Breaking News

AQShda Rossiyaning “Sputnik” dasturlari to‘xtatildi


Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Sputnik”ning mahalliy WZHF radiostansiyasi endi Vashingtonda efirga uzatilmaydi.

“Sputnik” dasturlarida mehmon sifatida tanilgan siyosiy karikaturachi Ted Rall “X”da shunday izoh qoldirdi: “Bayden/Xarris demokratiya uchun kurashayotganini aytmoqda, biroq bugun” “Sputnik News US” Bayden/Xarris sanksiyalari tufayli yopilishga majbur. Mening radio shoularim va karikaturalarim boshqa ajoyib shoular kabi bekor qilindi”.

“The Desk” media biznesi haqidagi yangiliklar saytining xabariga ko’ra, “Sputnik” Vashingtonda va Missuri shtatining Kanzas-Siti hududidagi uchta stansiyada o‘z dasturlarini to‘xtatgan.

Sentabr oyida AQSh Davlat departamenti Rossiya tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan teleradiokompaniyalarga, jumladan, RT telekanaliga nisbatan, Rossiya harbiy kuchlari uchun mablag' to'plagani sababli, yangi sanksiyalar kiritdi. Bu sanksiyalar AQSh tomonidan Rossiya telekanallari birinchi marta bevosita va moddiy harbiy yordam ko‘rsatishda ayblanishi bilan tarixga kirdi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken shunday dedi:

“RT o'zining yangi maxfiy razvedka imkoniyatlari, masalan, uzoq yillik tashviqot va dezinformatsiya harakatlari yashirin qolishini istaydi. Rus yolg'onlariga qarshi bizning eng kuchli antidotimiz esa haqiqatdir. Bu Kreml zulmatda amalga oshirishga urinayotgan ishlarni oshkor qiladi”.

Sanksiyalar dastur mazmunini aniq taqiqlamagan bo‘lsa-da, “Sputnik”ning AQSh radiostansiyalarida efir vaqtini sotib olishini qiyinlashtirdi.

AQSh Davlat departamenti yaqinda qilgan bayonotida shunday dedi:

“Xorijiy missiyalar toʻgʻrisidagi qonunga muvofiq belgilangan tashkilotlar sifatida “Russia Today”, “RIA Novosti”, “RT”, “TV-Novosti”, “Ruptly” va “Sputnik” AQShda ishlayotgan barcha xodimlar haqida Davlat departamentini xabardor qilishi shart. Shuningdek, ular AQSh hududida ega bo‘lgan barcha ko‘chmas mulkni oshkor etishlari talab qilinadi”.

“Sputnik” Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan 2005-yilda tashkil etilgan “RT” va “RT Amerika” televideniye va raqamli media kompaniyasi tarkibiga kiradi. Shu kunga qadar AQShning beshta radiostansiyasi Rossiya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Sputnik” dasturlarini efirga uzatgan.

Rossiya 2022-yil fevral oyida Ukrainaga bostirib kirganidan ko‘p o‘tmay, Milliy Efir Uzatuvchilar Assotsiatsiyasi (NAB) shunday bayonot berdi:

“Birinchi tuzatish so‘z erkinligini himoya qilsa-da, u xususiy shaxslarning axloqiy qarorlar qabul qilishiga to‘sqinlik qilmaydi. Shu sababli, Rossiyaning erkin va suveren Ukraina xalqiga nisbatan ko‘rsatgan asossiz tajovuzini hisobga olib, NAB efir uzatuvchilarni Rossiya hukumati yoki uning agentlari bilan bog‘liq davlat homiyligidagi dasturlarni efirga uzatishni to‘xtatishga chaqiradi”.

“Bunday dasturlar efirga juda cheklangan miqdorda uzatilayotganini bilsak-da, xalqimiz butun dunyo bo‘ylab dezinformatsiyaga qarshi va ozodlik hamda demokratiya yo‘lida to‘liq birlashishi kerak deb hisoblaymiz”, - deya qo’shimcha qiladi uyushma.

Yanvar oyida respublikachi qonunchi Jek Bergman Federal Aloqa Komissiyasini “Sputnik”ning Vashingtondagi WZHF (1390) hamda 105.5 FM chastotasidagi W288BS stansiyasi litsenziyasini bekor qilishga chaqirdi. Bergman maktubda antisemitizmga oid doimiy mavzular va Ukraina urushi haqidagi noto‘g‘ri ma'lumotlar oqimini bunga asos qilib keltirdi.

“Federal Aloqa Komissiyasi tomonidan berilgan litsenziyaga ega bo‘lgan har qanday radiostansiya yoki telekanal so‘z erkinligi huquqiga ega. Biroq bu huquq uning jamoat manfaatlariga mos va mahalliy jamiyat ehtiyojlariga javob beradigan dasturlarni efirga uzatish majburiyati bilan cheklangan”, - deb yozadi Bergman o‘z rasmiy maktubida.

U, shuningdek, litsenziatlarning “mahalliy jamoa ehtiyojlari yoki qiziqishlarini aniqlash uchun hech qanday harakat qilmaganini” va ularning dastur tanlash qarorlari “faqat moliyaviy manfaatlarga asoslanganini” ta’kidladi.

2018-yilda Kongressning uch nafar demokrat a’zosi o‘sha paytdagi FCC raisi Ajit Paydan “Sputnik”ning 2016-yilgi AQSh prezidentlik sayloviga aralashishga oid da'volarini tekshirishni so‘ragan edi.

Demokrat vakillar Anna Eshu, Mayk Doyl va Frenk Pallone tomonidan yozilgan rasmiy xatda shunday deyilgan:

“Vashington shahrida eshituvchilar 105.5 FM to‘lqiniga sozlanishi bilanoq, Rossiya hukumatining AQSh siyosatiga ta’sir o‘tkazishga qaratilgan sa’y-harakatlarini tinglashi mumkin. Afsuski, bu Kremlning propaganda xabarlari FCC tomonidan berilgan litsenziya orqali efirga uzatilmoqda”.

Trump ma'muriyati tomonidan tayinlangan Pay tekshiruv o'tkazishdan bosh tortdi va Birinchi tuzatish FCCga “eshituvchilarning ko‘pchiligi uchun noqulay bo‘lishi mumkin bo‘lgan dastur tanloviga aralashishni taqiqlaydi”, - deb aytdi.

2018-yilda AQSh Kongressidagi ikki partiyali (demokratlar va respublikachilar) a'zolar guruhi “Efirlarda propagandani aniqlash to'g'risidagi oonun” loyihasini taklif qildi.

Loyiha Kongressdan o’tmadi. Federal qoidalar allaqachon xorijiy hukumatlarga Qo'shma Shtatlarda translyatsiya litsenziyalariga ega bo'lishni taqiqlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG