Isroilning 26-may kuni Rafahda chodirli lagerga hujumida o’lgan falastinliklar soni 45 taga yetdi, aksariyati ayollar va bolalar.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu hujumda XAMAS jangarilari nishonga olinganini aytarkan, odamlar lagerda vujudga kelgan yong’indan nobud bo’lganini bildirdi.
"Rafahdan bir millionga yaqin odam evakuatsiya qilindi. Tinch aholiga zarar yetkazmaslikka qaratilgan harakatlarimizga qaramay, afsuski, fojia yuz berdi. Voqeani tergov qilyapmiz va bir xulosaga kelamiz, chunki siyosatimiz shunaqa”, - dedi u Quddusda qonunchilar oldida so’zlarkan.
Isroilning hujumi dunyo bo’ylab tanqidga uchradi. Qator mamlakatlar rahbarlari Isroildan BMT qoshidagi Xalqaro adliya sudining Rafahda harbiy harakatlarni to’xtatish qarorini bajarishni talab qilmoqda.
"Buni qattiq qoralayman”, - dedi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel Isroilning Rafahga hujumini nazarda tutib.
Irlandiya Tashqi ishlar vaziri Mixol Martinning aytishicha, agar Isroil Jahon sudi qarorini bajarmasa, Yevropa Ittifoqi Isroilga nisbatan sanksiya qo’llashi mumkin. Unga ko’ra, bu haqda muhokamalar boshlangan.
Isroilning o’tgan yil oktabrida G’azoda boshlangan harbiy amaliyoti natijasida 36 mingdan ziyod falastinlik o’lgan.
Dushanba kuni AQShning Nyu-York shahrida yuzlab odam ko’chaga chiqib, Isroilning so’nggi hujumini qoraladi.
Ispaniyada ham namoyishlar kuzatilgan. Odamlar Barselona shahrida Yevropa Komissiyasining qarorgohi oldida, Madridda esa Tashqi ishlar vazirligi oldida to’planib, Isroilni jazolashni talab qilishgan.
Bugun Ispaniya, Norvegiya va Irlandiya Falastinni mustaqil davlat sifatida tan oldi. Sloveniya hukumati masalani shu hafta ko’rib chiqmoqchi.
Parijda esa Falastinga xayrixoh namoyishchilar politsiya bilan to’qnashgan.