Musulmon va arab amerikaliklar 20 yillik Demokratlar partiyasiga sodiqlikdan voz kechib, so’nggi saylovda ovozlarini Donald Tramp va uchinchi partiya nomzodlari o'rtasida taqsimlashga qaror qilgan. Ikki nufuzli tashkilotning dastlabki xulosalari shundan dalolat beradi.
Ushbu o'zgarishga Bayden ma'muriyatining G'azodagi urushga munosabati sabab bo'ldi. Bu holat muhim shtat bo'lgan Michiganda Trampning g'alaba qozonishga yordam berdi. Natijada u Vitse-prezident Kamala Xarrisni mag'lub etib, Oq uyga ikkinchi bor qaytdi.
Amerika-Islom Munosabatlari Kengashi (CAIR) tomonidan o'tkazilgan, 1300 dan ortiq saylovchi qatnashgan so'rovnomaga ko'ra, musulmon saylovchilarning 50 foizdan kamrog'i Xarrisni qo'llab-quvvatlagan. Bu 2020-yilda Baydenni qo'llab-quvvatlagan taxminan 65-70 foizlik ko'rsatkichdan ancha past.
Musulmon ovozlarining katta qismi Yashillar partiyasi nomzodi Jill Steinga berildi. U Isroilga AQSh harbiy yordamini to'xtatishni taklif qilgan edi. Qolgan ovozlar Trampga berilgan. Michigan shtatida bir qancha arab va musulmon jamoat rahbarlari hamda saylangan amaldorlar uni qo'llab-quvvatlagan.
Musulmon ovozlarining to'liq manzarasi hali aniq emas. CAIR so'rovnomasi AP axborot agentligining “Votecast” so'rovnomasidan farq qiladi. AP ma'lumotlariga ko'ra, vitse-prezident umumiy musulmon ovozlarining 63 foizini olgan.
CAIRning hukumat ishlari direktori Robert MakKouning aytishicha, so'rovnoma natijalari so'nggi 20 yil davomida musulmon amerikaliklar demokratlar nomzodlarini qo'llab-quvvatlab kelgan an'anadan keskin farq qiladi.
"20 yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta musulmon jamoasi uch nomzod o'rtasida bo'linib ketdi," - dedi MakKou “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Arab Amerikaliklar Instituti prezidenti Jeyms Zogbining ta'kidlashicha, musulmon saylovchilarining bu harakati arab amerikalik saylovchilar orasida ham aks-sado berdi. Ular 20 yildan ortiq vaqt mobaynida respublikachilarga nisbatan demokrat nomzodlarini ikki barobar ko'proq qo'llab-quvvatlab kelgan.
Institut saylovdan oldin so'rovnoma o'tkazmagan. Biroq saylov oldidan o'tkazilgan so'rovlar arab ovozlari Tramp va Xarris o'rtasida 42% va 41% nisbatda bo'linishini ko'rsatgan va Zogbining aytishicha, saylov natijasi bu tafovutni aks ettirgan.
"G'azo voqealari bunga ta'sir ko'rsatdi va jamiyatning men kutmagan qatlamlari orasida katta norozilik uyg'otdi, - dedi Zogbi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. - G'azoda bo'layotgan voqealar ularga juda kuchli ta'sir ko'rsatdi".
Taxminan, 3,7 million amerikaliklar arab mamlakatlaridan kelib chiqqan va taxminan shuncha odam musulmon amerikaliklar sifatida tasniflanadi. Har ikkala guruh ham juda xilma-xil bo'lib, konservativ yoki progressiv bo'lishidan qat'i nazar, har bir arab va musulmon amerikalikni ma'lum bir toifaga kiritib bo'lmaydi.
Michigan shtatida, ayniqsa Diborn, Diborn-Xeyts va Xamtramk hududlarida arab va musulmon amerikaliklar orasidagi norozilik yaqqol ko'zga tashlandi.
Aholisining 55 foizidan ortig'i Yaqin Sharq kelib chiqishiga ega bo'lgan Dibornda Tramp ovozlarning 42 foizidan ortig'ini oldi, bu to'rt yil avvalgi 30 foizdan yuqori. Baydenga 70 foiz ovoz bergan jamoa bu safar Xarrisga atigi 36 foiz ovoz berdi.
Yaqin atrofdagi, AQShdagi birinchi musulmon ko'pchilikni tashkil etuvchi shahar Xamtramkda, Tramp ovozlarning 43 foizini oldi; bu 2020-yildagi 13 foizdan keskin yuqori. Xarris esa atigi 46 foiz oldi; bu Bayden to'rt yil avval olgan 85 foizdan ancha past.
Steyn Xamtramkda 9 foiz va Dibornda 18 foiz ovoz oldi.
Musulmon va arab ovozlarining yo'qotilishi Xarrisning Michigan va uning 15 saylov ovozini qo'lga kiritish imkoniyatiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Musulmon saylov huquqlari guruhi “Emgage” taxminiga ko'ra, Michiganda 200 000 dan ortiq ro'yxatga olingan musulmon saylovchi bor. So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, Tramp bu shtatda taxminan 84,000 ovoz farqi bilan g'alaba qozondi.
Diborn shahridagi ko'chmas mulk agenti va siyosiy faol Samraa Luqman uchun bu o'zgarish kutilmagan emas edi.
O'zini chapga moyil demokrat deb ta'riflovchi Luqman, kuz oyida Baydenning qayta saylanishi uchun kampaniya olib borganini, ammo uning ma'muriyati G'azoda tinchlik o'rnatishga erisholmagandan so'ng pozitsiyasini o'zgartirib, Trampni qo'llab-quvvatlaganini aytdi.
"Men [Trampga] asosan genotsid uchun javobgarlikni ta'minlash maqsadida ovoz berdim; shuningdek, u lavozimga kirganda bu darhol to'xtatiladi degan umiddaman," - dedi Luqman “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Uning yaman-amerikalik oilasida ovozlar Tramp va Steyn o'rtasida bo'lingan.
"Asosiy sabab Xarrisning saylovda g'alaba qozonmasligini ta'minlash edi," - dedi Luqman.
2000-yilgacha arab va musulmon amerikaliklar respublikachilar tarafida bo'lib, o'sha yilgi murosasiz saylovlarda Jorj Bush uchun ovoz berishgan.
Bu 9/11 hujumlaridan keyin, Bush ma'muriyati terror bilan kurashishni e'lon qilgani va islamofobiya to'lqini ko'tarilganidan so'ng o'zgardi.
So'nggi yillarda ba'zi musulmonlar, Demokratik partiya ularning qadriyatlarini ifoda etmaydi degan ishonch tufayli, yana Respublikachilar partiyasiga qayta boshladi.
Luqmanning aytishicha, G'azodagi urush bu qatlamga respublikachilar yoki uchinchi partiya uchun ovoz berishga qo'shimcha turtki berdi.
"Bu demokratlar uchun bu saylovda oxirgi nuqta bo'ldi," - dedi u.
G'azo arab va musulmon saylovchilar uchun yagona dolzarb masala emas edi. Ish joylari va inflyatsiya kabi kundalik hayotiy masalalar ko'p ovozlarga ta'sir ko'rsatdi.
"Menimcha, bu yerda yashaydigan har bir kishi ularga ta'sir qiladigan masalalarga e'tibor beradi: iqtisodiyot, oilalarga ta'sir ko'rsatadigan ta'lim tizimi," - dedi Xamtramkdagi bangladesh-amerikalik jamoat faoli Asm Kamal Rahman.
Demokrat bo'lgan Rahman, asosan, Trampning iqtisodiy rejasi tufayli unga ovoz berganini, bu uning birinchi respublikachilar uchun ovozi ekanligini aytdi. Ammo ushbu maqola uchun intervyu berilgan ko'plab saylovchilar kabi, u ham oilasi bo'lingani, qizi Steyn uchun ovoz berganini aytdi.
Ushbu saylovdagi yana bir muhim saylovchi masalasi - noqonuniy immigratsiya ba'zi musulmon va arab saylovchilarning e'tiborini tortdi.
"Men karyerasi siyosatchi bo'lgan odamlarning ochiq chegaralar kabi oddiy amerikaliklarga zarar yetkazadigan siyosatni targ'ib qilishidan charchadim," - dedi Dibornlik ma'lumotlar tahlilchisi Nagi Almudegi; u respublikachilar uchun ovoz berganini aytdi.
Saylov kampaniyasining so'nggi kunlarida Tramp Michigandagi arab va musulmon saylovchilarni o'ziga og'dirishga harakat qildi; G'azodagi mojaroni va boshqa tashqi urushlarga barham berishni va'da qildi va bu xabar ko'pchilikka ta'sir qildi. O'tgan hafta u Xamtramkka tashrif buyurdi. U yerda yaman millatiga mansub shahar meri Amer G'olib uni qo'llab-quvvatladi; bu ba'zi shahar kengashi a'zolarining noroziligiga sabab bo'ldi.
"Uning bu harakati e'tibordan chetda qolmadi," - dedi bangladesh-amerikalik faol Rahman.
Xarris G'azoda tinchlik o'rnatishni qo'llab-quvvatlagan va qisqa kampaniyasi boshida ba'zi jamoat faollari bilan uchrashgan bo'lsa-da, arab va musulmon saylovchilarni o'ziga jalb qilish uchun yetarlicha harakat qilmagani uchun tanqidga uchradi.
"Menimcha, bu Donald Trampga Michiganga kirib, ular bilan bevosita uchrashib, qo'l siqib, 'Men sizning ovozingizni xohlayman' deyish imkoniyatini berdi," - dedi Demokratik Milliy Qo'mitaning uzoq yillik a'zosi Zogbi.
Arizona Davlat universitetining AQShdagi Musulmonlar tajribasi markazi hamrahbari Chad Heynsning aytishicha, saylov musulmon amerikaliklar jamoasini G'azo masalasida demokratlarga mujda yubormoqchi bo'lganlar va Trampning qaytishidan xavotirlanadiganlar o'rtasida bo'lib yubordi.
"Shunday qilib, bir guruh demokratlarning, ma'lum ma'noda, zarba olganidan xursand, boshqasi esa kelgusi to'rt yil haqida chuqur tashvishda," - dedi Xarrisga ovoz bergan, musulmonlikni qabul qilgan Heyns suhbatda.