Breaking News

Markaziy Osiyo-Kavkaz: "Tramp bu mintaqalarga borsin"


Donald Tramp va Marko Rubio, Rali, Shimoliy Karolina shtati, 4-noyabr, 2024
Donald Tramp va Marko Rubio, Rali, Shimoliy Karolina shtati, 4-noyabr, 2024

Marko Rubio AQSh Davlat kotibi bo'lishga shaylanar ekan, Kaspiy siyosat markazi Donald Tramp va uning ma'muriyatini Markaziy Osiyo va Kavkazga yangicha ko'z bilan qarashga undamoqda. Ularga nisbatan umumiy siyosat yuritish taklifi olg'a surilmoqda.

Deyarli 15 yil senatorlik qilgan respublikachi Marko Rubio Davlat kotibi vazifasiga ko'rsatilgan. Kubalik muhojirlar farzandi, 53 yoshli arbob Amerikaning ilk latino tashqi ishlar vaziri bo'lishga shay.

Tasdiqdan o'tish uchun 15-yanvar kuni Senatning Tashqi aloqalar bo'yicha qo'mitasida so'zlar ekan, AQSh manfaatlari birinchi o'rinda bo'ladi, deya bong urdi.

"Davlatimiz har qanday vaziyatda o'z manfaatlari uchun kurashadi va global maydonda har bir yo'nalishda avvalo o'z xavfsizligimiz, qadriyatlarimiz va foydamizni ko'zlaymiz", - dedi Rubio.

Uningcha, Xitoy - Vashington uchun eng katta tahdid solayotgan davlat.

Rossiya va Ukraina orasidagi qonli urushni to'xtatish lozim va buning uchun har ikki tomon murosa qilishga majbur, deydi Rubio.

"Tinchlikka erishish oson kechmasligi aniq, realistik yondashamiz".

Senator Marko Rubio Davlat kotibi bo'lishga shay, 15-yanvar, 2025
Senator Marko Rubio Davlat kotibi bo'lishga shay, 15-yanvar, 2025

Rubio Senatda savolga tutilayotgan damlarda AQSh poytaxtidagi Kaspiy siyosat markazida yig'ilgan siyosatdonlar Donald Trampning 20-yanvarda ish boshlaydigan ma'muriyatini Markaziy Osiyo va Kavkazga yangicha ko'z bilan qarashga undadi.

Har ikki mintaqa Ukrainadagi urushi yakunlanishidan manfaatdor, qolaversa Xitoy ham Rossiya singari ularning eng yirik biznes sheriklaridan biri. Urush boshlanganidan beri O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziya G'arb bilan hamkorlikning yangi yo'llarini izladi. Har biri Yevropa, arab va Osiyo davlatlaridan yangi sheriklar topdi.

Ammo, deydi Kaspiy siyosat markazi rahbari Efgan Nifti, Markaziy Osiyo va Kavkaz aslida bir-biri uchun eng yaqin hamkorlar bo'la oladi va shunga intilmoqda. Ular ko'p jihatdan bir-biriga bog'liq hududlar.

"Shu bois AQSh bu mintaqalarga nisbatan keng qamrovli yagona strategiya tuzib, jiddiy yondashishi kerak", - deydi ekspert.

O'tgan oylar ichida poytaxtlarga borib, respublikalarning siyosiy arboblari bilan fikr almashgan Nifti va uning hamkasblari tahlilicha, Markaziy Osiyo va Kavkazda hukumatlar Vashingtondan hamkorlikni mustahkamlash tomon dadil qadamlar kutmoqda.

Kaspiy dengizi uzra shakllanayotgan O'rta koridor, tranzit va savdo yo'llari, nafaqat bu mintaqalar, balki Amerika manfaatlari uchun ham xizmat qiladi, deydi bu mutaxassislar. Rossiyani chetlab o'tgan holda G'arbga ko'proq tovar, yonilg'i va minerallar o'tadi. Iqtisodiy-tijoriy mustaqillik bu mamlakatlarning suverenitetini mustahkamlaydi.

Nafaqat Rossiya, balki Xitoy ta'sirini pasaytirish, muqobil yo'llar va G'arb tomon kengroq ochilish mintaqaning o'ziga ishonchini oshiradi, davlatlarga ko'proq moliya va iqtisodiy foyda olib keladi, deydi Kaspiy siyosat markazi ekspertlari.

Hadson institutidan Luk Koffi, Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazidan Daniel Rande hamda sobiq elchi Richard Hoagland fikricha ham Vashington Janubiy va Markaziy Osiyo yondashuvini Kavkaz-Markaziy Osiyoga yangilashga tayyor.

Fred Starr kabi keksa mintaqashunoslar bunga o'nlab yillardan beri undab keladi, chunonchi AQShda ekspert borki, Afg'oniston muammosi yaqin kelajakda barham topishiga ishonmaydi va Markaziy Osiyo-Afg'oniston birligi ham real ekanini e'tirof etadi. Starr, masalan, Tramp rahbariyatini mintaqaga kengroq kontekstda qarab, uning Xitoy, Eron, Afg'oniston, Rossiya orasidagi strategik ahamiyatini yodda tutishga chaqirmoqda.

Starrning tahlilicha, Pekin, Tehron, Kobul va Moskvaga nisbatan siyosatni belgilashda Vashington Markaziy Osiyo bilan mushtarak manfaatlarini aslo unutmasligi kerak. Jumladan, respublikalar mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi, iqtisodiy-moliyaviy taraqqiyotga intilayotganini, shuningdek, sheriklarini ko'paytirishga urinayotganini, G'arb bilan hamkorlikka ochiq ekanini, Amerika qadriyatlariga havas qilishini, xavfsiz yashash uchun AQSh ko'magiga muhtoj ekanini.

Kaspiy siyosat markazi, Vashington, 15-yanvar, 2025
Kaspiy siyosat markazi, Vashington, 15-yanvar, 2025

Luk Koffi va Daniel Rande Tolibon boshqaruvi tan olinishini kutmayapti va shu bois Afg'onistonga e'tibor oshmaydi, degan fikrda.

Har ikkisining tanqidicha, Kongress va Oq uy Markaziy Osiyo va Kavkazga chuqurroq qaramaydi va yaqin o'tmishda AQSh bosh diplomatidan boshqa biror vazir mintaqaga bormadi. Amerikaning biror rahbari u yerga qadam bosmagan.

Kaspiy siyosat markazida davra suhbati qilgan ekspertlarning hammasi Tramp ma'muriyatini bu borada yangiliklar qilishga, bu mintaqalarga ko'proq safar qilishga chaqirmoqda.

Vashingtonni Trans-Kaspiy strategiya ishlab chiqishga undayotgan Erik Rudensiold uzoq yillar Oq uy va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligida ishlagan. Trampning oldingi prezidentligi va Bayden prezidentligi davrida u Milliy Xavfsizlik kengashida Rossiya va Markaziy Osiyo uchun mas'ul bo'lgan.

AQSh, Xitoy va Rossiya orasida yangilangan qudratli raqobatda Trans-Kaspiy mintaqasi siyosiy jihatdan yuqori ahamiyat kasb etadi, deydi Rudenshiold, geosiyosiy va iqtisodiy omillarga urg'u berarkan.

Rossiya tabiiy jihatdan boy mintaqani nazoratidan chiqarmaslikka urinar ekan, uning energetik va tijoriy imkoniyatlarini cheklab keladi, jumladan gaz, neft, uran va boshqa resurslarni jahon bozoriga chiqishini. AQSh aynan shu borada Markaziy Osiyo va Kavkazga yordamlashishi kerak, deya undaydi Rudenshiold.

Oq uy, Vashington, 6-yanvar, 2025
Oq uy, Vashington, 6-yanvar, 2025

Oq uyga taklif:

- Kavkaz va Markaziy Osiyo uchun maxsus vakil tayinlang toki u muntazam ravishda bu mintaqalardagi hukumatlar bilan muloqot qilib, Amerika siyosiy tizimi, xususiy sektori va xalqaro tashkilotlarni ular bilan bog'lasin;

- Energetik sohada hamkorlikni oshiring;

- Mintaqalardagi dasturlarni kengaytirish uchun ko'proq mablag' ajrating;

- Trans-Kaspiy mintaqasida energetik va iqtisodiy sheriklikni targ'ib qiling va xavfsizlik sohasida yaqindan ishlang;

- Zarur infrastruktura shakllanishi uchun AQSh hissa qo'shadigan fondlar va xalqaro tashkilotlarni mintaqaga jalb qiling.

Davlat departamentiga taklif:

- Markaziy Osiyo va Kavkazdagi elchilar kuchli mutaxassislar bo'lsin. Siyosatni amalga oshirish uchun mas'ul odamlar Vashingtonda ham, bu hududlarda ham to'liq vakolatli kadrlar bo'lsin;

- Diplomatiya faollashsin, ayniqsa savdo, energetika va infratuzilmalar yuzasidan;

- Markaziy Osiyo bilan aloqalar Janubi Osiyo emas, Yevropa byurosining bir qismi bo'lsin (1990-yillardagi kabi);

- Bu mitaqalarga yordam tizimi soddalashtirilsin va dunyoning bu qismlarida xalqaro donorlar bilan hamkorlik kuchaysin.

Mudofaa vazirligiga taklif:

- Pentagonda ham Markaziy Osiyo Yevropa qo'mondonligiga o'tsin (hozirda u Markaziy qo'mondonlikda, ya'ni Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bilan birga);

- Har bir davlat bilan hamkorlikni oshiring, shuningdek, mintaqaviy yondashuv ham yangilansin.

Kongressga taklif:

- Mintaqa bilan tijorat va biznesni cheklovchi (Sovet davridan qolgan) qonunni bekor qiling;

- Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlariga elchilikka ko'rsatilganlarni vaqtida ko'rib chiqib, tasdiqlang;

- Kongress a'zolari regionlarga tez-tez borib tursin;

- Xavfsizlik, demokratiya targ'iboti, energetik taraqqiyot va savdo uchun ko'proq mablag' ajrating;

- Ozarbayjon va Armaniston orasidagi azaliy mojaro tamoman yakunlanishi uchun hissa qo'shing;

- Markaziy Osiyo AQSh tizimida Kavkaz va umuman Yevropa bilan birga qaralishini quvvatlang;

- Trans-Kaspiy faoliyat va siyosatni har bir jabhada har yili ko'rib chiqing;

- Kongressda Markaziy Osiyo masalalari bilan shug'ullanadigan kengashlar Kavkazni ham hisobga olsin.

Kaspiy siyosat markazidan AQShning boshqa organlari uchun ham qator takliflar uzatilmoqda.

Rudenshiold bu mintaqalarda siyosiy erkinliklar cheklangani, demokratik rivojlanish sust ekani, yakkahokimlik chuqur ildiz otgani, davlat manfaatlari xalq manfaatlari bilan hamohang emasligini tan oladi.

Lekin, deydi u, "Amerika Ovozi"ning bu haqdagi savoliga javob berar ekan, "demokratik taraqqiyotga aslida iqtisodiy talablar va imkoniyatlar turtki berishi mumkin".

Jahon bozoriga chiqish, sarmoya oqimini ta'minlash, moliyaviy barqarorlik, har tomonlama o'sish uchun hukumatlar shaffof bo'lishga, qonun ustuvorligi uchun yo'l ochishga, demokratik institutlarni rivojlantirishga baribir majbur bo'ladi, deydi u.

Rudenshiold va uning hamkaslari qayd etishicha, barqaror, tinch, farovon va erkin jamiyatlar AQSh uchun har doim kuchliroq va ishochliroq sheriklardir.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG