Breaking News

Marko Rubio O'zbekiston tashqi ishlar vaziri bilan gaplashdi


AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Gvatemalada, 5-fevral, 2025
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Gvatemalada, 5-fevral, 2025

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, 21-fevral kuni AQSh Davlat kotibi Marko Rubio respublika bosh diplomati Baxtiyor Saidov bilan telefonlashgan.

Vazirlik bu muloqotni "samimiy va samarali suhbat", deya ta'riflagan. Bu - Mirziyoyev va Tramp ma'muriyatlari orasida, Donald Tramp ikkinchi muddatini boshlaganidan beri yuqori darajadagi ilk muloqot.

Unda ikki davlat orasidagi hamkorlik hamda mintaqaviy masalalar tilga olingan.

"O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va AQSh Davlat departamenti mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikni barcha sohalarda kengaytirish yoʻlida yaqin hamkorlikni davom ettirishiga kelishib oldik. Ishbilarmon doiralar oʻrtasida mustahkam koʻpriklar barpo etish, har ikki yoʻnalishda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, Markaziy Osiyo va undan tashqarida farovon taraqqiyotni taʼminlash kun tartibimizning asosiy qismidan o‘rin oldi", - deya bayon qilgan vazir Saidov.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov AQSh elchisi Jonatan Henik bilan muloqotda, Toshkent, 8-yanvar, 2025
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov AQSh elchisi Jonatan Henik bilan muloqotda, Toshkent, 8-yanvar, 2025

Davlat departamenti so'zlovchisi Temmi Bryus bayon qilishicha, Rubio AQSh O'zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlashini bildirgan.

Markaziy Osiyo va AQSh orasidagi diplomatik platforma - C5+1 faoliyatini kengaytirish xususida fikr almashilgan.

"Davlat kotibi Rubio O'zbekistonga noqonuniy migratsiya va terrorizmga qarshi kurashdagi hamkorligi uchun rahmat aytdi", - deydi Bryus.

AQSh O'zbekiston bilan qator yo'nalishlar, xususan muhim minerallar va atom energiyasi texnologiyalari sohasida ishlash niyatida. Saidov va Rubio bu haqda ham so'zlashgan.

O'zbekiston - 2000-yillar boshidan beri AQShning strategik sherigi. Har ikki tomon rishtalardan mamnun ekanini bildirib keladi, jumladan harbiy va xavfsizlik sohasida, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy.

Tramp ma'muriyati ish boshlagach Amerika tashqi yordami to'xtab qolgan, jumladan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) faoliyati va uning O'zbekiston va butun Markaziy Osiyo bo'ylab dasturlari.

Rubio deydiki, agentlik ishi qayta ko'rib chiqilmoqda. USAID endi Davlat departamenti nazorati ostida va hozirgi tekshiruvlardan keyin tashkilot yangidan kuchga kiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG