AQSh harbiy kemalari va qiruvchi samolyotlari Isroilni qo'llab-quvvatlash hamda Amerika mudofaasini kuchaytirish uchun Yaqin Sharq va unga yaqin hududlarga yo'l olmoqda.
Tehron va unga aloqador guruhlar Livandagi Hizbulloh oliy qo‘mondoni va XAMAS terror guruhining Eron hududidagi siyosiy rahbari o‘ldirilgani uchun qasos olishga va’da berganidan so‘ng AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin qo‘shimcha kuchlar va imkoniyatlarni Yaqin Sharq va Yevropaning ayrim hududlariga ko‘chirish to‘g‘risidagi buyruqni imzoladi.
Yangi buyruq asosida “USS Abraham Lincoln” aviatashuvchisi ballistik raketalarni urib tushirishga qodir dengiz kreyserlari va esmineslari bilan birga Yaqin Sharqqa yuboriladi.
Bundan tashqari, AQSh mintaqaga qo‘shimcha qiruvchi samolyotlar guruhi va quruqlikdagi raketalarga qarshi mudofaa imkoniyatlarini joylashtirish choralarini ko‘rmoqda.
Pentagon kemalar va samolyotlar qachon yetib borishini aytmadi, biroq juma kungi bayonotida bu harakatlar “Eron yoki Eronning sheriklari tomonidan mintaqaviy tahdid kuchayishi ehtimolini yumshatish” uchun zarur deb taʼrifladi.
Bayonotda aytilishicha, shuningdek, mintaqaga ko'proq harbiy imkoniyatlarning yo’naltirilishi "AQSh kuchlarining himoyasini yaxshilash, Isroil mudofaasiga ko'makni kuchaytirish va Qo'shma Shtatlar turli kutilmagan vaziyatlarga javob berishga tayyor bo'lishini ta'minlash"ga qaratilgan.
Yangi buyruq Ostin Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant bilan qo'ng'iroqlashuv paytida Isroilga qo'shimcha yordam berishga va'da berganidan bir necha soat o'tib e’lon qilindi.
O‘tgan hafta Isroilning Livandagi hujumi natijasida Hizbullohning oliy harbiy qo‘mondoni Fuad Shukur halok bo‘lganidan so‘ng mintaqadagi keskinlik sezilarli darajada kuchaydi. Shundan so‘ng Tehronga Eron yangi prezidentining inauguratsiyasini nishonlash uchun kelgan XAMAS siyosiy yetakchisi Ismoil Haniya ham o‘ldirildi.
Isroil Haniyaning o‘limi uchun javobgarlikni oshkora zimmasiga olmadi, biroq Eronning oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy mas’uliyatni Isroil zimmasiga yukladi va qasos olishga chaqirdi.
“Jinoyatchi, terrorchi sionistik rejim aziz mehmonimizni hududimizda shahid qilib, qayg‘uga sabab bo‘ldi, biroq og‘ir jazoga zamin hozirladi”, deb yozdi Xamanaiy X ijtimoiy tarmoq platformasida.
"Qasos olish bizning burchimiz", deya qo'shimcha qildi u boshqa postda.
Eron rasmiylari Eronga aloqador ko’riladigan guruhlar, jumladan, Xamas, Hizbulloh, Yaman hutiylari hamda Iroq va Suriyadagi jangari guruhlar bilan keyingi qadamlarni rejalashtirish uchun uchrashuv belgilanganini ma’lum qildi.
"Eron va qarshilik fronti bunga qanday javob berishi hozirda ko'rib chiqilmoqda", - dedi Eron Qurolli kuchlari rahbari general-mayor Muhammad Bag'iriy Eron davlat televideniyesi orqali.
“Bu albatta sodir boʻladi va sionistik rejim [Isroil] shubhasiz bundan afsuslanadi”, - deya qoʻshimcha qildi u.
Ammo ziddiyat mintaqaviy urushga aylanib ketishining oldini olishga intilayotgan AQSh rasmiylari ayni paytda Vashington Isroilni himoyasiz qoldirmasligini qayta-qayta ta’kidlamoqda.
AQSh Prezidenti Jo Bayden va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu o‘rtasida bo‘lib o‘tgan qo‘ng‘iroq chog‘ida “Isroilning tahdidlardan, shu jumladan, ballistik raketalar va uchuvchisiz uchoqlardan mudofaasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlar, jumladan, AQShning yangi mudofaa va harbiy imkoniyatlaridagi ko’chirilishlar muhokama” qilingan.
Yaqin Sharqqa yo'l olgan qo'shimcha kemalar va jangovar samolyotlardan tashqari, mintaqada AQShning 4000 ga yaqin askari bor.
“USS Teodor Ruzvelt” aviatashuvchisi ham Yaqin Sharqda joylashgan. “USS Abraham Linkoln” aviatanosetsi yetib kelgach, u mintaqani tark etishi kutilmoqda.
Bu AQShning Isroilni Eron hujumidan himoya qilish uchun mudofaa qobiliyatini birinchi marta kuchaytirishi emas.
O'tgan aprel oyida AQSh Eron tomonidan uchuvchisiz dronlar va raketa hujumining oldini olish uchun Buyuk Britaniya, Iordaniya, Saudiya Arabistoni va Yaqin Sharqdagi boshqa ittifoqchilar bilan muvofiqlashtirgan holda dengiz esmineslari va boshqa harbiy vositalarni mintaqaga ko'chirgan edi.
Eron va unga aloqador guruhlar uchirgan raketa va dronlarning taxminan 99 foizi nishonga tegmagan. Ular Isroilga yana bir havo hujumini amalga oshirishga urinib ko'radimi yoki yo'qmi, bu noma’lum.