Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" xalqaro tashkiloti tahlilicha, 2023-yilda O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yanayam yomonlashdi.
Bloger va jurnalistlarni ta’qib qilish va jinoiy javobgarlikka tortish sezilarli darajada ortdi.
2022-yilda Qoraqalpog‘istonda yuz bergan xunrezliklar yuzasidan adolat ta'minlanmagan.
Hukumat esa bunday tanqidlarni inkor etib, Nukusdagi voqealarda o'nlab insonlar javobgarlikka tutilgani, jumladan xavfsizlik organlari xodimlari ham sudlanib, qamalganini ta'kidlaydi.
HRW qayd etishicha, qoraqalpoq faollarga ichkari va tashqarida bosim kuchli. Norvegiyada yashayotgan Aman Sagidullayev va Qozog'istondan panoh topgan Nietbay Urazbayev konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilganlik ayblovi bilan sirtdan sudlangan va 18 va 12 yil muddatga ozodikdan mahrum etishga hukm qilingan. Yaqinda Urazbayev vafot etdi. Yaqinlariga ko'ra, o'limning asosiy sababi - ruhiy bosim.
O'tgan bir yil ichida panjara ortiga tashlangan blogerlar va jurnalistlar esa, mutasaddilarga ko'ra, erkin so'zi uchun emas, jinoiy harakatlari uchun jazolangan.
2023-yilda prezidentlikka ikkinchi bor qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonni keyingi o'n yillikda boshqarishi tayin, deydi fuqarolar.
Vaziyat qay tomon yo'naladi? Demokratiya yo repressiya?
Adliya vazirligi mustaqil inson huquqlari guruhlarini ro‘yxatga olishni rad etib kelmoqda, deyiladi HRW hisobotida.
2023-yilda oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni qonunchilikka kiritib, xotin-qizlarni muhofaza qiluvchi hujjatlar yangilandi, lekin HRW nazarida, muammoni hal etish uchun real kurash hali boshlanmagan.
O‘zbekistonda o'tgan yilgi konstitutsion referendum va prezidentlik saylovini asosiy xalqaro kuzatuvchi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, erkin va adolatli deb baholamadi.
Jarayonlar raqobatsiz va debatsiz kechdi, chunki muxolif ovozlarga yo'l berilmadi. “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasi ro‘yxatga otishga qayta va qayta urindi, biroq imkon berilmadi.
O'zbekistonda "qiynoqqa solish va shafqatsiz muomala jiddiy muammoligicha qolmoqda", deyiladi HRW hisobotida.
2023-yilning 21-mart kuni 12 nafar ichki ishlar xodimlari 32 yoshli shaxsni Andijonning Shahrixon tumanida joylashgan tergov izolyatorida o‘lguncha do‘pposlagani uchun 3 yildan 4 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan.
16 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan qoraqalpoq blogeri va yurist Dauletmurat Tajimuratov ham huquq-tartibot organi tomonidan azoblanganini aytgan. Uning advokati Sergey Mayorovga ko'ra, mahkumning huquqlari qamoqda ham buzilgan.
Prezidentni haqorat qilish jinoiy huquqbuzarlik deb qaraladigan respublikada tizim o'z tanqidchilarini soxta ayblovlar bilan javobgarlikka tortishi normal hol bo'lib qolmoqda, deya sarhisob qiladi HRW. Tashkilot O'zbekiston sud tizimini mustaqil deb hisoblamaydi.
Oyma-oy kuzatilgan bosimlar va tazyiqlar, cheklovlar va taqiqlarni xatlar ekan, HRW xalqaro hamjamiyatni, xususan Yevropa Ittifoqi, AQSh hamda BMT va boshqa tashkilotlarni O'zbekiston va har bir davlat bilan hamkorlikda inson huquqlari birlamchi masala bo'lishi lozim, deya undaydi.
Yevropa Ittifoqi va BMTning tegishli organlari O‘zbekistondagi ahvol yuzasidan xavotir bildirib keladi, chunonchi har ikkisi Mirziyoyev prezidentligi davrida aloqalarni mustahkamlagan va hukumatni sherik deb biladi.
Sheriklik bu davlatda erkinlikni kengaytirishi, adolat tomon progressga yetaklashi kerak emasmi? - deya so'raydi HRW.
8-noyabrda O‘zbekiston BMT Inson Huquqlari Kengashida o‘zining to‘rtinchi universal davriy hisobotini berdi. Maxsus hay'at mustaqil ekspertlarni va faollarni ham tingladi. Hukumatga berilgan tavsiyalar bajarilishi kerak, deya eslatadi HRW. Jumladan, qiynoqlar mutlaq to'xtatilishi, fuqaro jamiyati va media ta'qibsiz, erkin ishlashi shart.
O'zbekiston hukumati odatda HRW hisobotlariga to'g'ridan-to'g'ri javob bermaydi, ammo mutasaddilar, xususan inson huquqlari bo'yicha mas'ullar yuqoridagi kabi tanqidlarni aksariyat hollarda asossiz deb ta'riflaydi.
Tub muammolar talay ekanini e'tirof etadiganlar ham bor, xususan hukumatda, ammo ular fikricha, islohotlar samara berishi uchun vaqt va tinimsiz harakat zarur. Umuman olganda, deydi ular, O'zbekiston oldingi prezident davriga qaraganda erkinroq.
Ko'plab jurnalistlar va blogerlar esa "nisbiy erkinlikka qaramay" hozirgi sharoit ularni xavotirga solishini aytadi.