Breaking News

Isroil va AQSh Xalqaro jinoiy sud prokurori qarorini qoralamoqda


Isroil Bosh vaziri Benjamin Netanyahu (chapda) va Mudofaa vizir Yoav Gallant
Isroil Bosh vaziri Benjamin Netanyahu (chapda) va Mudofaa vizir Yoav Gallant

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Yoav Gallant Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xonning suddan ularni hibsga olishni so’rash qarorini keskin tanqid qildi.

Xalqaro hayot - 21-may, 2024-yil - Raisiy bilan vidolashuv. Isroilning XJS ga tanqidi.
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:30 0:00

"Isroilning demokratik ravishda saylangan rahbarlarini hibsga olishni so’rash haqidagi Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xonning jirkanch qarorini tarixiy ko’lamdagi ma’naviy jirkanchlik deb bilaman. Bu xalqaro sud sha’niga abadiy dog’ tushiradigan qarordir”, - dedi Netanyaxu.

Prokuror Isroil bosh vaziri va mudofaa vazirini G’azoda o’tgan yil oktabridan beri davom etayotgan harbiy amaliyot paytida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ayblamoqda.

"Idoramiz tomonidan qo’lga kiritilgan va o’rganilgan dalillar asosida Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Yoav Gallant 8-oktabrdan beri Falastin hududida xalqaro jinoyatlarga qo’l urganiga ishonish uchun menda mantiqiy asos bor. Ochlikdan tinch aholiga qarshi urush usuli sifatida foydalanish, unga ataylab katta azob yetkazish, shafqatsiz muomala qilish, tinch aholini ataylab o’ldirish va qasddan hujum qilish, insoniyatni yo’q qilishdek jinoyatlar, ta’qiblar, g’ayriinsoniy harakatlar orqali jinoyatga qo’l urishlar shular jumlasidan”, - deydi prokuror Karim Xon.

Netanyaxu Isroil XAMAS harakatining hujumiga javob berishga, o’zini himoya qilishga majbur ekanini aytarkan, xalqaro qonun doirasida prokuror ayblovlariga qarshi kurashishga so’z berdi.

Bir necha sudyadan iborat komissiya prokuror taqdim etgan dalillarni o’rganib, qaror chiqaradi.

Isroilni AQSh Prezidenti Jo Bayden ham himoya qilib chiqdi.

“Xalqaro jinoiy sudning Isroil rahbarlarini hibsga olish haqidagi arizasini qabul qilmaymiz. Isroilni XAMASga tenglashtirish to’g’ri emas, Isroil tinch aholini himoya qilishga urinmoqda. Hozirgi voqealarni qatliom deb tan olmayman”, - dedi Bayden.

Karim Xon, shuningdek, XAMAS harakatining uch rahbari Yahyo Sinvar, Muhammad Dayf va Ismoil Xaniyani 7-oktabr kuni Isroilga hujumi paytida urush jinoyatlarini sodir etganlikda gumon qilmoqda.

G’azoliklar bundan norozi ekanini bildirmoqda.

"Ular jabrdiydani jallodga tenglashtirishyapti. O’z yurtimiz ega bo’lish huquqimiz bor. Nega endi yurtimizni himoya qilishga da’vatlar uchun, kurashimiz uchun jinoyatchi deb tamg’alashyapti bizni?”, - deydi bir g’azolik.

XAMAS hujumida 1200 ga yaqin odam, Isroil hujumlarida esa 35 mingdan ziyod falastinlikning o’lgani aytilmoqda.

Xalqaro jinoiy sud hibsga olishni buyursa-da, unda buni amalga oshirishga imkoniyat yo’q. Hibsga olinishi buyurilgan shaxslar sud nizomini imzolagan davlatlarga borsagina qo’lga tushirilishi mumkin.

Isroil, AQSh, Xitoy va Rossiya Xalqaro jinoiy sudga qo’shilmagan, uning qarorlarini bajarishi majbur emas.

AQSh Kongressidagi ayrim qonunchilar ham prokuror Karim Xonning Isroil rahbarlariga qarshi da’volarini tanqid qilmoqda. Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonel Xalqaro jinoiy sudni adolatsiz sud deb atadi.

Biroq mustaqil senator va o’tmishda Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Berni Sanders yahudiy bo’lishiga qaramay, xalqaro qonunni hurmat qilish kerak, deya bayonot chiqardi.

Irlandiyaning Yevropa masalalari bo’yicha vazirasi Jennifer Kerrol Maknil uning mamlakati xalqaro sud mustaqilligini qo’llab-quvvatlashini aytib, unga o’z ishini bajarishda halaqit bermaslikka chaqirdi.

O’tgan yili Xalqaro jinoiy sud Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni ukrainalik bolalarni urush zonalaridan Rossiyaga olib chiqganlikda ayblab, uni hibsga olishni buyurganida Amerika rahbari ham, qonunchilari ham sud qarorini olqishlagan edi. Biroq endi ular sudga nisbatan sanksiya qo’llashga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG