Breaking News

Oq uy Trampning G’azo kelajagi bo’yicha rejasiga oydinlik kiritmoqda


Oq uy Prezident Donald Trampning G’azo kelajagi bo’yicha rejasiga oydinlik kiritib, Tramp sektorni qayta qurish davrida hududga AQSh qo’shinlarini kiritish niyatidan yiroq ekanini, falastinliklar esa G’azodan vaqtincha ko’chirilishini bildirdi.

Xalqaro hayot - 6-fevral, 2025-yil - Oq uy Trampning G’azo kelajagiga doir rejasini tushuntirmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:04 0:00

“G’azoga qo’shin kiritish nazarda tutilmagan. Amerika soliq to’lovchilari bu ishni moliyalamaydi. Sayyoramizdagi eng zo’r vositachi bo’lgan Donald Tramp mintaqadagi hamkorlarimiz bilan kelishishini anglatadi bu”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Kerolayn Levit.

Trampning Qo’shma Shtatlar G’azoni olib uni oromgohga aylantirishi haqidagi fikrlari Yaqin Sharqda keskin norozilikka uchrayapti. Iordaniya va Misr bunday g’oyaga qarshilik bildirib, Falastin yerlarida mustaqil davlat barpo etish zaruratiga urg’u bermoqda.

Chorshanba kuni Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Ummonda Iordaniya qiroli bilan, falastinlik rasmiylar esa Qohirada Misr tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi.

Tramp g’oyasiga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham munosabat bildirdi.

“Xalqaro huquq asoslariga sodiq qolish juda muhimdir. Har qanday etnik tozalashning oldini olish juda muhimdir”, - dedi u.

Saudiya Arabistoni Falastin davlatini barpo etish rejasida qat’iy ekanini ta’kidladi.

Tramp Saudiya Arabistoni va Isroil o’rtasida diplomatik aloqa o’rnatilishiga zo’r bermoqda. Qirollik buning uchun Falastin davlatchiligi tan olinishi kerakligini bildirib keladi.

“Muhammad bin Salmon Prezident Trampning butun dunyo qarshi chiqayotgan ushbu dahshatli rejasidan bevosita foyda ko’rayotgani yo’q”, - deydi London iqtisodiyot maktabining professori Madavi Rashid.

Trampning falastinliklarni G’azodan ko’chirish taklifini nafaqat AQShning Xitoy va Rossiya kabi g’animlari, balki Germaniya, Fransiya va Britaniya kabi ittifoqchilari ham qo’llab-quvvatlagani yo’q.

“Ularga uylariga qaytishga ruxsat berishlari kerak. Ikki davlat yechimini amalga oshirish jarayonida ularda G’azoni tiklashga imkon bo’lishi va biz ularga bu ishda yordam berishimiz kerak”, - deydi Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer.

Oq uy Tramp falastinliklarni vaqtincha ko’chirishni nazarda tutganini bildirmoqda.

“Bu joyda hech bir inson yashay olmaydi. Odamlarga bunday dahshatli, og’ir sharoitlarda yashashni taklif etishning o’zi yovuzlikdir”, - deydi Levit.

Payshanba kuni Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats qurolli kuchlarga falastinliklarning G’azo Sektorini ixtiyoriy ravishda tark etishida ko’maklashish bo’yicha reja ishlab chiqishni buyurdi.

Falastinliklar o’z yerlaridan ketmasligini aytmoqda.

“Boshimizga tushgan falokatga qaramay, yomg’ir va yomon ob-havoga qaramay, tepamizda tom yo’qligiga qaramay, odamlar o’z mamlakati, o’z yerlaridan voz kechmaydi”, - deydi Qosim Abu Hasun ismli bir g’azolik.

Isroil rahbarlari Trampning g’azoliklarni sektordan ko’chirish rejasini olqishlamoqda

"Prezident Trampning dadil rejasini olqishlayman. G’azo ahliga ketish erkinligi berilishi kerak”, - deydi Isroil mudofaa vaziri.

Unga ko’ra, Isroilni G’azo siyosati uchun eng ko’p tanqid qilgan Ispaniya, Norvegiya kabi mamlakatlar falastinliklarni qabul qilishi kerak.

"Prezident Trampning ushbu rejasi 7-oktabr voqealariga javobdir. Yurtimizda eng qonli qatliomga qo’l urganlar o’z yerlaridan umrbod mahrum bo’ladilar”, - deydi Isroil Moliya vaziri Bezalel Smotrich.

XAMAS so’zlovchisi Sami Abu Zuhri Trampning izohini kulgili va ahmoqona deb atadi, mintaqada tartibsizlik va ziddiyatlar keltirib chiqarishini aytdi.

Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur qarshi taklif bilan chiqdi.

"G’azo Sektori bizning mamlakatimiz va uyimiz, Falastinning bir parchasi. Boshqa uyimiz yo’q. Falastinliklarni yaxshi va baxtiyor joylarga yubormoqchi bo’lganlar ularga Isroildagi asl uylariga qaytishiga imkon berishi kerak. U yerda ajoyib joylar bor va falastinliklar bu joylarga jon-jon deb qaytadi”, - dedi Mansur.

AQShning “Nyu-York Tayms” gazetasi Trampning falastinliklarni G’azodan ko’chirish taklifini XAMAS va arab davlatlari rahbarlarini kelishishga majburlovchi muzokara taktikasi deya atamoqda. Maqola mualliflari Tramp bu rejasidan voz kechishi evaziga o’ziga kerakli kelishuvlarga erishishga umid qilayotganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG