Breaking News

XAMAS otashkesim bo’yicha BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga rozi


10-iyun kuni BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiya qabul qilib, unda Isroil va XAMASni uch bosqichda otashkesim qabul qilishga da’vat etdi. Kengashdagi 15 mamlakatdan 14 tasi, jumladan Xitoy hujjatni ma’qulladi, Rossiya betaraf bo’ldi.

Xalqaro hayot - 11-iyun, 2024-yil - BMTda G'azo bo'yicha rezolyutsiya. Tramp-Bayden tortishuvi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:58 0:00

Mazkur otashkesim rejasini 31-may kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden taklif etgan edi. Isroil uni qabul qilgan, XAMAS esa shu kungacha unga qarshilik bildirib kelayotgan edi, biroq hujjat Xavfsizlik Kengashida qabul qilinishi bilan harakat rejani olqishladi, uni amalga oshirishda vositachilar bilan hamkorlik qilishini bildirdi.

Bayden otashkesim rejasini Isroilning tashabbusi deb atagan.

AQSh, Misr va Qatar bir necha oydan beri taraflarni sulhga da’vat etmoqda.

XAMAS G’azoda urushga batamom chek qo’yilishini, Isroildan askarlarini sektordan olib chiqishni talab qiladi.

Isroil uning asosiy vazifasi XAMAS garovga olgan odamlarni ozod etish va harakatni yo’q qilish ekanini bildirib keladi.

Dushanba kuni Isroilda mamlakat rahbarlari bilan muloqot qilgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken XAMAS BMT rezolyutsiyasini olqishlaganini “umid bag’ishlovchi belgi” deb atadi.

XAMAS vakillaridan biri Sami Abu Zuhri harakat rejaga rozi ekanini ma’lum qildi.

Blinken mintaqadagi uchrashuvlari chog’ida G’azoni urushdan keyin boshqarish xususida ham gaplashmoqda.

G’azoliklar Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasini olqishlamoqda.

“Sakkiz oydan beri shu kabi rezolyutsiya qabul qilinishini kutyapmiz. Sakkiz oydan beri urushdan aziyat chekyapmiz. Bir joydan ikkinchi joyga ko’chib yuribmiz. Avval Xon-Yunusda edik, so’ng Rafahga qochdik, keyin esa vayron bo’lgan maktabda boshpana topdik”, - deydi falastinliklardan biri.

G’azoliklarning ba’zilari Isroil otashkesim rejasiga amal qilishiga ishonmaydi.

“Isroildagi ekstremist millatchi hukumat Falastin xalqini yo’q qilmoqchi, otashkesim bilan ishi yo’q. Bizni o’z yerlarimzdan haydashmoqchi, uni Isroil davlatiga qo’shib olishmoqchi, ammo biz bunga yo’l qo’ymaymiz”, - deydi Xolid Dohan ismli odam.

Qo’shma Shtatlar Isroil rejani qabul qilganini bildirmoqda, biroq Benyamin Netanyaxu hukumati bu haqda rasman e’lon qilgani yo’q hali.

BMT Isroil va XAMASni yana jinoyatlarda ayblayapti

BMTning Inson huquqlari bo’yicha oliy komissariati so’zlovchisi Jeremi Lorensning aytishicha, Isroil 8-iyun kuni G’azoning Nuseyrat qochqinlar lagerida garovdagi vatandoshlarini ozod qilishga qaratilgan amaliyot paytida ko’plab falastinliklarni o’ldirib, urush jinoyatiga qo’l urgan bo’lishi mumkin.

BMT rasmiysi XAMAS garovdagi odamlarni aholi zich rayonlarda saqlab, qonli amaliyotga turtki berganini ham urush jinoyatiga tenglashtirdi.

Isroil to’rt fuqarosini qutqarish uchun 274 falastinlikni o’ldirgan, shulardan qanchasi XAMAS vakillari ekanini bilmasligini ta’kidlaydi.

Isroil hisobiga ko’ra, XAMAS qo’lida 100 dan ortiq odam bor, shulardan kamida 40 nafari o’lgan bo’lishi mumkin.

Iordaniyada G'azo bo'yicha xalqaro anjuman

Bugun Iordaniyada G’azo bo’yicha favqulodda gumanitar anjuman o’tkazildi. Unda qatnashgan qirol Abdullaning aytishicha, G’azoda otashkesim bo’lmasa ham aholini insonparvarlik yordami bilan ta’minlash muhimdir.

Iordaniya qiroli G’arbiy Sohilda ziddiyatlarga barham berishga, mojaroning yoyilishiga yo’l qo’ymaslikka chaqirdi.

Anjumanda AQSh davlat kotibi va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham qatnashdi.

Guterrish G’azodagi vaziyatni ayanchli deb atadi, oddiy aholining ko’p sonda o’layotganiga e’tibor qaratdi, Isroil va XAMASni otashkesim bo’yicha kelishuvga erishishga chaqirdi.

Misr Prezidenti Abdul Fattoh al-Sissiy mamlakatlardan Isroilga bosim qo’yib, uni ochlikdan qurol sifatida foydalanishni bas qilishga, sektorda gumanitar yordam kirishiga to’siqlarni olib tashlashga undashni so’radi.

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Isroildan G’azo Sektoriga quruqlikdagi barcha chegaralar va o’tish punktlarini ochishni talab qilishga da’vat etdi.

Blinken anjumandagi chiqishida Qo’shma Shtatlar G’azodagi falastinliklar uchun gumanitar yordam sifatida 400 million dollardan ko’p pul ajratishini, Isroil qo’shimcha o’tish punktlari ochishga so’z berganini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG