Markaziy Osiyo hukumatlari Tramp ma’muriyati bilan xavfsizlik, harbiy soha va texnologiya bo`yicha hamkorlik rivojlanishiga umid qilyapti.
Ammo bu hozircha umid. Donald Tramp hokimiyatga kelishi bilan AQSh tashqi siyosat keskinlashdi. Bu esa jiddiy xavotirlarga ham sabab bo‘lmoqda.
Tramp dunyo bilan munosabatlarni, tashqi siyosatni qayta ko’rib chiqmoqda.
Davlat kotibi Marko Rubio e'lon qilishicha, AQSh hamkor davlatlarga ko‘rsatilayotgan yordamni kamida uch oyga to’xtatgan.
Bu bilan Markaziy Osiyoda ham amalga oshirilayotgan yuzlab loyihalar taqdir mavhum qoldi.
Rubio deydiki, har bir dasturning AQSh manfaatlariga qanchalik javob berishi o`rganib chiqiladi.
Qirg'izistondan ekspert Alisher Hamidov tahlilicha, mintaqada AQSh homiyligidagi loyihalar ko`lami aslida keng emas va yordam to’xtatilishi iqtisodiy emas, siyosiy ohang kasb etadi.
“Markaziy Osiyoda ham bu yordam asosan USAID (AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi0 orqali amalga oshirilayotgan edi. USAIDni mintaqadagi loyihalari asosan sog‘likni saqlash, qishloq xo`jaligi, biznesni rivojlantirish, yashil iqtisodiyot, muqobil energetika kabi sohalarni qamrab olgan. Bu loyihalar qiymati boshqa donorlar, deylik Jahon banki, Osiyo banki yoki boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlarga solishtirganda unchalik katta emas. Shu bois bu unchalik jiddiy ta’sir o`tkazmaydi. Lekin AQSh yirik moliyaviy tashkilotlarni tark etishni boshlasa, Jahon sog’liqni saqlash tashkilotidan chiqishga qaror qilgani kabi, bu jiddiy ta’sir qiladi. Masalan, AQSh Jahon banki, Osiyo banki, boshqa yirik moliyaviy tashkilotlarda ham katta ulushga ega, Markaziy Osiyo esa bu tashkilotlar bilan yaqindan ishlaydi, ulardan kreditlar olgan. Tabiiyki bu yerda, AQSh ulushi juda muhim ahamiyat kasb etadi”, - deydi Hamidov.
AQSh hukumati uchun ayni paytda migratsiya eng ustuvor vazifaga aylangan. Hujjatsiz muhojirlar AQShdan deportatsiya qilinmoqda.
Hamidov fikricha, Trampning Markaziy Osiyo bilan hamkorligi aynan shundan - noqonuniy migratsiya masalasidan boshlanishi mumkin.
“Hozircha Prezident Tramp Markaziy Osiyo yuzasidan biror munosabat bildirgani yo`q. Davlat kotibi Rubio esa diqqatni asosan Lotin Amerikasiga qaratgan. Nazarimda, Markaziy Osiyo Rubio uchun ancha uzoq mintaqa. Tramp esa Nazarboyev, Mirziyoyev, Rahmon bilan bevosita gaplashgan. So´nggi yillarda AQShda markaziy osiyoliklar soni ham jiddiy ko`paydi".
Hamidov taxminicha, Tramp uchun muhojirlar mavzusi birlamchi ekan, mintaqa rahbarlariga dastlabki murojaati aynan shu mavzuda bo’lishi ehtimoli yuqori.
"U AQShda deportatsiyaga tushgan mintaqaliklarni qabul qilishni talab qiladi. Vaziyat chigallashsa, sanksiyalar bilan tahdidga o`tishi ehtimoli yo´q emas”, - deydi Hamidov.
AQSh va mintaqa munosabatlari 2015-yildan buyon asosan C5+1, “Markaziy Osiyo-AQSh” formatida muhokamada. Aloqalarda biror burilish kuzatilmagan bo`lsa-da, jiddiy ravishda zaiflashgani ham yo`q.
Markaziy Osiyo hukumatlari Amerika bilan xavfsizlikka doir hamkorlikni kengaytirishga shay ekanini bildirib keladi.
“Davlat kotibi qarori AQShning o`zida ham jiddiy munozaralarga sabab bo’lyapti. Chunki tashqi siyosat rivojlanishida bu yordam muhim o`rin tutadi. Mintaqa davlatlari AQSh bilan asosan xavfsizlik, harbiy texnika, ilg´or texnologiya sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdor. USAID bu borada ham qator loyihalarga ega edi, ayniqsa ta’lim, texnologiyalar, AQShda ta`lim olish va tajriba almashishi bo`yicha. Mintaqani AQSh bilan hamkorlikdan kutayotgan asosiy maqsadi ham shular, xavfsizlik", - deydi Hamidov.
Tramp ayni paytda asosiy diqqatni ichki siyosatga qaratgan.