AQSh Vitse-prezidenti va prezidentlik uchun demokratlar nomzodi Kamala Harrisning aytishicha, u Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashuvda G’azoda urushni tugatish va garovdagilarni uyga qaytarish uchun XAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish lozimligini aytgan.
Harris Netanyaxu bilan ochiq va konstruktiv suhbat o‘tkazganini, Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini tasdiqlagan holda to‘qqiz oylik urush davomida G‘azodagi qurbonlar sonidan va u yerdagi “qo‘rqinchli” gumanitar vaziyatdan chuqur xavotirda ekanini aytgan.
Harris 39 000 dan ortiq falastinlik halok bo'lgan G'azodagi shafqatsiz urushni tugatish vaqti kelgani haqidagi Jo Bayden qarashlarini takrorladi.
Netanyaxu esa Kongressdagi chiqishida urushni himoya qilgan hamda XAMASga qarshi "to'liq g'alaba" qozonishni va'da berib, o't ochishni to'xtatish bo'yicha muzokaralarni deyarli tilga olmagan.
Netanyaxu kunning boshida Bayden bilan alohida uchrashdi. Prezident Bayden ham Isroil rahbarini G’azoda sulhga erishish bo'yicha uch bosqichli kelishuvni amalga oshirishga chaqirdi.
Harrisning so’nggi gaplari Bayden ma'muriyati isroilliklarga kelishuvga erishish bo’yicha bosimni kuchaytirayotganini ko’rsatadi.
“Oʻtgan toʻqqiz oy ichida Gʻazoda sodir boʻlgan voqealar halokatli. O'lgan bolalar va umidsiz, och odamlarning xavfsizlik uchun qochayotgani, ba'zan ikkinchi, uchinchi yoki to'rtinchi marta qochayotgani haqidagi tasvirlar… - deya Harris G’azodagi holatni tasvirladi. - Biz bu fojialarga befarq qaray olmaymiz. Biz o'zimizni bu azob-uqubatlar oldida e’tiborsiz tuta olmaymiz. Men jim tura olmayman".