Breaking News

Turkmaniston Shimoliy Koreya emas, deydi AQSh sobiq elchilari


Kaspiy siyosat markazi, Vashington, 29-yanvar, 2025
Kaspiy siyosat markazi, Vashington, 29-yanvar, 2025

Metyu Klimov (Matthew Klimow) 2019-2024 yillarda AQShning Turkmanistondagi elchisi bo'lgan. U singari iste'fodagi diplomatlardan yana biri - Richard Hoagland 2007-2008 yillarda Vashingtonning Ashgabatdagi bosh diplomati bo'lgan. Turli davrlar, rahbariyat va sharoitlarda xizmat qilgan bu mutaxassislar nazarida Turkmaniston oldin ham ko'plar tasavvur qilganidek, Shimoliy Koreya emas edi, hozir ham u qadar totalitar tuzum emas.

Klimov va Hoagland ota-bola Berdimuhammedovlar respublikaning yakkahokimlari ekanini, inson huquqlari va erkinlik keskin cheklangani va tizim demokratiyadan uzoqligini inkor etmaydi. Ammo bu keksa diplomatlar tahlilicha, Turkmaniston qashshoq va xo'rlangan jamiyat emas.

"Shaharlar qishloqlarga qaraganda to'qroq. Qishloqlarda kambag'allik ko'lami kengroq, ammo aholining asosiy talablari qondirilgan", - deydi Klimov, o'z ko'rgan-bilganlariga asoslanib.

Asosiy talablar deganda, energiya, yonilg'i, suv va yegulik nazarda tutilmoqda. Turkmaniston qo'shni Afg'oniston bilan qiyoslansa, albatta farovonroq va osoyishtaroq.

Klimov deydiki, neytrallik Turkmaniston uchun o'ta jiddiy qadriyat. Berdimuhammedov rahbariyati xulosa va qaror qilishga shoshmaydi. Qo'shnilar, uzoq va yaqindagi har bir hamkor bilan aloqada ehtiyotkorlik birlamchi omil.

AQSh Markaziy Osiyoa har bir davlatning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlaydi. Turkmaniston bundan minnatdor, deydi Klimov, va kimgadir biror jihatdan tobe bo'lishdan qochadi.

"Xitoy - uning gazining asosiy xaridori va respublikaning eng yirik biznes sheriklaridan, ammo Ashgabatning Pekinga qarzi yo'q. Shuningdek, boshqalardan ham yo'q, - deya ishonadi Klimov.

Xitoy Turkmanistonning gaz inshootlarini yuritadi, ammo ularning egasi emas. Rossiya ham respublikada biror strategik inshootga xo'jayin emas.

AQShning iste'fodagi diplomati Metyu Klimov NATO va boshqa idoralarda ham xizmat qilgan (Caspian Policy Center)
AQShning iste'fodagi diplomati Metyu Klimov NATO va boshqa idoralarda ham xizmat qilgan (Caspian Policy Center)

Ukrainadagi urush borasida Ashgabat biror pozitsiya olgani yo'q, deydi Klimov, chunki betaraf. Biroq Turkmaniston bosqinchilikka qarshi ekanini turli yo'llar bilan bildirgan, deydi iste'fodagi diplomat.

Turkmaniston, deya urg'u beradi u, iqtisodiy-moliyaviy inqirozda emas, ocharchilik yoqasida ham emas, vaholanki G'arb tahlilnomalarida mamlakatdagi ahvol shunday aks etadi.

Inson huquqlari tashkilotlari va mahalliy faollar yillardan beri Turkmanistonda vaziyat tang, deya bong urib keladi. Ularga ko'ra, tuzum o'ta repressiv, huquq muntazam va qo'pol ravishda poymol etiladi, uzviy erkinliklar keskin cheklangan, siyosatni savolga tutish jinoyat deb qaraladi va davlat mutlaq Prezident Serdar Berdimuhammedov va uning otasi, o'zini yurt otasi deb biladigan Qurbonguli Berdimuhammedov qo'lida.

Klimov bu qaydlarning birortasini rad etmaydi, biroq uning nazarida, Turkmaniston hamon dunyoviy tuzum va siyosiy-iqtisodiy jihatdan barqaror. Korrupsiya va byurokratiyaga qaramay tizimda mas'uliyat hissi bor, deydi u.

Ota-bola maslahatlashib turadi, deydi Klimov. U, shuningdek, vazirlarning mulohaza va takliflari ham inobatga olinishiga guvoh bo'lganini aytadi.

Yopiq tarzda bo'lsa-da, hukumat muammolarni muhokama qiladi, xususan hamkorlar bilan ham, deya ta'kidlaydi Klimov.

"Turkmaniston xalqi va rahbariyat orasida o'ziga xos ijtimoiy shartnoma bor", - deydi keksa diplomat.

Ya'ni, tizim xotirjamlik va tirikchilikni ta'minlaydi, xalq esa unga bosh egadi.

Tukmanistonning O'zbekiston bilan aloqalari mustahkam, bu esa Rossiya bilan oldi-berdini chagallashtiradi, chunki Moskva hamon orada rol o'ynashni xohlaydi. Shuningdek, chegaralarni ochish borasida ham Ashgabatning shoshmasligi qo'shni davlatlarga kirib-chiqish naqadar qiyin ekanidan bilinadi.

Lekin turkmanistonliklar vatandan chiqa olmaydi, desak xato bo'ladi, deydi Klimov, chunki ular turli sabablar bilan, jumladan sayohat, tirikchilik va biznes uchun xorijga qatnab turadi.

"Turkmaniston elitasi ancha oyoqqa turib olgan va ularga qarab anglaysizki, ulardagi imkoniyatlar va erkinliklar boshqa fuqarolarda yo'q".

AQSh sobiq elchilari: Turkmaniston Shimoliy Koreya emas
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:19 0:00

AQSh bilan rishtalarda yangi sahifa ochilgan, deydi Klimov.

Ashgabatning tashqi siyosatida u quyidagi faktorlarga e'tibor qaratadi: Avvalo, Afg'oniston: Tolibon bilan ziddiyatga bormadi, yillardan beri orada murosa hukmron. Terrorist guruhlarni yaqinlashtirmadi. Qoradori savdosiga yo'l bermadi. Bunday harakatlarga Turkmaniston rahbariyati toqat qilmaydi.

"100 foiz kafolatlash qiyin, ammo bilamizki, hukumat qattiq choralar ko'radi".

Eron bilan chegaradosh ekan, aloqalar iliq, ammo Turkmaniston shia radikalizmidan hayiqadi.

Tolibon Amudaryodan kelajakda ko'proq suv olishga bel bog'lab, katta kanal qurayotgani Toshkent va Ashgabatni tashvishga soladi, ammo ular buni Kobul bilan birga muhokama qilmayapti, deya kuzatadi Klimov. Dialoglar alohida.

Turkmaniston Afg'onistonda elchixona va konsulliklarga ega. O'zaro savdoni kengaytirish payida.

Respublika o'z gazi uchun xaridorlarni ko'paytirishni, quvurlarni ta'mirlashni, G'arb bilan tijoratni oshirishni istaydi.

"Har qanday masalani Turkmaniston imi-jimida, yopiq eshiklar ortida hal etishni xohlaydi", - deydi u.

Bu mamlakat ham qurg'oqchilikdan aziyat chekmoqda. AQSh bu yo'nalishda yordam berib keladi.

Amerika uchun dunyoning bu qismida eng muhimi, deydi Klimov, barqarorlik. Turkmanistonning neytral ekani Vashington uchun ahamiyatga molik. Qolaversa, deydi u, AQShning turli ijtimoiy, iqtisodiy va ta'limiy dasturlari, taraqqiyot loyihalari beqiyos rol o'ynaydi.

"Ko'magimiz aslida juda oz", - deydi Klimov, lekin ular uzoq muddatni ko'zlaydi va ayniqsa ilm-fan sohasida qiziqish yuqori.

"Turkmanistonni qoralab, uyaltirib, bizga o'xshamayapsan, deya koyish bilan hech narsaga erisha olmaymiz", - deydi sobiq elchi.

"Har qanday xalq va davlat singari u ham mag'rur. O'zligi va tarixi bilan faxrlanadi. O'z yo'lini tanlaganini bildiradi. Biz buni hurmat qilishimiz kerak".

Tramp ma'muriyati ish boshlar ekan, Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat qay tomon yo'naladi, hozircha mavhum.

Klimov diqqatni AQSh nufuzini oshirishga qaratishni maslahat beradi, ya'ni Amerika qadriyatlari va o'zaro manfaatlar yo'lida qadam tashlashni.

Rossiya va Xitoy ta'siri kuchli, chunki ular yaqin va gigant biznes hamkorlar.

Klimov deydiki, AQSh mintaqaviy birdamlikni targ'ib qilaverishi kerak va boshqa hamkorlardan farq qilishi lozim.

"Biz Turkmanistonni tushunamiz, uning betaraf ekanini e'tirof etamiz va hech narsaga majburlamaymiz", - deydi Klimov.

"Turkmanistonning to'rt joyida Amerika burchaklari bor. Ularga qatnov jadal va samarali".

Tramp ma'muriyati xalqaro ko'mak dasturlarini kamida uch oyga to'xtatgan. Ularni qayta ko'rib chiqmoqda, jumladan Markaziy Osiyodagi loyihalarni.

"Qishloq xo'jaligi va suv bilan bog'liq proyektlarimiz Turkmanistonda foyda berayotganini bilaman. Lekin hozir ular ham oqsaydi. Tadbirkorlarni quvvatlovchi dasturlarimiz ham salmoqli. Ma'muriyatimiz mendan so'rasa, aytgan bo'lardimki, ozginagina madad ko'rsatib, bu xalq farovonligi uchun ulkan hissa qo'shayapmiz, buni davom ettirishimiz kerak".

"Bu xalq bizdan minnatdor va bizga ochiq", - deydi Klimov.

Ammo Turkmaniston hukumati xorijiy dasturlardan shubhalanib, ularni cheklashi ham ayon.

"Ha, shunday, qiyin va o'ta byuokratik tizim", - deydi Klimov.

"Sustlashlik, korrupsiya seziladi, ammo yulg'ichlik ko'lami keng emas".

Klimov pandemiya paytida Turkmaniston AQShdan yordam qabul qilmaganini eslatadi. Ashgabat nimaiki kerak bo'lsa, o'zi sotib olishini bildirgan; xayriya kerak emas, degan.

"Shundan ham bilsangiz bo'ladi bu xalq va tizim qanday ekanini", - deydi AQSh sobiq elchisi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG