Isroilning yakshanba kuni G’azo shahrida BMTga qarashli qochqinlar yordam markaziga hujumida kamida sakkiz odam o’lgan, Rafahda Qizil Xoch dala gospitali yoniga bomba tushishida esa yana taxminan 25 kishi halok bo’lgan.
Voqeaga guvoh bo’lgan Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasining vakili Uilyam Shomburg manzarani ta’riflar ekan, portlash oqibatida jasadlar tilka-pora bo’lganini, ularni terishga to’g’ri kelganini aytadi.
G’azo Sog’liqni saqlash vazirligi o’tgan yil oktabridan beri 37 mingdan ziyod odam o’lganini ma’lum qiladi.
Isroil G’azo shaharlarini yer bilan tekislashda davom etarkan, Mudofaa vaziri Yoav Gallant bu hafta Vashingtonda, amaliyot qanday ketayotganini muhokama qilishi va qo’shimcha harbiy yordam so’rashi kutilmoqda.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu o’tgan hafta Oq uyni Isroil so’ragan qurol va o’q-dorilarni bermayotganlikda aybladi.
Isroil rahbari otashkesim bo’yicha sulh Isroilga to’g’ri kelishi kerakligini aytadi.
“Agar kelishadigan bo’lsak, kelishuv bizning shartimiz asosida bo’ladi va bizning hozircha urushni tugatish, G’azodan ketish, XAMASni hokimiyatda qoldirish niyatimiz yo’q. Uni yakson qilamiz”, - dedi Netanyaxu.
Isroil Livan bilan chegarada ham amaliyot olib bormoqda, mamlakat ichkarisiga qo’shin kiritishga tayyor ekanini bildirmoqda.
“Hizbulloh” bilan kattaroq urush bo’lishidan xavotirga tushgan xorijliklar Livanni tark etmoqda.
Harakat rahbari Said Hasan Nasrulloh Isroil Livanga qarshi harbiy harakat boshlasa, Isroilda birorta xavfsiz joy qolmasligi haqida ogohlantirdi. Bunga javoban Netanyaxu Bayrutga G’azoning kunini solishi haqida do’q-po’pisa qildi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish xalqaro hamjamiyatni kattaroq mojaroning oldini olishga chaqirdi.
Mutaxassislar “Hizbulloh” XAMASdan ancha qudratliroq ekanini, tasarrufida Isroilning har bir shahrini nishonga olishga imkon beruvchi minglab dron va raketalari borligini aytadi.
“Bolalarni asrang” xalqaro tashkilot ma’lumotiga ko’ra, urush boshidan beri G’azoda 21 mingdan ziyod bola bedarak ketgan.
Guruh vakili Aleksandra Sayoh 4000 bolaning vayronalar ostida qolganini, 17 ming nafarining ota-onasidan ajralib qolganini taxmin qiladi, Isroil xavfsizlik kuchlari qo’lida ham falastinlik bolalarning borligi, ba’zilarining belgilanmagan qabrlarda ko’milgani aytiladi.
"Bir nechta ommaviy qabr topilib, ichidan bolalarning ham jasadlari chiqqan”, - deydi Sayoh.
Unga ko’ra, aksariyatining tanasi tanib bo’lmaydigan holatga kelgani uchun ularning shaxsini aniqlash imkoni yo’q.
"Bunga yana bir sabab oilalarning butunlay qirilgani, ularni taniydigan odamlar, qarindoshlarining o’lganidir”, - deydi ayol.
Tashkilot hisobotida oktabr oyidan beri 33 isroillik bolaning o’lgani ham tilga olinadi.