Breaking News

Isroil va XAMAS otashkesimga hanuz kelisha olmayapti


Falastinning XAMAS harakati Isroil doimiy sulhga va harbiylarini G’azodan olib chiqishga ko’nmasa, tinchlik rejasini qabul qilmasligini bildirmoqda.

Xalqaro hayot - 5-iyun, 2024-yil - G'azoda sulhdan darak yo'q. Xanter Bayden sudda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:49 0:00

Muzokaralarda vositachilik qilayotgan Qatar taraflar pozitsiyalaridagi mavhumlikka ishora qiladi.

“Isroil mahkamasidagi vazirlarning qarama-qarshi bayonotlarini ko’ryapmiz. Biror tarafning jarayonga ishonch bag’ishlovchi bayonotini ko’rganimiz yo’q”, - deydi Qatar Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Majid al-Ansariy.

Isroil rahbarlari XAMASni yo’q qilishga, bu maqsadga erishmaguncha harbiy amaliyotlarni davom ettirishga so’z bermoqda.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu mahkamasidagi millatchi vazirlar bilan aloqani buzmaslik uchun urushni davom ettirishga majbur.

Ayni paytda muhokama etilayotgan tinchlik rejasida XAMAS garovga olgan odamlarning bir qismini ozod etish evaziga olti haftalik otashkesim taklif etilgan. Shundan so’ng taraflar doimiy sulhni muhokama qilishga o’tadi.

AQSh Isroilning kafili sifatida yahudiy davlat kelishuvga amal qilishini bildirmoqda.

“Ular o’zlaridan chiqqan taklifga amal qilishini kutib qolamiz. Bu ularning ham, XAMASning ham manfaatlariga javob beradi. Ular urushni tugatmoqchi. Buning uchun rejaga amal qilish kerak”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.

Ayrim tahlilchilar bunday optimistik yondashuvga qo’shilmaydi.

“Har ikki taraf bu rejani qabul qilsa-da, garchi bunga ishonch oz bo’lsa ham, Isroildagi siyosatni hisobga olganda kelishuvning birinchi qismiga amal qilinsa ham xursand bo’lish kerak. Ammo undan nariga o’tiladi deb o’ylamayman”, - deydi AQShning Yaqin Sharq bo’yicha sobiq muzokarachisi Aaron Deyvid Miller.

Qo’shma Shtatlar BMT Xavfsizlik Kengashida otashkesimga chaqiruvchi rezolyutsiya loyihasini taqdim etgan. Biroq unda Isroildan Rafahdagi harbiy amaliyotni bas qilish talab etilmaydi. Jazoir kengashga kiritgan parallel rezolyutsiya loyihasida esa bunday talab mavjud.

“Xavfsizlik Kengashi a’zolarining aksariyati Rafahdagi amaliyotning to’xtatilishi tarafdori. AQSh o’z rejasining jumladan Rafahda otashkesimga olib kelishiga ishontira bilishi kerak”, - deydi “Xalqaro inqirozlar guruhi”dan Richard Govan.

Biroq sektorda Isroil hujumlaridan falastinliklar o’lishda davom etarkan, tinchlikka kelishish tobora qiyinlashmoqda.

4-iyun kuni Isroilning G’azo markazi va janubiga hujumlarida kamida 19 odam, jumladan Rafahda gumanitar yordamni qo’riqlayotgan ikki politsiyachi nobud bo’lgan.

Isroil al-Burayj va al-Mag’azi qochqinlar lagerlariga hamda Dayral Balah shahriga zarba bergan.

Bu o’rtada Sloveniya parlamenti Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishga ovoz berdi. Shu bugunoq Falastin bayrog’i parlament binosi tashqarisida ko’tarilgan.

Yevropa Ittifoqidagi 27 mamlakatdan shu kunga qadar 10 tasi Falastinni tan olgan. Yaqin kunlarda Malta ham ularning qatoriga qo’shilish rejasini bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG