Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Kapitoliyda iliq kutib olingani bilan tashqarida minglab odam G’azodagi urushga, Netanyaxuning tashrifiga qarshi namoyish qildi.
Ba’zi namoyishchilar boshqa shtatlardan va hatto boshqa mamlakatlardan keldi.
“Benyamin Netanyaxu harbiy jinoyatchi ekanini bildirish uchun to’plandik. Uni Vashington shahri va Amerikada ko’rishdan xursand emasmiz. Isroil G’azoda Falastin xalqiga qarshi davom etayotgan qatliomi uchun moxov mamlakatga aylangan”, - deydi namoyish tashkilotchisi Kalim Xava.
Namoyishchilar Netanyaxuni hibsga olishga chaqirdi.
“Uni Amerikaga taklif etishdi. Aslida qo’liga kishan solib, qamoqqa tashlash kerak. Falastinliklarga qarshi barcha jinoyatlari uchun javob berishi kerak”, - deydi Lujeyn Lamasri ismli yana bir odam.
Kapitoliy atrofida xavfsizlikni ta’minlash uchun Nyu-York shahar politsiya boshqarmasi Vashingtonga mirshablarini yuborgan.
XAMAS garovga olgan odamlar oila a’zolari ham namoyish qilib, Netanyaxuni yaqinlarini ozod etishga qaratilgan kelishuvni qabul qilishga da’vat etdi.
Kelib chiqishi falastinlik bo’lgan qonunchi Rashida Tolib Netanyaxu ma’ruzasini boykot qilmadi, ammo qo’lida “qatliomda aybdor” deb yozilgan kartochka ushlab o’tirdi.
Falastin Muxtoriyatining tashqi ishlar vaziri yordamchisi Umar Avadalla Netanyaxuning AQSh Kongressidagi nutqini safsata va yolg’on, Falastin kelajagiga mafkuraviy dushman bo’lgan Kongress a'zolari tomonidan sahnalashtirilgan komediya deb atadi.
G’arbiy Sohilning Xevron shahrida yashovchi Muhammad Nosir ismli falastinlik Netanyaxu AQSh Kongressida iliq kutib olinganidan ajablanmasligini aytadi.
"Agar ular bu qadar ko’p qarsak chalmasa, g’alati bo’lardi. Axir ularning hammasi sionist. Dunyo sionistlaridan nimayam kutardingiz?”, - deydi u.
Netanyaxu chiqishida nimalar haqida gapirdi?
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainada urush boshlagani uchun AQSh siyosatchilari la’natiga uchrasa, o’tgan yil oktabridan beri G’azoga qo’shin kiritib, 14 mingdan ziyod falastinlik bolaning o’limiga sabab bo’lgan Netanyaxuning salkam bir soatlik chiqishi davomida Amerika qonunchilari taxminan 40 marotaba unga qarsak chaldi. .
Demokratlar partiyasidan bir nechta qonunchi, jumladan vitse-prezident Kamala Harris va sobiq spiker Nensi Pelosi Netanyaxu ma’ruzasini boykot qildi.
Netanyaxu harbiy amaliyot tugashi ketidan G’azoni falastinliklar boshqarishi kerakligini ta’kidladi.
“G’azo demilitarizatsiya va deradikalizatsiya qilinishini istayman. Isroil G’azoga aholisini ko’chirmoqchi emas. Ammo u yerda terror qayta bosh ko’tarishining oldini olish uchun, G’azo ortiq Isroilga tahdid solmasligi uchun yaqin kelajakda sektorda xavfsizlik uchun nazoratni o’z qo’limizga olamiz”, - dedi u.
Netanyaxu XAMAS garovda ushlab turgan odamlarni ozod etishga qaratilgan harakatlar haqida gapirdi, uning hukumati va urushni tanqid qilayotgan vatandoshlari va boshqa namoyishchilarni qoraladi.
Urush boshidan beri G’azoda 39 mingdan ziyod falastinlik, jumladan XAMAS vakillari, minglab begunoh ayollar va bolalar o’lgan. Xalqaro jinoiy sud Netanyaxu va Isroil mudofaa vazirini harbiy jinoyatlarda ayblab, ularni hibsga olishni buyurdi.
Netanyaxu sud qarorini qoraladi.
"Xalqaro jinoiy sud prokurori uyalmasdan Isroilni G’azo xalqini ataylab ochlikka mahkum etganlikda aybladi. Bu quruq va bema’ni safsata”, - dedi Netanyaxu.
Isroil rahbarining ma’ruzasini tinglashdan bosh tortgan demokrat senator Jek Rid boykot sababini quyidagicha izohladi:
“Netanyaxu Isroil xavfsizligi hisobiga o’z maqsadlarini olg’a surayotgan ultra millatchi ekstremistlar bilan hamtovoq bo’ldi, bu ekstremistlarga hukumatda yuqori lavozimlarni ulashdi. Ular Netanyaxuni siyosatida ko’plab xatoliklarga undadi”, - deydi senator.
Respublikachi qonunchilar Netanyaxuni iliqroq kutib oldi. Vashingtonlik tahlilchi Jon Altermanning aytishicha, Isroil Amerika uchun muhim, biroq saylov mavsumida siyosatchilar saylovchilar dardiga quloq solishga majbur.
“Netanyaxu demokratlar orasidagi xayrixohlik parchalanishining oldini olishga va respublikachilar bilan aloqani kuchaytirishga harakat qiladi. Netanyaxu noyabr saylovidan so’ng respublikachilar hokimiyatga kelishini bashorat qilayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi eksperti.
Payshanba kuni Netanyaxu Oq uyda Prezident Jo Bayden bilan gaplashdi, sobiq prezident Donald Tramp bilan ko'rishishi kutilmoqda.