Breaking News

AQSh Kongressidagi nutqida Netanyaxu G'azodagi urushni himoya qilib, namoyishchilarni qoraladi


AQSh Kongressi, 24-iyul, 2024
AQSh Kongressi, 24-iyul, 2024

Isroil Bosh vaziri Benyamin Nenanyaxu AQSh Kongressining har ikki palatasi oldida qilgan nutqida G’azo sektorida olib borayotgan urushini himoya qilib, uni Vashingtonda qarshi olgan namoyishchilarni qoraladi.

AQShning ko’plab demokrat qonunchilari uning nutqini boykot qildi. Vitse-prezident Kamala Harris ham, sobiq prezident Donald Tramp vitse-prezidentlikka tanlagan senator JD Vens ham tadbirda qatnashmadi.

Isroil bosh vazirining ta’kidlashicha, G’azoda to’qqiz oydan beri davom etayotgan urush “to’liq g’alaba”ga erishilmaguncha davom etadi. U AQShni XAMAS va Eron homiyligidagi boshqa guruhlarga qarshi kurashni qo’llab-quvvatlashda davom etishga undadi.

“Amerika va Isroil birga turishi lozim. Birga bo’lsak, oddiy bir narsa sodir bo’ladi: biz g’alaba qozonamiz, ular yutqazadi”, - deydi Netanyaxu.

Kongress minbaridan so’zlar ekan, Isroil rahbari bino tevaragida namoyish qilayotganlarni masxara qilib, ularni Isroil dushmanlari uchun “foydali ahmoqlar” deb atadi.

Netanyaxuning so’zlarini zalda aksariyat qonunchilar o’rnidan turib olqishlagan bo’lsa, yetakchi demokrat qonunchilar sukut bilan qarshi oldi. Kongressning musulmon demokrat a’zosi Rashida Tolib tadbirga “harbiy jinoyatchi” degan yozuv ko’tarib keldi.

Ma’lumotlarga ko’ra, o’t ochishni va to’xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish haqida yozuv tushirilgan futbolkalarni kiygan bir necha kishi politsiya tomonidan zaldan chiqarib yuborilgan.

Netanyaxu deydiki, Vashingtonga kelgan ko’p sonli namoyischilar “7-oktabrda chaqaloqlarni o’ldirgan XAMAS bilan hamnafas”.

“Ular XAMAS tarafida va bundan uyalishlari kerak”, - dedi u.

Netanyaxuni Kongressga Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson taklif etgan. U AQSh Kongressining qo’shma majlisida to’rtinchi bor so’zlashi.

Netanyaxu ko’pincha respublikachilarga yon bosish orqali AQSh siyosatiga “burun suqish”da tanqid qilinadi. Nutqida u amaldagi Prezident Jo Baydenga va “Isroil uchun qilgan barcha ishlari uchun” sobiq prezident Donald Trampga minnatdorchilik bildirdi.

Isroilning o’zida ham unga qarshi tanqidlar kuchayar ekan, Benyamin Netanyaxu o’zini AQShda hurmat qilinadigan davlat arbobi sifatida namoyish etishga harakat qildi. Ammo Amerikada ham Isroil va G’azodagi urush bo’yicha fikrlar bo’lingan.

24-iyul kuni Kapitoliy atrofi baland to’siqlar bilan o’rab qo’yildi. Politsiya Netanyaxuni “harbiy jinoyatchi” deb qoralab binoga yaqinlashgan namoyishchilarga qarshi ko’zni yoshlantiruvchi qalampir kukuni qo’llagan.

Isroil rahbarining nutqi 50 dan ziyod demokratlar, jumladan senator Berni Sanders tomonidan boykot qilindi. Vitse-prezident Kamala Harris ham avval rejalangan tadbirlar bois kela olmaganini ma’lul qilgan. Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson Harrisning tadbirda qatnashmaganini "kechirib bo'lmas" qaror sifatida tanqid qilmoqda.

Netanyaxu Bayden va Harris bilan 25-iyul kuni, Tramp bilan esa Floridadagi uyida 26-iyul kuni ko’rishishi kutilmoqda.

Isroilni qo’llab-quvvatlash AQSh siyosatida azaldan muhim ahamiyat kasb etadi. Isroilni quvvatlaydigan, ammo Netanyaxudan norozi ko’plab demokratlar uning tashrifini respublikachilarning o’zini Isroilga sodiq qilib ko’rsatish harakati deya baholamoqda.

Bayden ma’muriyatining bildirishicha, Isroil rahbari tashrifi chog’ida e’tiborni G’azoda otashkesimga erishish, XAMAS ushlab turgan isroilliklarni ozod etishga qaratishi lozim.

Isroilda keng tarqalayotgan qarash shuki, Netanyaxu ataylab urushni davom ettirmoqda, chunki urush tugab saylovlar o’tkazilasa, hokimiyatdan ketishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG