Breaking News

AQSh harbiy kemasining Yaqin Sharqni tark etishi qanday baholanmoqda?


AQShning "USS Theodore Roosevelt" aviatashuvchisi, Arxiv.
AQShning "USS Theodore Roosevelt" aviatashuvchisi, Arxiv.

G’azo va Livanda Isroil hujumlari davom etar ekan, Vashingtonning “USS Theodore Roosevelt” aviatashuvchisini Yaqin Sharqdan ko’chirish qarorini berishi, tahlilchilar nazdida, AQShning bu mintaqa va Osiyodagi xavfsizlikka doir strategik mafaatlari o’rtasidagi muvozanatni aks ettiradi.

Pentagon matbuot kotibi Pett Rayder 12-sentabr kuni Ruzvelt kemasi Yaqin Sharq sohillaridan Hind-Tinch okeani mintaqasi tomon yo’lga chiqqanini ma’lum qilgan. Aviatashuvchi “USS Abraham Lincoln” harbiy kemasi boshchiligida mintaqada harbiy muvozanatni saqlash uchun uch hafta mobaynida harbiy shay holatda xizmat qilgan.

Vashingtonning Yaqin Sharqqa harbiy kemalarini joylashtirishi iyul oyida XAMAS liderining Tehronda o’ldirilganiga javoban Eronning Isroilga hujumlarini oldini olishga qaratilgan chora sifatida bilinadi.

Biroq Eron Isroilga hujum qilishdan tiyilishi, G’azoda tinchlik sulhini tuzishga doir jarayonlarga soya solmasligini bildirgani ortidan xavf-xatar ortga chekindi.

Yaqin Sharq bo’yicha vashingtonlik ekspert Yasmin Omarning ta’kidlashicha, AQSh boshqa mintaqalarda ustunroq manfaatlarga ega.

“USS Theodore Roosevelt” aviatashuvchisining Yaqin Sharqqa joylashtirilishi AQShning mintaqadagi raqiblariga qarshi chora sifatida baholangan edi. Kemaning mintaqadan chiqarilishi AQSh harbiy manfaatlaridagi o’zgarishni aks ettiradi”, - deydi u.

Omarning ta’kidlashicha, Vashington uchun Xitoy va Rossiyaning ta’sir kuchi oshib borayotgan Hind-Tinch okeani mintaqasida muvozanat o’rnatish yanada ahamiyatli.

Vashingtonning Eron bo’yicha eksperti Sina Tussi Omarning fikrlariga qo’shiladi. Tehron va Vashington Yaqin Sharqda urush masshtablari kengayishining oldini olish borasida yakdil. Biroq, uning aytishicha, AQShnning ayrim ittifoqchilari Vashingtonni beqarorlikda ayblashi mumkin.

Ekspertga ko’ra, AQSh qarori 2019-yil sentabridagi “Saudi Aramco” Amerika-Saudiya neft kompaniyasiga raketa va dron hujumlari, 2020-yil yanvaridagi AQShning Iroqdagi harbiy bazasiga raketa hujumlari takrorlanishidan cho’chish alomatlari sifatida baholanishi mumkin.

Tussining ta’kidlashicha, Vashingtonga yaqin Saudiya va Birlashgan Arab Amirliklari AQShning mintaqada maksimal bosim qo’llash kampaniyasini qo’llab-quvvatlamagan. Aksincha, so’nggi yillarda Tehron bilan yaqinlashgan. Chunki Eron bilan konfliktlar qimmatga tushishi va muammolar girdobida bu ikki davlat yolg’iz qolishini yaxshi biladi, deydi ekspert.

XS
SM
MD
LG