Breaking News

Isroil hujumida Rafahda 35 odam o’lgan


26-may kuni tunda Isroil havo hujumlarida G’azo Sektori janubidagi Rafah shahrida kamida 35 falastinlik nobud bo’lgan, o’nlab odam yarador.

Xalqaro hayot - 27-may, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:02 0:00

Voqea shaharning Tel al-Sulton mahallasida ro’y bergan. Qurbonlarning aksariyati shaharning sharqiy qismidan ikki hafta oldin qochgan odamlar edi.

Isroil XAMASga qarashli imoratga zarba berganini, harakatning bir necha a’zosi yo’q qilinganini da’vo qiladi.

Xalqaro Qizil xoch qo’mitasi uning dala gospitallari yaradorlar bilan to’lganini, yana ko’p odam boshqa kasalxonalarga murojaat etganini ma’lum qildi.

Isroil armiyasi 26-may kuni Rafahdan Tel-Aviv shahri tomon sakkizta raketa otilganini, ba’zilari urib tushirilganini, talafotlar yo’qligini bildirdi.

O’tgan hafta Xalqaro adliya sudi Isroilga Rafahda harbiy harakatlarini to’xtatishni buyurishiga qaramay, yahudiy askarlar amaliyotlarini davom ettirmoqda.

Janubiy Afrika da’vosini ko’rib chiqqan sud Rafahda vaziyat yomonlashganiga ishora qildi.

Isroil esa Rafahda XAMASning yuzlab jangchilari va qo’mondonlari jon saqlayotganini ta’kidlab, Jahon sudi qaroriga bo’ysunmoqchi emas.

Xalqaro gumanitar tashkilotlar Isroil amaliyoti natijasida G’azoga yordam kirmayotganini, sektor ahli ochlik yoqasida ekanini ta’kidlaydi.

Jahon sudi Isroildan uning tergovchilariga Rafahdagi vaziyatni o’rganishga sharoit yaratishni talab qildi.

Falastinliklar sud qarorini olqishlasa-da, Isroil unga pisand qilmayotganini, odamlar o’lishda davom etayotganini aytadi.

Isroilning o’zida Bosh vazir Benyamin Netanyaxu hukumatiga qarshi namoyishlar davom etgan, isroilliklar uni XAMAS garovga olgan odamlarni ozod etish uchun hech nima qilmayotganlikda ayblayapti, kimdir urushga chek qo’yishga chaqirmoqda.

Irlandiya, Norvegiya va Ispaniya 28-may kuni Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishi kutilmoqda. Bu uch mamlakat tashqi ishlar vazirlari Yevropa Ittifoqining dushanba kungi majlisidan oldin qo’shma matbuot anjumanida qatnashib, tashkilotga a’zo boshqa mamlakatlarni ham shunga da’vat etishini bildirdi.

Isroil hukumati ularning bu harakatini tanqidga oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG