Qirg'iziston Adliya vazirligi bu hafta o'z saytida "xorijiy vakil" deya tamg'alangan tashkilotlarni e'lon qila boshladi.
Nohukumat-notijoriy muassasalardan hozircha uchtasi bu ro'yxatda: Yevrosiyo biznes klubi, JIA tadbirkorlik uyushmasi va "Fauna & Flora" atrof-muhit muhofazasi bilan mashg'ul guruh.
Vazirlikka ko'ra, qaydnoma uzunlashib boradi. Tashkilotlar haqidagi ma'lumotlar tahlildan o'tib, hukumat o'z xulosalarini qilmoqda. Bunga yo'l beruvchi qonun bu yil qabul qilingan va 9-sentabrdan kuchga kirdi.
Kelasi ikki oy ichida mamlakatdagi yuzlab tegishli tomonlar o'z hujjatini topshirishi shart. Tegishli tomonlar deganda xorijdan moliya, jumladan grant yoki boshqa turdagi ko'mak oladigan, siyosiy masalalar bilan shug'ullanadigan muassasalar nazarda tutilmoqda.
Vazirlikdan shu tariqa qayta ro'yxatdan o'tmagan tashkilotlar cheklanadi va hatto, berkitilishi mumkin.
Prezident Sadir Japarov bunday siyosatni oshkoralik va adolat ta'minoti deb ataydi. 2-aprelda mazkur qonunga imzo chekkanida Japarov biror tashkilot asossiz nishonga olinmaydi, deya so'z bergan.
O'nlab mahalliy va xalqaro tashkilotlar Bishkekni bu qonunni qoralab, hukumatdan uni bekor qilishni so'ragan. Ular nazarida fuqaro jamiyatiga cheklovlar qo'yilmoqda va mustaqil tashkilotlarga nisbatan repressiya kuchaymoqda.
O'zini demokratik deb bilgan tizimda fuqaro jamiyati davlat boshqaruvini bemalol tergay olishi va muammolarga yechim taklif qilgan holda, amaldagi siyosatni tanqid qila olishi kerak, deydi shikoyatchi tomonlar.
"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan tashkilotlarning ayrimlari qonunga bosh egishga va yangicha tarzda hukumatga hisobot berib turishga bel bog'lagan. Ba'zilari uchun esa yangi qonun adolatsizlikdir va shu bois ular yopilish taraddudida. Xorijdan moliya olishni bas qilishga qaror qilgan tashkilotlar ham bor.
G'arb, xususan AQSh va Yevropa Ittifoqi xavotiricha, Qirg'izistondagi bu yangi tartib fuqaro jamiyatini susaytirib, barcha sohalarga salbiy ta'sir qiladi.
Japarov ma'muriyatiga ko'ra esa bu qonun "shaffoflik tomon yana bir qadam".