Breaking News

Tramp G'azoda otashkesimni to'xtatishga do’q-po’pisa qilyapti


Falastinning XAMAS harakati Isroilni otashkesim bo’yicha kelishuv shartlarini buzayotganlikda ayblab, garovdagilarni ozod etish jarayonini to’xtatishi ketidan AQSh Prezidenti Donald Tramp garovdagilarning barchasi shanba kuni ozod etilmasa, Isroil va XAMAS o’rtasidagi kelishuvni bekor qilishi haqida do’q-po’pisa qildi.

Xalqaro hayot - 11-fevral, 2025-yil - Tramp G'azoda otashkesimni to'xtatishga do’q-po’pisa qilyapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:58 0:00

“Agar garovdagilarning barchasi shanba kuni soat 12 gacha qaytarilmasa, kelishuvni bekor qilib, jahannamga yo’l ochaman”, - dedi Tramp.

AQSh rahbari XAMAS ozod etayotgan odamlarning ahvolidan norozilik bildirib, g’azoliklarni qo’shni davlatlarga chiqarib yuborish rejasini yana bir bor ta’kidladi va agar Misr va Iordaniya ularni qabul qilishdan bosh tortsa, bu mamlakatlarga yordamni to’xtatib qo’yishini bildirdi.

Seshanba kuni Tramp Iordaniya qiroli Abdulla bilan ko’rishdi.

Tramp G’azo Sektorini olib, uni tiklamoqchi ekanini, biroq falastinliklar u yerga qaytarilmasligini aytadi.

“Ularga ancha yaxshi sharoit yaratib beramiz, doimiy turar-joy bilan ta’minlanishadi. Chunki G’azoga hozir qaytishsa, uni tiklashga yillar ketadi, hozir u yerda yashab bo’lmaydi”, - deydi Tramp.

Biroq bu Oq uy ma’muriyatining ayrim vakillari g’azoliklar vaqtincha ko’chiriladi degan gaplariga teskaridir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, inson huquqlari guruhlari va AQShdagi ayrim demokrat qonunchilar Trampning takliflari etnik tozalashga teng ekanini bildirmoqda.

1949-yilda imzolangan Jeneva konvensiyasida harbiy okkupatsiya paytida aholini majburan ko’chirish urush jinoyatiga tengdir.

XAMAS garovdagilarni ozod etishda tanaffus e’lon qilganini Isroilning falastinlik mahbuslarga G’azo shimoliga qaytishga to’siq qo’yayotgani, aholini o’qqa tutayotgani, sektorga kirayotgan gumanitar yordamni to’xtatayotgani bilan izohlamoqda.

19-yanvarda kuchga kirgan otashkesim bo’yicha kelishuvning 42 kunga mo’ljallangan birinchi bosqichida XAMAS 33 kishini ozod etishi kerak edi, biroq shu kungacha 16 nafari Isroilga qaytarildi va yana besh tailandlik qo’yib yuborildi.

Isroil esa qamoqxonalaridan yuzlab falastinliklarni chiqardi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG