Breaking News

Oq uy ham, Tramp ham Netanyaxuni urushni yakunlashga undadi


Florida, 26-iyul, 2024
Florida, 26-iyul, 2024

AQShga tashrif buyurgan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu qariyb to’rt yil ichida birinchi bor sobiq prezident Donald Tramp bilan yuzma-yuz uchrashdi. 2020-yilda Netanyaxu Jo Baydenni saylov g’alabasi bilan birinchilardan bo’lib tabriklab, yutqazganini hamon tan olmagan Trampni ranjitgan edi.

Oq uyga harakat qilayotgan Tramp esa o’tgan oylar ichida Netanyaxuni Isroilni XAMAS guruhidan himoya qila olmaganlikda tanqid qilgan.

AQShga tashrif davomida G’azoda o’t ochishni to’xtatish yo’lida qadam tashlanyaptimi degan savolga Isroil rahbari “umid bor, ammo buni vaqt ko’rsatadi”, deb javob berdi.

Tramp saylov kampaniyasining bildirishicha, prezidentlikka respublikachi nomzod agar Oq uyga saylansa, “Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatish uchun barcha “sa’y-harakatlarni amalga oshirishga” va kollej kampuslarida antisemitizmga qarshi kurashishga va’da bergan.

Netanyaxu rafiqasi bilan Donald Tramp bilan ko’rishish uchun uning Florida shtatidagi qarorgohiga bordi. Tramp ularni eshikdan kutib olgan.

Jurnalistlarning savollariga javoban sobiq prezident Isroil rahbari va uning o’rtasida munosabatlar doim ijobiy bo’lganini, orada biroz ziddiyat yo’qligini ta’kidladi.

Tramp prezidentligi davrida Isroilni faol qo'llab-quvatlagan, G'olan tepaliklarini Isroil hududi sifatida tan olgan. Shuningdek, u Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olgan va AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko'chirgan.

Tahlilchilar deydiki, Floridadagi uchrashuv har ikki siyosatchi uchun tarafdorlariga o’zlarini jahon sahnasida katta ishlarni amalga oshirgan kuchli liderlar deb ko’rsatish uchun imkoniyat bo'ldi.

Donald Tramp Isroilni G’azodagi urushni imkon boricha tez fursatda yakunlashga undab kelmoqda. Agar Oq uyda bo’lganimda, XAMAS Isroilga hujum qilishga jur’at etolmagan bo’lardi, deya da’vo qiladi u.

Netanyaxu bilan muloqotdan oldin bergan televizion intervyularida ham Tramp yahudiy davlati G’azodagi urushga yakun yasashi kerakligini, G’azodagi vayronagarchilik Isroilni badnom qilayotganini ta’kidlagan.

25-iyul kuni AQSh Kongressining qo’shma yig’ilishida so’zlagan Benyamin Netanyaxu G’azoda urush XAMAS yakson qilinmaguncha tugamasligini yana takrorladi.

Uning tashrifi Vashingtonda yirik namoyishlar bilan kuzatildi. Minglab odam AQSh hukumatidan Isroilga harbiy yordamni to'xtatish, Falastinga ozodlik berish talabi bilan poytaxt ko'chalariga chiqdi. Kongressdagi nutqida Netanyaxu namoyishchilarni "Eronning foydali ahmoqlari" deb qoraladi.

26-iyul kuni u Vashingtonda Prezident Jo Bayden va Vitse-prezident Kamala Harris bilan uchrashdi. Har ikkisi Isroil rahbarini XAMAS bilan kelishuvga erishib, garovdagilarni uyiga qaytarishga undagan.

Prezidentlikka harakat qilayotgan Harris Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini tasdiqlasa-da, G‘azodagi qurbonlar soni va u yerdagi “qo‘rqinchli” gumanitar vaziyatdan chuqur xavotirda ekanini aytgan.

“Biz bu fojialarga befarq qaray olmaymiz. Biz o'zimizni bu azob-uqubatlar oldida e’tiborsiz tuta olmaymiz. Men jim tura olmayman", - deydi Harris.

Tramp deydiki, Harrisning bu so’zlari Isroilga nisbatan hurmatsizlikdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG