Breaking News

Faollarga bosim kuchaygan mintaqada fuqarolik jamiyati forumi o'tdi


Markaziy Osiyo hukumatlari bilan siyosiy, iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirayotgan Yevropa Ittifoqi mintaqada fuqarolik jamiyati faollashishiga ham umid qilmoqda.

Bunday umidlar Qozog’istonda o’tgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumida bildirildi.

Yevropa Ittifoqi vakillari hamda Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston fuqarolik jamiyati faollari yig’ilgan bu forumda boshqaruvda, iqtisodiy, siyosiy jarayonlarda fuqarolik jamiyati vakillarining ishtirokini kuchaytirish muhokama qilingan.

Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo bilan hamkorlikka oid qabul qilgan yangi strategiyasi mintaqada fuqarolik jamiyati rolini oshirishga alohida diqqat qaratadi.

Yevropa ittifoqining Qozog’istondagi elchisi Aleshka Simkich forum davomidagi murojaatida Yevropa Ittifoqi hukumatlar, shuningdek, fuqarolik jamiyati faollari bilan yaqin hamkorlikdan manfaatdor ekanligini ta’kidlar ekan, aynan shunday hamkorlik natijasi mintaqani rivojlanishga yetaklovchi asosiy omillardan biri bo’lishiga ishonishini ta’kidladi.

Forumda Markaziy Osiyoni barcha davlatlaridan vakillar ishtirok etgan, fuqarolik jamiyati vakillarining davlat boshqaruvidagi ishtiroki oshayotgani, ular qonunlar ishlab chiqarilishida, muhokamasida, shuningdek, jamiyatlar hayotida muhim o’rin tutgan qarorlar olinishida qatnashayotgani haqida ma’ruzalar qilingan.

Ammo mintaqada erkin fuqarolik jamiyati shakllangan deyish juda qiyin, hatto ayrim davlatlarda bunday jarayonning boshlangani ham kuzatilmaydi. Ayniqsa, eng yopiq mamlakat maqomidagi Turkmaniston kabi davlatlar, u yerdagi fuqarolik jamiyati haqida deyarli ma’lumotlar yo’qligi nazarda tutilsa.

So’nggi yillar Markaziy Osiyodagi demokratiya oroli sifatida qayd qilingan Qirg’izistondagi vaziyat ham ortga ketayotganini, mamlakatda fuqarolik jamiyati faollariga nisbatan bosim jiddiy kuchaygani, mintaqa “demokratiya orolidan” mahrum bo’lganini ko’rsatdi.

Xususan, Qirg’izistonda xalqaro tashkilotlardan moddiy yordam olayotgan nodavlat tashkilotlarga qarshi bosim mamlakatning rivojlanish yo’li o’zgarayotganidan darak beradi.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan qirg’izistonlik faollardan biri mamlakatdagi vaziyatni Rossiyada fuqarolik jamiyati vakillari xorij agentlariga tenglashtirilishi, ularga qarshi boshlangan kurash kampaniyasiga o’xshatadi.

Shu yilning mart oyida navbatdagi parlament saylovlarini o’tkazishga hozirlanayotgan Tojikistonda ham fuqarolik jamiyati taqdiri ancha ayanchli. Hozirgacha o’ndan oshiq faollar, jurnalistlar davlat to’ntarishiga urinishda, davlatga xiyonatda ayblanib, qamoqqa tashlandi.

Forumga mezbonlik qilgan Qozog’istonda ham fuqarolik jamiyati tazyiqlardan xoli emas.

Forum arafasida Almatida o’tgan yopiq mahkamada Qozog’istonda 2022-yilning yanvarida kuzatilgan ommaviy norozilikning ayrim ishtirokchilari ustidan sud hukmi o’qildi. Ekstremizm, hokimiyatni kuch bilan egallashda ayblangan 44 kishi turli darajadagi qamoq jazosiga hukm qilindi.

Qozog’iston jamoatchiligi tomonidan “qonli yanvar” nomi berilgan bu namoyishlar butun mamlakat bo’ylab yoyilgan, unda minglab odamlar ishtirok etishgan, ammo namoyishlar hukumat tomonidan ayovsiz bostirilgan, yuzdan oshiq odam halok bo’lgan edi.

Qozog’iston hukumati jamoatchilik ko’targan talab - yanvar voqealarini xalqaro miqyosda tergov qilish zaruriyatini rad etdi.

O’zbekistonda ham fuqarolik jamiyati faollariga bo’lgan tazyiqlar anchadan buyon muntazamlik kasb etgan, asosan jamiyat fikriga ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan blogerlar nishonga olinmoqda.

Yaqindagina shunday blogerlardan biri, sobiq deputat Qobil Do’sov qamoqqa olindi. Avval Ta’lim vazirligi xodimini haqorat qilishda ayblangan Do’sov bir yilgacha ozodlikdan cheklanish chorasi bilan jazolangan edi.

Do’sov uy sharoitida o’taladigan jazo tartibini buzganlikda, jumladan internetdan foydalangani, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida turli postlar joylagani uchun jazo turi ozodlikdan mahrum qilishga o’zgartirilgani ta’kidlanadi.

Yevropa Ittifoqi tashabbusidagi Markaziy Osiyo forumi mintaqada fuqarolik jamiyati faollariga bosim kuchaygan bir manzarada o’tdi.

Ammo bu Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hukumatlari o’rtasidagi munosabatlarga ta’sir qilgani, bu hamkorlik munosabatlarida inson haqlari muammosi jiddiy munozaraga chiqqani hozircha kuzatilayotgani yo’q.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan hamkorlik rivojlanishida fuqarolik jamiyati shakllanishi, so’z, siyosiy erkinlik, inson huquqlari ta’minlanishiga muhim shartlardan biri sifatida qarab kelgan.

Ammo so’nggi paytda yuzaga kelgan geosiyosiy jarayonlar avtoritar boshqaruvda, inson haqlarini toptashda aybli ko‘rilgan Markaziy Osiyo hukumatlariga nisbatan bosimlar ham ancha zaiflashtirgani bilan kuzatiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG