AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken nazarida, Xalqaro jinoiy sud prokurorining Isroil rahbarlarini hibsga olishni buyurish rejasi G’azoda otashkesimga kelishish harakatlariga pand beradi.
Blinken bu haqda Senatdagi tinglovda so’zladi. Amerikada ayrim qonunchilar ham Prezident Jo Bayden kabi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Yoav Gallantni hibsga olishga order berish haqidagi so’rovni keskin tanqid qilmoqda.
“Men buni noto’g’ri yo’nalishdagi qadam deb bilaman, Endi taraflarni to’plash yanada qiyin bo’ladi. Xalqaro jinoiy sud sud tizimi mustaqil bo’lmagan mamlakatlar bilan shug’ullanadi degan tasavvur bo’lgan doim. Isroilda sud tizimi mustaqil”, - deydi Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Ben Kardin.
Blinken ham Isroil va XAMAS o’rtasida endi sulhga kelishish qiyin bo’lishini taxmin qiladi
“Isroil rahbariyatini XAMAS harakatiga uyalmasdan tenglashtirish kelishuvga erishish istiqbollarini qiyinlashtiradi. Bu yo’nalishdagi harakatlarimizni davom ettiramiz”, - dedi Blinken.
Demokrat senator Tim Keyn xalqaro sud prokurori bayonotiga ortiqcha e’tibor bermaslikka chaqirdi.
Blinkenning Senatdagi chiqishini zalga kirgan ayrim namoyishchilar izdan chiqarishga harakat qildi, uni “G’azo qassobi” deb atashdi.
AQSh Davlat departamentining so’nggi hisobotida Isroil harbiylari G’azodagi amaliyot paytida tinch aholi xavfsizligini ta’minlashga ojizlik qilgani, ayrim xalqaro normalarni buzgani aytiladi.
“Hisobotda keltirilgan ayrim holatlarni tergov qilyapmiz. Isroil ham yuzlab hodisalarni tergov qilyapti. Ba’zilari bo’yicha jinoiy ishlar ochilgan. Urush o’rtasida yakuniy xulosa qilish o’ta qiyin, chunki tergovni to’liq o’tkazish uchun u yerga borish imkonimiz yo’q”, - deydi Blinken.
Demokrat senator Kris Van Xollen dunyo AQSh qadamlarini diqqat bilan kuzatayotganini aytadi.
“E’tibor berayotgan odam uchun og’riqli bo’lgan masala shuki, Netanyaxu hukumati 7-oktabrdan beri muhtoj odamlarga gumanitar yordamga to’siq qo’yish yoki cheklash emas, uni yetkazishni tezlashtirishni talab qiluvchi xalqaro qoidalarga amal qilmayapti. Janob kotib, bu bizning dunyodagi obro’imizga zarar yetkazmoqda”, - dedi qonunchi.
Xalqaro jinoiy sud prokurori suddan XAMASning uch nafar rahbari, jumladan harakat siyosiy byurosining raisi Ismoil Xaniyani ham hibsga olishni buyurishni so’ragan.