o‘n barobar kamaytirish maqsadi ham muhokama qilindi. Shuningdek, ushbu maqsad mahalliy yovvoyi turlar sonini sog‘lom darajaga yetkazishni nazarda tutadi.

Yelloustoun ko'li, Vayoming shtati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00

Tabiatni muhofaza qilish tarafdorlari maqsadlarda aniqlik yetishmasligini ta’kidlamoqda.

“Turlar yo‘q bo‘lishini to‘xtatish kabimaqsadlar aniq belgilanishi va miqdoriy ifodalanishi kerak, hozirda ular juda noaniq”, dedi Dyuk universiteti ekolog-shifokori Styuart Pim.

Mamlakatlar biologik xilma-xillikning iqlim o‘zgarishini yumshatish va salomatlik, ayniqsa, kelajakdagi pandemiyalarning oldini olishdagi rolini namoyish etishni rejalashtirdi.

Yig‘ilishda o‘simliklar, hayvonlar, bakteriyalar va viruslardan olingan genetik materialdan kelib chiqqan raqamli ma’lumotlardan olinadigan foydani adolatli taqsimlash uchun global mexanizmni qabul qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ushbu materiallar ko‘pincha dori kabi tijorat mahsulotlarini ishlab chiqishda qo‘llaniladi, kelishuv daromadlarni adolatli taqsimlanishini ta’minlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG