G’azoda qariyb to’qqiz oydan beri davom etayotgan urush tufayli barcha tizim va xizmatlar izdan chiqqan: 2,3 million kishi yashagan sektorda aholining katta qismi chodirlarda vayronalar, axlat va chiqindi qurshovida kun kechirmoqda.
Snaryadlar va qurolli hujumlar chivin, pashsha va suvaraklar hujumi bilan qorishib ketgan, deydi mahalliy aholi vakillari.
Rafah shahriga quruqlikdan hujumlar boshlangani ortidan boshqa hududlarga ko’chgan qariyb bir million aholi yanada zich lagerlarga o’rnashgan. Sanitariya va gigiyena normalari haqida gapirmasa ham bo’laveradi. Yoz jaziramasida havo harorati ko’tarilib borar ekan, vaziyat yanada og’irlashmoqda.
Sektorda suv ta’minoti tizimining 70 foizi vayron bo’lgan. Kanalizatsiya, quduqlar, suv omborlari, suvni tozalash inshootlari ishdan chiqqan.
G’azoda suv ta’minotiga mas’ul shaxslarning ko’pi yo halok bo’lgan, yo boshqa hududlarga qochgan. Iyun oyida Isroil harbiylari suv omborlarini ta’mirlayotgan besh xodimni o’ldirgan.
BMT bergan bayonotga ko’ra, bir inson iste’mol, taom tayyorlash, kir yuvish kabi umumiy ehtiyojlari uchun tavsiya etilgan suvning kunlik normasi 15 litr. G’azoda esa bu ko’rsatkich kuniga 2 litrni tashkil etmoqda.
Tonnalab axlat yi’gilayotgan jaziramada suvsiz, dori-darmon va oziq-ovqatsiz zich yashayotgan odamlar orasida og’ir kasalliklar tarqashi kutiladi, deydi shifokorlar. Shu paytgacha gepatit A tashhisi bilan 81 700 dan ziyod bemor ro’yxatga olingan.