Breaking News

Isroil rahbariyati Trampdan nimalarni kutmoqda?


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu kelasi hafta Vashingtonda bo’lib, Oq uyda Prezident Donald Tramp bilan uchrashmoqchi.

Xalqaro hayot - 28-yanvar, 2025-yil - Isroil rahbariyati Trampdan nimalarni kutmoqda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:44 0:00

Isroil rahbarlari Trampning ikkinchi prezidentlik muddatidan ko’p narsalarni kutmoqda.

Tramp G’azo tiklangunga qadar falastinliklarni Misr va Iordaniyaga yuborish taklifini olg’a surgan, biroq bu ikki mamlakat va XAMAS bunga qarshi chiqmoqda, Isroildagi ayrim siyosatchilarga esa bunday ssenariy qo’l kelardi.

“Birgalikda ishlab, AQSh-Isroil ittifoqini yanada yuksak cho’qqilarga ko’taramiz. Ishonchim komilki, biz Eron terror o‘qini mag‘lub etib, mintaqa uchun tinchlik va farovonlikning yangi davrini boshlaymiz”, - dedi Netanyaxu.

Isroildagi ayrim tahlilchilar fikricha, Isroil Tramp yordamida Eron yadro dasturini batamom vayron qilishni ko’zda tutmoqda. Isroil hujumlari natijasida Eron havo mudofaasi tizimlari hamda Tehronning G’azo va Livandagi proksilarining zaiflashgani bu ishni yanada qulaylashtirishi mumkin, deydi ular.

“Isroil Eron rejimi rahbariyati va yadro dasturidan nihoyat qutulish uchun Tramp ma’muriyatining yordami, hamkorligi, ishtiroki va axloqiy ravshanligiga muhtoj”, - deydi Quddusdagi Xavfsizlik va tashqi masalalar markazidan Den Dayker.

Biroq hamma tahlilchilar ham Tramp Isroilga Eronga qarshi harbiy harakatlarda yordam berishiga ishonmaydi.

“U oldin kelishishga harakat qiladi. Oldin voz kechgan kelishuvidan boshqasiga. Mana shu Tramp uchun ustuvor vazifa bo’ladi”, - deydi Isroil milliy xavfsizlik kengashining sobiq direktori Xelit Barel.

Tramp birinchi prezidentlik muddati paytida Isroil va Fors ko’rfazidagi ayrim arab davlatlarini yarashtirishga yordam bergan va “Ibrohim kelishuvlari” deb nomlanuvchi tashabbusni kengaytirib, Isroil va Saudiya Arabistoni o’rtasida diplomatik aloqalar o’rnatilishiga bosh bo’lmoqchi.

“U asr kelishuvini amalga oshirgan shaxs bo’lishni istaydi. Isroil ko’rfaz davlatlari bilan aloqalarini qanchalik yaxshilasa, ular Eron, “Islomiy davlat” kabi xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashda ko’proq hamkorlik qiladi, shunda Amerikaga kamroq ish qoladi”, - deydi Tel-Avivdagi Bar-Ilan universitetidan Jonatan Raynold.

Saudiya Arabistoni Isroil bilan tinchlik bitimini Falastin davlatchiligining barpo etilishiga bog’lab keladi, biroq Isroildagi o’ng qanot hukumat bunga qarshi.

Tahlilchilar mana shu omil Tramp va Isroil rahbarlari o’rtasida ziddiyatlarga olib kelishini taxmin qiladi.

“Tramp G’arbiy Sohilda biror Falastin tuzilmasining paydo bo’lishiga olib keluvchi kelishuvga erishishga, Isroil bilan bu masalani nihoyat hal qilishga harakat qiladi. Isroil esa birinchi qatorda turib, turli xil muqobil variantlar taklif qilishi kerak bo’ladi”, - deydi Dayker.

Prezident Tramp barcha urushlarni tugatishga so’z bergan, Isroil u va XAMAS o’rtasida otashkesimga erishilishida aynan Trampning hissasi tan olinmoqda.

Biroq Yaqin Sharqdagi mojarolarga davomiy yechimlar topish Oq uyga qaytgan AQSh prezidenti uchun qiyinroq vazifa bo’lishi kutilmoqda.

Bu o’rtada Isroil hujumlarida uylarini tark etgan 650 ming g’azolik asta-sekin ortga qaytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG