AQShda asoslangan, global miqyosda axborot yig'ib tarqatadigan agentlik "Associated Press" (AP) muxbiri 11-fevral kuni Oq uyda prezident ishtirokidagi tadbirga qo'yilmagan. Unga diplomatik yig'inlardan chetlatilgani aytilgan. Jurnalist APning yaqin o'tmishda shunday holatga tushgan ikkinchi muxbiridir.
Oq uy agentlik Prezident Donald Tramp farmoniga amal qilmayotgani uchun uning jurnalistlarini chetlashtirgan. Prezident Meksika ko'rfazini Amerika ko'rfazi deya nomlab, farmon chiqargan. AP esa uni qo'llamayapti.
Agentlik bosh muharriri Juli Peys Oq uy shart qoyganini bildirgan. Farmon 20-yanvarda, inauguratsiyadan keyinoq imzolangan hujjatlardan biri.
AP prezident idorasini yaqindan yoritishda davom etadi, ammo shartni bajarmasa, Oval kabinetdagi media imkoniyatlardan mahrum qoladi.
“Global axborot tashkilotimiz. AP har kuni milliardlab odamlarga informatsiya uzatadi. Biz faktlarni xolis tarzda yoritib tanilganmiz", - deydi Peys.
“Tramp ma'muriyati esa APni mustaqil jurnalistikasi uchun jazolamoqda, bu dahshatli".
Peysning ta'kidlashicha, tashkilot muxbirlarini Oval kabinetga yaqinlashtirmaslik media mustaqilligini qa'tiyan cheklab, jamoatchilikka nisbatan zararli qadamdir. APga ko'ra, bu cheklov Amerika qonunlariga va uzviy huquqlariga ziddir.
Oq uyni yoritadigan muxbirlarni birlashtirgan uyushma ham Tramp ma'muriyati qarorini qoralab, "ta'qiq - qabul qilib bo'lmas holat", deb chiqqan.
“Oq uy biror mediaga yangilikni qanday yoritishni yoki qanday ishlashni buyura olmaydi, bunga haqqi yo'q”, -deyiladi uyushma prezidenti Yujin Daniels bayonotida.
Oq uy matbuot kotibi Karolayn Levit deydiki, yangi nomni butun dunyo tan olishi kerak, chunki rasmiy hujjat orqali o'zgartirilgan.
Prezident Tramp nafaqat janubdagi ko'rfazni, balki Shimoliy Amerikadagi eng baland cho'qqini ham qayta nomlagan. Farmonga ko'ra, endi u Denali emas, Makkinli cho'qqisi deb ataladi. Denali nomini unga 2015-yilda demokrat rahbar Barak Obama bergan edi.
AP Oq uy farmoniga qaramay Meksika ko'rfazi deyishda davom etishini xalqaro me'yorlar va 400 yildan oshiq davrdan beri ishlatiladigan atamaga asoslaydi. Tashkilot buni o'z tahririyatida obdon muhokama qilib, shunday professional to'xtamga kelganini e'lon qilgan.
Lekin Alyaskadagi to'g tamoman AQSh hududida ekani, Prezident Trampning uning otini yangilashga vakolati borligi sabab, AP cho'qqini endilikda Makkinli deb atashga qaror qilgan.
AP uslubi va standartlari jahon bo'ylab jurnalistlar uchun yo'riqnoma va me'yor sanaladi.
"Amerika Ovozi" ham AP uslubiga tayanadi. Tashkilot Kongress tomonidan moliyalansa-da, jurnalistik jihatdan mustaqil va hukumat uning ishiga aralashmaydi. Bu kafolatlovchi qonunlar mavjud.
Lekin "Amerika Ovozi" standartlari bo'yicha muharrirga ko'ra, ko'p tilli axborot vositasi Meksika ko'rfazi va Makkinli cho'qqisi deyishga o'tgan.