Breaking News

Isroil rahbari Vashingtonga safarini boshlamoqda


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Vashingtonga safarini boshlar ekan, G’azodagi beayov urush masshtablari Livandan tortib Yaman hududlariga qadar kengaymoqda. AQSh poytaxtida esa amaldagi rahbar Jo Beydenning ikkinchi muddatga saylanishdan voz kechishi ortidan siyosiy sahnada tub burilishlar davri.

Netanyaxu 24-iyul kuni AQSh Kongressi huzurida so’zlaydi. Isroil rahbarining XAMAS bilan sulh muzokaralari ketayotgan bir paytda so’zlanajak nutqi okeanning har ikki tomonidagi vaziyatni izdanb chiqarishi mumkin.

Samolyotga chiqish arafasida Netanyaxu Isroil AQShda hokimiyatga kim kelishidan qat’i nazar, Isroil AQShning Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchisi bo’lib qolishiga to’xtaldi.

“Hozirgi urush va siyosiy mavhumlik davrida dushmanlarimiz AQSh va Isroil birga ekanini bilib qo’yishi kerak”, - dedi u.

Isroil rahbari ayni damda koronavirusga chalingan AQSh prezidenti Jo Bayden bilan ham muloqot qiladi. Bayden muolaja olayotgani bois uchrashuv sanasi bo’yicha biror ma’lumot berilmagan.

Netanyaxu, shuningdek, demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzodlik uchun kurashni boshlayotgan vitse-prezident Kamala Harris bilan ham muloqot qilishni rejalagan.

Ekspertlarga ko’ra, Netanyaxuning AQSh Kongressidagi nutqi bir necha auditoriyaga maxsus qaratiladi. Xususan, o’z hokimiyatini saqlab qolishi uchun kafolat bo’lgan hukumat koalitsiyasidagi ultra-millatchi ittifoqchilari, diplomatik va harbiy quvvatlovni davom ettirish uchun Jo Bayden ma’muriyati, saylovda zafar quchishi ehtimoldan holi bo’lmagan Donald Tramp va uning respublikachilar partiyasi diqqat markazida bo’ladi.

O’zining siyosiy iqtidordagi umrini uzaytirish uchun Netanyaxu bu uch auditoriyaning birortasini g’azablantirmaslikka urinadi.

Bu Netanyaxuning AQSh Kongressiga to’rtinchi murojaati bo’ladi – shu paytgacha hali biror mamlakat lideriga AQSh parlamenti huzurida buncha ko’p so’zlash imkoni berilmagan.

Bayden ma’muriyati Netanyaxudan AQSh taklif etgan tinchlik bitimi bo’yicha dadil qadamlar hamda Isroilning urushdan keyingi rejalari bo’yicha batafsil ma’lumotlar kutadi.

Netanyaxuning tashrifi chog’ida G’azoda urushni zudlik bilan to’xtatish va Falastinga o’z hududlarini qaytarib, mustaqillik berish talabi bilan yirik namoyishlar o’tishi kutiladi.

Netanyaxuning G’azoda olib borayotgan urush kursidan norozi ayrim demokrat qonunchilar uning Kongressga murojaati tadbirida qatnashmaslik bilan o’z noroziligini ifoda etishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG