Isroil armiyasi G’azoga gumanitar yordam kirishi uchun kunduz kuni taktik tanaffus jory etilishi haqida ma’lum qildi.
Isroil mudofaa kuchlari dam olish kunlari XAMAS infratuzilmasiga tegishli joyda reyd o’tkazib, ko’p miqdorda qurol qo’lga kiritilganini bildirdi.
To’qqiz oydan beri davom etayotgan mojaroning keti ko’rinmaydi. Shu davr mobaynida Isroil 37 mingdan ortiq falastinlikni o’ldirgan.
BMT G’azoda ochlik xavfi haqida ogohlantirar ekan, sahar soat 5 dan 16:00 gacha e’lon qilinayotgan “taktik tanaffus” gumanitar yordamni sektorga o’tkazishda qo’l kelishini ta’kidlayapti.
“Tinch aholini himoya qilishda, unga toza suv yetkazishda, sanitariya holatini ta’minlashda ofat bilan yuzlashyapmiz. Odamlar ko’chada, sohil bo’yida, palatkalarda tunashmoqda. Oqava suvlar daryo bo’lib oqyapti”, - deydi BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi vakili Karl Skau.
15-iyun kuni XAMASning Rafah shahrida Isroil qo’shinlariga hujumida sakkiz yahudiy askar o’lgan. XAMAS ular o’tirgan bronetransportyor yo’lga o’rnatilgan minaga duch kelganini da’vo qilsa, Isroil harbiy mashinaga tankka qarshi raketa tekkan va hatto transportdagi portlovchi moddalar detonatsiya bo’lishi mumkinligini ham taxmin qilmoqda.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu voqeani “vatanni himoya qilishga qaratilgan adolatli urushning badali” deb atadi, XAMASni yo’q qilishga qayta so’z berdi.
Isroilda esa har dam olish kunlari bo’lgani kabi xalq yana ko’chaga chiqib, Netanyaxu va uning hukumatiga qarshi namoyish qildi, garovdagi vatandoshlarini ozod etish uchun XAMAS bilan kelishishga chaqirdi.
Dushanba kuni Quddusda maktab o’quvchilari ham darsdan erta chiqib namoyishda qatnashdi.
Shu kuni Netanyaxu olti siyosatchidan iborat urush mahkamasini tarqatishga qaror qildi. O’tgan hafta iste’fodagi general va sobiq mudofaa vaziri Benni Gans hamda qonunchi Gadi Ayzenkot mahkamani tark etishi ketidan shunday bo’lishi kutilgan edi. Netanyaxu endi G’azodagi harbiy amaliyotga doir masalalarni torroq doirada, Mudofaa vaziri Yoav Gallant va Strategik masalalar vaziri Ron Dermer bilan muhokama qilishi aytilmoqda.