AQShning yangi Mudofaa vaziri Pit Xegset Pentagon binosiga kirib kelmasidan turib mamlakat qurolli kuchlarida ko‘plab o‘zgarishlar bo‘lishini va’da qildi.
Jangovar xizmatlarda katta mukofotlarga sazovor bo‘lgan sobiq harbiy va ilgari “Fox News” telekanalida boshlovchilik qilgan Xegset o‘zining ilk to‘liq ish kunida Pentagon eshigi oldida qo’shma shtab raisi general Charlz Braun tomonidan kutib olindi.
Xegset mudofaa vaziri sifatida xizmat qilish umrining eng yuksak sharafi ekanligini aytib, jurnalistlarga Mudofaa vazirligi endi tezroq sur’atda faoliyat yuritishini bildirdi.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentining qonuniy buyruqlari bu idorada hech qanday bahona qilinmaydi va tezkor ijro etiladi, - dedi Xegset. - Biz mas’uliyatni aniq belgilaymiz.”
Juma kuni kechqurun Senatda 51-50 ovoz bilan tasdiqlangan Xegset Vitse-prezident J.D. Vensning hal qiluvchi ovozi bilan tasdiqqa erishdi.
U shanba kuni qasamyod qabul qildi va ertasiga Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan, Pentagon ta’rifiga ko‘ra, “tanishtiruv suhbati” o‘tkazdi.
Dushanba kuni Pentagonga kirishidan avval u jurnalistlarga shunday dedi:
“Biz o‘z ittifoqchilarimiz uchun eng ishonchli hamkor va bizni sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlarga eng qat’iy raqib bo‘lamiz.”
Xegsetning aytishicha, Prezident Donald Tramp harbiy sohaga ta’sir ko‘rsatadigan bir qator qo‘shimcha ijro buyruqlarini imzolashi kutilmoqda. Ular qatoriga Isroilning “Temir gumbaz” (Iron Dome) tizimiga o‘xshash Amerika raketa himoya tizimini joriy etish, Pentagon tarkibidan “xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik” tashabbuslarini olib tashlash hamda “COVID-19”ga qarshi emlashdan bosh tortgani uchun ishdan bo‘shagan harbiy xizmatchilarni qayta safga olish kabi choralar kiradi.
Shuningdek, Xegsetning so‘zlariga ko‘ra, Pentagon Trampga Amerika janubiy chegarasini mustahkamlash uchun barcha zarur resurslarni taqdim etadi.
“Chegarada nimaga ehtiyoj bo‘lsa, shuni yetkazib beramiz, - dedi mudofaa vaziri. - Bu avvalgi ish uslubidan jiddiy farq qiladi”.
“Qo‘shma Shtatlar Konstitutsiyasi, qonunlari hamda Bosh qo‘mondon ko‘rsatmalari asosida o‘z hududiy yaxlitligini, jumladan janubiy chegarani, rezervistlar, milliy gvardiya va faol harbiylar yordamida himoya qilishda davom etadi,” - deya qo‘shimcha qildi u.
2021-yil avgust oyida Afg‘onistondan chiqib ketishdan oldin Amerika bilan hamkorlik qilgan afg‘onlar taqdiri haqida so‘rashganda, Xegset shunday javob berdi:
“Afg‘onistonda yuz bergan voqealar bo‘yicha mas’uliyat aniqlanishi va biz o‘z hamkorlarimizni zarur paytda qo‘llab-quvvatlashimiz shart”.
Shu bilan birga, u qo‘shma shtab raisini iste’foga chiqarish niyati bormi, degan savolga shnday javob berdi:
“Hozir men u bilan yonma-yon turibman. U bilan hamkorlik qilishni orziqib kutyapman”.