Suriyada eski rejim qulab, yangi rahbar mamlakatni demokratlashtirishga so’z berarkan, bungacha Bashar Assad tuzumi bilan aloqalarni uzgan davlatlar Damashq bilan munosabatlarini qayta ko’rib chiqmoqda.
Biroq AQShda ayrim qonunchilar shoshilmaslikka chaqirmoqda.
“Vaziyatga o’ta erta va o’ta faol aralashish xavfsizlik muammolarini ko’paytirishi mumkin. Shu bilan birga, umuman aloqa qilmaslik yoki sust aloqada bo’lish Rossiya va Eronga yana ta’sirini kuchaytirishga zamin yaratadi, AQShning qiziqishi yo’q degan signal taratadi, bu esa noto’g’ri taxmin bo’lardi. Shubhangiz bo’lmasinki, sanksiyalarni erta olib tashlashning o’ta real tahdidlari mavjud”, - deydi Senatda Tashqi aloqalar qo’mitasining raisi Jim Rish.
Qo’shma Shtatlar Suriyani 1979-yilda terrorga homiylik qiluvchi davlat deb belgilagan, 2011-yilda mamlakatda isyon boshlanishi ketidan Suriya hukumati va rasmiylariga AQShda tegishli mulkni muzlatgan.
“Sanksiyalarimizni qayta ko’rib chiqmasak, Assadning gunohlari uchun Suriya xalqini jazolayotgan bo’lamiz. Suriyada o’tish hukumati AQSh va xalqaro hamjamiyat undan nimalarni kutayotganini bilishi kerak. Bu degani bizga qonun ustuvorligini hurmat qiladigan inklyuziv hukumat uchun aniq, o‘lchanadigan mezonlar bo’lishi kerak”, - deydi Senat qo’mitasining demokrat a’zosi Jean Shahin.
AQSh qonunchilariga ko’ra, Suriyaning o’tish davridagi rahbari Ahmad Sharaaga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak, chunki o’tmishda u “Islomiy davlat”ga aloqador guruhga a’zo bo’lgan, al-Qoidaga bay’at bergan.
“Hozir to’g’ri narsalarni gapiryapti, yomon xatti-harakatlarining aksariyati, tan olish kerakki, o'tmishda bo'lgan”, - deydi senator.
Qonunchilar Suriya hukumati bilan aloqadan voz kechishning zararini ham tushunadi.
“Eronni Suriyadan narida ushlab turish kerak, unga mintaqadagi hamkorlarimiz, ittifoqchilarimizga tajovuz qilishiga imkon bermaslik zarur va shu bilan birga, Xitoy va Rossiya kabi g’animlarimizga bo’shliqni to’ldirishlariga imkoniyat bermaslik kerak”, - deydi demokrat senator Jeki Rouzn.
Kelasi oy Bryusselda bo’ladigan xalqaro anjumanda Suriyaga yordam masalasi muhokama etiladi.
Payshanba kuni Yevropa va Yaqin Sharq davlatlari rahbarlari hamda Suriya Tashqi ishlar vaziri Asad Hasan Shibani Parijda to’planib, bu mamlakatga o’tish davrida ko’maklashish haqida fikr almashdi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ahmad Sharaani Fransiyaga taklif qildi.