Breaking News

Urushdan zarar ko’rgan Ukraina shaharlari gullar bilan burkanmoqda


Kiyev, Ukraina, 2024-yil, 26-iyun
Kiyev, Ukraina, 2024-yil, 26-iyun

Rafiqasi va qizi Polshadan Ukrainaga qaytayotganida ularni kutib olish uchun Kiyev temir yo‘l vokzaliga yo‘l olgan Oleksandr Trifonov yo’lda bir muddat to’xtashiga to’g’ri keldi.

U xira yoritilgan yerosti o‘tish yo‘lidagi gul do‘konlaridan biriga kirib, ikki dona qizil atirgul sotib oldi. Bu hayotidagi eng qadrli ikki insoni uchun olingan sovg‘a edi.

“Men ularni ikki yildan beri ko'rmaganman, - deydi 45 yoshli haydovchi Trifonov oilasi haqida. - Ayollar uchun gullar juda muhim”.

Gullar har doim Ukraina madaniyati bilan bog'liq bo’lgan, ammo Rossiyaning 2022-yildagi bosqinidan beri ularning ahamiyati yanada ortdi, gullar qarshilik va umid ramziga aylandi.

Urush sabab bo'lgan qiyinchiliklarga qaramay, ukrainaliklar Kiyev va boshqa shaharlarni mamlakatning chekka qishloqlaridan keltirilgan gullar bilan to'ldirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Shu orqali ular o'zlarining ildizlari bilan qayta bog'lanishga hamda ularni qaytadan kashf qilishga harakat qilmoqda.

To‘q binafsharang petuniyalar va sariq tosh atirgullari Kyivning ichki yo‘llari va katta bulvarlaridagi gul idishlaridan osilib turibdi. Ba'zilari chiroq ustunlariga o‘rnatilgan, gullarni hatto Ukrainadagi qamoqxona hovlilarida ham uchratish mumkin.

Ular Ukraina banknotlari, to'qimachilik naqshlari va devoriy rasmlarda – reklama e’lonlari va harbiy xizmatga chaqiruv plakatlarida ham aks etgan. Mamlakat bo‘ylab uchrashuvga chiqqan yigitlar va ba'zida bir oyog‘i yo‘q askarlar uyga qaytayotganda guldastalar ko‘tarib yurishadi.

Ukraina urushi: madaniy obidalar himoyasi uchun kurash
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:55 0:00

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy ham kasalxonaga tashrifi chog‘ida 2022-yilda Kyiv tashqarisida Rossiya kuchlaridan qochayotganda jarohatlangan o‘smir qizga guldasta olib kelgani ko’pchilikning yodida.

Kiyev markazidagi Maydan yerosti yo‘lida joylashgan gul do‘konida sotuvchi Olga Semenog har bir dasta gulni ikki yarim dollardan sotadi. Cho‘ntagida ko‘proq puli borlar uchun esa u 75 dollarlik ulkan guldasta ham taklif qilishi mumkin.

Olganing aytishicha, hatto urush vaqtida ham eng band kuni 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni. Uning biznesi harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarning onlayn buyurtmalar orqali uyga gul yuborishi bilan ham jonlanib bormoqda.

Ukraina poytaxti chekkasida, ikki yil oldin Rossiya qo‘shinlari to‘xtatilgan joyda, aholi hanuzgacha zararlangan yoki butunlay vayron bo‘lgan uylarining bog‘larini parvarishlamoqda. Dnepr daryosining chap qirg‘og‘i yaqinidagi Kiyevdagi parkda katta gul installyatsiyasi mavjud bo‘lib, bu yozda Ukrainaga G‘arbiy ittifoqchilar tomonidan yetib kelishi kutilayotgan “F-16” qiruvchi samolyotlarini qarshi olish uchun hozirlangan.

Ukraina Gulchilar Assotsiatsiyasi rahbari Irina Bielobrovaning tushuntirishicha, gullar ukrainaliklarning madaniyati, an'analari va hayotlarining nishonlanadigan muhim bosqichlari bilan chambarchas bog'liq. Ular, shuningdek, yer bilan hissiy aloqani ham ifodalaydi.

“Gullarsiz hayot yorqin, to'laqonli va boy bo'lishi mumkin emas, - deydi u. - Guldastalar yillar davomida saqlanadi, kashta tikilgan ko'ylaklar esa avloddan avlodga o'tadi.”

Bielobrova Rossiyaning 2022-yildagi keng ko‘lamli bosqinidan keyin Niderlandiyaga ko‘chib ketdi. Niderlandiya dunyoning gullar ishlab chiqaruvchi qudratli mamlakati hisoblanadi. Ukrainada esa urushdan oldin kamtarona gul eksport bozori bor edi.

Niderlandiyaga kelganidan so‘ng, u boshqa qochib kelgan gulchilar bilan ishladi; Yevropa poytaxtlaridagi Ukraina uchun birdamlik tadbirlarini gullar bilan ta’minlashga harakat qildi.

1700-yillardan beri Ukrainada yetishtirilayotgan kungaboqarlar mamlakatning milliy guliga aylangan. Urushda ular Ukrainaning matonati va mustahkamligi ramzidir.

Yelkagacha yetadigan bu gullar dalasini butun Ukraina bo‘ylab tez-tez ko‘rish mumkin. Zelenskiy hukumati 2020-yilda ushbu gulni milliy Xotira kuni ramzi deb e'lon qilgan edi.

“Ular bombardimonlar, vayronagarchiliklar, og‘riq va ko‘z yoshlaridan boshpana topishga imkon beradi”, - deydi Niderlandiyadan Ukrainaga qaytib, Kiyevda yashayotgan Bielobrova.

“His-tuyg‘ularni gullar bilan ifodalash oson, - deydi u. - Har bir gul o’zicha gapiradi, guldastalar esa butun bir hikoyani so‘zlaydi”.

Ukrainaliklarning aytishicha, gullar nafaqat an’anani, balki umid va shifo ramzini ham anglatadi.

Kiyevning g‘arbida joylashgan 370 akrdan (150 gektar) iborat xususiy bog‘dorchilik va dam olish maskani “Dobropark” 2020-yilda bir oydan ortiq davom etgan Rossiya hujumi va ishg‘olidan so‘ng qayta tiklandi.

“Bu hududning hammasi Rossiya harbiylari tomonidan bosib olingan edi”, - deydi park landshaft dizayneri Olga Lihvar.

“Rossiya qo'shinlari chiqib ketganda, parkning traktor va odam tashuvchi elektromobillari ham g’oyib bo’lgandi, - dedi u. - Bog’ ichida joylashgan uch qavatli mehmonxona esa poydevorigacha buzib tashlangan”.

Hozir odamlar bog’ga “tabiat bilan qayta bog'lanish” uchun kelmoqda, deydi Olga bombadan vayron bo'lgan mehmonxonadan qolgan yagona eshik yonida turib.

“Odamlar bu yerga kelib, hayotning kuchini his qilishadi, nima bo'lishidan qat'i nazar, hayot davom etayotganiga amin bo’lishadi, - dedi u. - Biz yashashda davom etishimiz va atrofimizdagi narsalarda quvonch va go‘zallikni topishimiz kerak”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG