Qariyb 50 mamlakatda 100 dan oshiq a'zoga ega harakat - "Coalition for Human Rights in Development" (Taraqqiyot loyihalarida inson huquqlarini himoya qiluvchi koalitsiya) O'zbekiston poytaxtidagi qurilishlar aholini ko'chishga majbur qilmoqda, deya bong urmoqda.
Yevropada asoslangan bu nohukumat tashabbus rivojlanayotgan davlatlarda taraqqiyot dasturlari amalga oshirilishida erkinlik va adolatni targ'ib qiladi.
Xususiy fondlar homiyligidagi koalitsiya dunyo bo'ylab yirik banklar va moliyaviy institutlar bilan ham hamkorlikni yo'lga qo'ygan, chunki ular davlatlarga rivojlanish uchun mablag' ajratadi.
Ayni damda harakat diqqati Toshkentda 2016-yildan beri Mirobod tumanidagi ikki qavatli uyi va hovlisini saqlab qolish uchun kurashayotgan Dilmurod Mirusmonov va uning oilasi taqdirida.
Taraqqiyot loyihalarida inson huquqlarini himoya qiluvchi koalitsiya tahlilicha, Mirsumonovlar O'zbekistondagi "korrupsion adliya va siyosiy tizim" dan jabr ko'rmoqda. Chunki, deyiladi tashkilot bayonotida, ularning dardiga sistema befarq, bundan foydalangan bizneslar bilganini qilmoqda.
14 a'zolik oila, jumladan 9 bola va ularning keksa buvisi, 11-yanvardan hovlidan haydalishi haqida ogohlantirilgan.
Ularni chiqishga majbur qilayotgan kompaniya "Golden House" bo'lib, koalitsiya gumon qilishicha, bu firma va uning boshidagi "Orient Group" kompaniyasi ortida mavhum shaxslar va Rossiya kapitali turibdi.
"Golden House" taklif qilgan kompensatsiya Mirusmonovlarga ma'qul kelmagan.
2019-yildan beri sudlashib kelayotgan, ammo da'volari rad etilgan Mirusmonov kurashni davom ettirishga bel bog'lagan. Uning oilasi 300 kvadrat metr maydonli hovlisini, zamonaviy shakldagi uyini 67 kvadrat metrli ikki kvartiraga, "havosi buzuq, sanoatlashgan" hududdagi "arzonroq va kichikroq" joyga almashishni istamaydi.
Mirusmonov Prezident Shavkat Mirziyoyevdan yordam so'ramoqda. Inson xohlamagan joyda yashashga majbur emas, bu borada bizneslar qaror qilmasligi kerak, foyda ketidan chopgan tomonlar fuqaroni eza olmaydi, degan mazmunda murojaat qilmoqda oila.
O'zbekistondagi sharoitni o'rgangan xalqaro koalitsiya tahlilicha, mamlakatda, xususan Toshkentda bunday og'ir holga tushganlar o'nlab mingni tashkil etadi.
Shaharlarni rivojlantiramiz deb boshlangan loyihalar amaliyotida hukumat va bizneslar, bir-biri bilan qorishib ketgan tomonlar, jamoatchilik bilan hisoblashmaydi, deya xulosa qilmoqda harakat.
Koalitsiya "Facebook" orqali Toshkentda majuburiy ko'chirishlar haqida ommani voqif qiluvchi va muhim muhokama maydoniga aylangan “Tashkent Snos movement” sahifasini ishonchli manba sifatida ko'rib, poytaxtda nafaqat turar joy, balki tarixiy-madaniy ahamiyatga ega inshootlar ham buzib tashlangan, hozir ham buzilmoqda va yaqin kelajakda shunday xavf bo'sag'asida, deya tasvirlaydi.
2019 yilda Vazirlar Mahkamasi jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida qaror chiqarib, quruvchilarga odamlarning uyini egallab olmaslikni va ularni haydamaslikni buyurgan.
Koalitsiya o'rganishicha, "Golden House" va boshqa "bunyodkorlar" respublikaning korrupsiya domidagi tizimlaridan ruxsat olish yo'llarini topib, aholiga bosim ko'rsatib kelmoqda.
Mirusmonovlar oilasi, ular kabi boshqa jabrlanuvchilar va bu fuqarolarni himoya qilayotgan xalqaro koalitsiya O'zbekistonda boshqaruv, xususan Prezident Mirziyoyevning o'zi bu muammo bilan jiddiy shug'ullanadi, degan umidda.
Hukumat chora ko'rgani e'tirof etiladi, ammo jabrlanganlar deydiki, amalda qonunlar va tartib ayovsiz buziladi.