Breaking News

AQSh harbiylari va razvedka idoralariga sun'iy idrokdan kengroq foydalanish buyurildi


Pentagon va AQSh razvedka idoralari milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun sun’iy idrokni tezroq qabul qilish va joriy etish bo’yicha yangi ko‘rsatmalar oldi.

AQSh Prezidenti Jo Bayden yangi milliy xavfsizlik memorandumining bir qismi sifatida ushbu ko‘rsatmani imzoladi. Maqsad — AQShning sun’iy idrok texnologiyasida yetakchi o‘rinda qolishini ta’minlash, shu bilan birga, Xitoy kabi raqiblar tomonidan qo‘llanilayotgan sun’iy idrok vositalaridan mamlakat zarar ko‘rishining oldini olishdir.

Sun’iy idrok “davrni belgilovchi texnologiya” deb atalgan ushbu memorandumda Oq uy sun’iy idrokning inson huquqlari va fuqarolik erkinliklariga zarar yetkazish ehtimollarining oldini olish uchun ko‘rsatmalar belgiladi.

“Yangi qoidalar milliy xavfsizlik idoralarimizning ushbu texnologiyalardan qadriyatlarimizga mos keladigan tarzda foydalanishini ta'minlaydi”, - dedi yuqori lavozimli ma’muriyat rasmiysi jurnalistlarga, memorandum rasmiy e’lon qilinishidan oldin anonimlik sharti bilan.

Rasmiyning qo‘shimcha qilishicha, sun’iy idroktni tezroq tatbiq etmaslik “raqobatchilar tomonidan strategik kutilmagan hodisalar xavfiga duchor qilishi mumkin”.

“Chunki Xitoy kabi davlatlar sun’iy idrok yordamida o‘z harbiy va razvedka imkoniyatlarini modernizatsiya qilish va inqilobiy o‘zgartirish imkoniyatlarini tan olmoqda, shuning uchun milliy xavfsizlik hamjamiyatimizning zamonaviy sun’iy idrokni qabul qilish va qo‘llash jarayonini tezlashtirish juda muhim”, — dedi rasmiy.

Biroq ayrim fuqarolik erkinliklarini himoya qiluvchi faollar yangi ko‘rsatmalarda yetarli darajada himoya choralarining yo‘qligidan xavotir bildirmoqda.

“Sun’iy idrokning katta xavflari tan olingan bo‘lsa-da, bu xavflardan himoya qilish choralari yetarlicha kuchli emas”, - deydi Amerika Fuqarolik erkinliklari ittifoqi vakili Patrik Tumi o’z bayonotida.

“Milliy xavfsizlik idoralari o‘zlarini nazorat qilishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak, chunki ular AQSh aholisini tobora kuchli yangi texnologiyalarga duchor etmoqda”, — dedi Tumi.

Yangi ko‘rsatmalar o‘tgan yili chiqarilgan ijro buyrug‘iga asoslanadi, unda barcha AQSh hukumat idoralariga sun’iy idrok texnologiyasidan foydalanish bo‘yicha aniq rejalar va qoidalar ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan edi.

Shuningdek, ular Vashingtonning sun’iy idrokni milliy xavfsizlik tizimlariga tezroq qo‘shish imkoniyatini cheklashi mumkin bo‘lgan masalalarni hal qilishga qaratilgan.

Memorandumda keltirilgan qoidalar sun’iy idrok tizimlari uchun juda muhim bo‘lgan ilg‘or kompyuter chiplarini ishlab chiqaruvchi ta’minot zanjirlarini himoya qilish bo‘yicha bir qator choralarni ko‘rishga chaqiradi. Shuningdek, AQShning raqiblari yoki boshqa davlat kompaniyalari tomonidan muhim innovatsiyalarni o‘g‘irlashga yo‘l qo‘ymaslik uchun iqtisodiy josuslikka qarshi qo‘shimcha choralar ko‘rishga da’vat etadi.

“Biz buni to‘g‘ri amalga oshirishimiz kerak, chunki, ehtimol, kelgusi yillarda milliy xavfsizligimiz uchun bundan muhimroq texnologiya bo‘lmaydi”, — dedi Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Vashingtondagi Milliy Mudofaa universitetida tinglovchilar oldida so‘zlagan nutqida.

“Hamma narsa xavf ostida, — dedi u. - Agar biz o‘z ustunliklarimizdan foydalanish uchun aniqroq harakat qilmasak, sun’iy idrokni milliy xavfsizligimizni mustahkamlash uchun tezroq va kengroq qo‘llamasak, mashaqqat bilan qo‘lga kiritgan yetakchiligimizni boy berish xavfi bor”.

“Biz eng yaxshi jamoaga ega bo‘lishimiz mumkin, lekin uni ishga tushirmasak yutqazishimiz mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Memorandumda AQSh manfaatlarini himoya qilish uchun sun’iy idrok texnologiyalarini joriy etishga asosiy ahamiyat berilgan. Shuningdek, memorandum rasmiylarga sun’iy idrok texnologiyalarini global miqyosda barqaror va xavfsiz tarzda qo‘llash uchun xalqaro hamkorlikning ham muhim ekanligini ta’kidlaydi.

“Milliy xavfsizlik memorandumining muhim vazifalaridan biri asosiy tamoyillarni belgilashdan iborat”, — dedi Sallivan, G-7 bilan davom etayotgan muzokaralar va Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi sun’iy idrokga oid rezolyutsiyalarni tilga olib.

“Biz butun dunyo bo‘ylab odamlarning bu texnologiyadan foyda olishi va xavflarni kamaytira olishini ta'minlashimiz kerak”, — dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG