Breaking News

Markaziy Osiyoning suv muammolari haqida AQShda yangi tahlilnoma


Vashingtonda Atlantika kengashida Markaziy Osiyo suvi muhokamada, 7-fevrla, 2025
Vashingtonda Atlantika kengashida Markaziy Osiyo suvi muhokamada, 7-fevrla, 2025

Markaziy Osiyo bo'ylab yashaydigan 82 milliondan oshiq aholi, Amerika ekspertlariga ko'ra, yaqin kelajakda iqlimdagi salbiy o'zgarishlar, infratuzilma bilan bog'liq muammolar, zaif nazorat va egri taqsimot sabab ob-hayot borasida o'ta murakkab ahvolda qolishi mumkin.

O'zbekiston, Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston va Turkmaniston geosiyosiy va o'zaro ziddiyatlar bois bu muammolarni o'zlari hal qila olmaydi, deydi masalani o'rganib chiqqan mutaxassislar.

AQSh poytaxtidagi aql markazlaridan biri - Atlantika kengashi chop etgan tahlilnomada Uesli Aleksandr Hill, Uilder Alexandro Sanchez va Ariel Koen suv yuzasidan mintaqaviy hamkorlikka, mavjud mexanizmlarni isloh qilishga, "yashil" tizimlar yaratishga, jahon tajribasidan o'rganishga va xalqaro donorlardan bu sohani rivojlantirish uchun ko'proq yordam so'rashga undaydi.

Ariel Koen, tadqiqotchi, Vashingtondagi Xalqaro soliq va sarmoya markazi ilmiy xodimi
Ariel Koen, tadqiqotchi, Vashingtondagi Xalqaro soliq va sarmoya markazi ilmiy xodimi

Ariel Koen deydiki, eskirgan infrastrukturani yangilash milliardlab dollar talab qiladi. Lekin bu sarmoya suvni katta miqdorda asrashi, qishloq xo'jaligini yangi bir bosqichga olib chiqishi mumkin.

"Suvni qayta ishlatish, "kulrang suv" degan manbaga o'tish ham Markaziy Osiyo uchun foydali bo'lishi mumkin", - deydi u, dunyoning boshqa qismlaridagi tajribaga ishora qilib.

Kulrang suv ko'plab mamlakatlarda chiqindi suvdir. Tarkibida haliyam foydali moddalar qolgani uchun u qayta ishlatiladi.

Uesli Aleksandr Hill deydiki, chegara osha hamkorlik suv taqsimotiga kelganda Markaziy Osiyoda hamon xarob ahvolda.

"Aynan shu sohada sherik bo'lish, tizimlarni bir-biriga samarali ulash Markaziy Osiyodagi suv muammolarini hal qila boshlashi mumkin", - deydi Hill.

Uilder Alexandro Sanchez deydiki, har bir hukumat uchun suv masalasi dolzarb bo'lishi kerak, chunki u inson huquqlariga borib taqaladi.

"Aholining suvga bo'lgan ehtiyojini qondirish - har bir davlatning birlamchi majburiyati, lekin real hayotda buni ta'minlash naqadar qiyin ekanini bilamiz", - deydi Sanchez.

Sara Kameron, Merilend universitetidan olima
Sara Kameron, Merilend universitetidan olima

Merilend universitetidan olima Sara Kameron fikricha, Orol dengizini qutqarish uchun imkoniyatlar bor berilgan, ammo hududni tiklash uchun O'zbekiston va Qozog'iston bir yoqadan bosh chiqarishi mumkin.

"O'zbekistton bu jihatdan alohida, Qozog'iston alohida ish ko'rmoqda. Ikki davlat olimlari o'zlaricha tadqiqot va amaliy tajribalar olib bormoqda, ter to'kmoqda, ammo o'zaro koordinatsiya zarur", - deydi Kameron.

Bu orada Kaspiy dengizi ham qurib bormoqda. Bundan tashvishga tushgan atrofdagi davlatlar hamkorlik qilishga majbur, deydi Hill.

Sanchez fikricha, Markaziy Osiyoda suv taqsimoti, sifati va mavjud muammolar yuzasidan o'nlab kelishuvlar va deklaratsiyalar imzolangan. Amalda esa ular deyarli ishga solinmaydi va bu jarayonlar nazorati sust.

Vashingtondagi boshqa mutaxassislar qator omillarni qayd etadi. Ulardan biri - Afg'oniston va uning istak-talablari. Amudaryo bo'yidagi bu mamlakat o'z suv siyosatiga ega va qo'shnilar bilan bu masalalarni muhokama qilib turadi, ammo regional kelishuvlarga qo'shilmagan. Mana shunga erishish tarixiy burilish bo'ladi, deydi ekspertlar.

Uilder Alexandro Sanchez, tadqiqotchi, Vashingtondagi Xalqaro soliq va sarmoya markazi ilmiy xodimi
Uilder Alexandro Sanchez, tadqiqotchi, Vashingtondagi Xalqaro soliq va sarmoya markazi ilmiy xodimi

Aslida mintaqada suv boshqaruvi bo'yicha idoralar bor, shuningdek, ob-hayotni to'g'ri bo'lishish - davlat rahbarlarining uchrashuvlarida hamisha tilga olinadigan mavzu.

Dushanbe Suv jarayoni degan dialog ham shakllangan, biroq yechimlar tomon baribir dadil qadamlar tashlanmayapti.

1991-yilda tuzilgan Suvni muvofiqlashtiruvchi davlatlararo komissiya ishi qayta ko'rib chiqilishi lozim, deydi mutaxassislar.

Suv tarmoqlarining katta qismi Sovet davridan beri ta'mirlanmgan. Tojikiston, O'zbekiston va Qozog'iston kelishib olishi kerak bo'lgan muammolar talay, deya qayd etadi Atlantika kengashi hisobotini yozgan olimlar. Tojikiston suv oqimining tepasida ekan, o'ziga xos nazorat kuchiga ega bo'lishga va avvalo o'z talablarini qondirish uchun urinib keladi.

Uesli Aleksandr Hill, tadqiqotchi, Vashingtondagi Xalqaro soliq va sarmoya markazi ilmiy xodimi
Uesli Aleksandr Hill, tadqiqotchi, Vashingtondagi Xalqaro soliq va sarmoya markazi ilmiy xodimi

AQSh yordamlashishga bel bog'lasa, "Green 5+1" formatida ishlash mumkin, deya taklif qiladi amerikalik ekspertlar. Ya'ni besh respublika Vashington ko'magi bilan yashil zonaga aylanishga harakat qilib, suvni ayash uchun birgalikda chora ko'rishi mumkin.

Bu taklifni berayotgan tadqiqotchilar ta'kidlashicha, Yevropa Ittifoqini ham jalb etish kerak.

Mintaqa Yaponiya va Janubiy Koreyadan ham madad so'rashi, ularning bu boradagi mexanizmlaridan o'rnak olishi mumkin.

Jahon banki, Yevropada tiklanish va taraqqiyot banki va boshqa moliyaviy institutlar shunday ishlarni quvvatlashi lozim, deya undaydi tahlilnoma mualliflari.

"Qozog'iston va O'zbekiston ancha faol, ammo qolgan uch mamlakat G'arb bilan aloqalarga ancha yopiq", - deyiladi hisobotda.

27-betli ilmiy xulosa va takliflarda hukumatlar shaffof bo'lishi, xalqaro qonunlarga bosh egishi, suv tizimlarini yangilash ish o'rinlari yaratishi, kadrlar malakasini oshirish doimiy yo'lga qo'yilishi kabi zaruratlar va imkoniyatlar tushuntirilgan.

Iqlim va atrof-muhitdagi va ayniqsa suv bilan bog'liq muammolar real, deyiladi tahlilnomada, ularni biror davlat, qanchalik o'ziga ishonmasin, yolg'iz hal eta olmaydi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG