Breaking News

Pentagonning yangi rahbari oldidagi masalalar


Pit Xegset 25-yanvar kuni AQSh Mudofaa vaziri sifatida qasamyod keltirdi. Senatning yarmi unga ovoz bermadi.
Pit Xegset 25-yanvar kuni AQSh Mudofaa vaziri sifatida qasamyod keltirdi. Senatning yarmi unga ovoz bermadi.

Pit Xegset AQShning yangi mudofaa vaziri sifatida ishlar boshlar ekan, oldida cheksiz masalalar - global mojarolardan tortib chegara xavfsizligi va ma'muriy chigalliklar.

Birinchidan, deya bildirmoqda Oq uy, Amerikaning janubiy chegaralari mahkamlanishi va u yerdan hech kim bu zaminga qonunga zid ravishda o'tmasligini ta'minlash zarur.

Pentagon byudjeti bilan bog'liq masalalar hal etilishi kerak.

Ukrainadagi urush va Isroil-G'azo konflikti ham tugatilishi lozim. Prezident Donald Tramp bularni va'da qilgan.

Hukumatni kichraytirish Pentagonda qanchalik yuz beradi, bu ham yangi vazir qo'lida.

Osiyo-Tinch okeani hududida Xitoy ta'siriga qarshi chora ko'rish ham asosan Mudofaa vazirligi zimmasida.

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi joylashgan inshoot
Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi joylashgan inshoot

Pentagon qurol-aslaha eng kuchli va eng zamonaviy bo'lishini xohlaydi. Shoffoflik va audit ham mustahkamlanishi kerak.

Xegset Prezident Tramp qilishga bel bog'lagan barcha ishlar yo'lida ter to'kishga tayyor ekanini aytgan.

Pentagonda jami 2,1 million harbiy va 780 ming noharbiy xizmatchi bor.

Qonunga binoan AQSh o'z armiyasi vatanda amaliyotlarga safarbar etilmaydi, lekin Prezident Tramp buni o'zgartirmoqchi. Chunki, deydi u, chegaralarga kuchli himoya zarur.

Odatda bu kuchlar chegarachilarga ko'maklashadi, lekin asosiy ishga aralashmaydi.

Mudofaa vazirligining bu yil uchun byudjeti 850 milliard dollar. Tramp kelasi yil uni ko'tarmoqchi.

Ukraina madad so'rab turibdi, lekin Oq uy tashqi yordam dasturlarini muzlatdi. Isroil va Misrni quvvatlash istisno ekan, Ukrainaga nisbatan ham shunday qilinishi kutilmoqda.

Bayden ma'muriyati Kiyevga 66 milliard dollardan ziyod miqdorda ko'mak uzatgan.

Tramp ma'muriyati abort huquqi, shuningdek, etnik, diniy va jinsiy xilma-xillikni rag'batlantiruvchi dasturlarni bekor qilar ekan, mutaxassislar deydiki, Pentagondagi faoliyat ham yanada murakkablashishi aniq.

Prezident Tramp farmoniga ko'ra, davlat nazarida faqat ikki jins bor: ayol va erkak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG