Olti yarim millionga yaqin aholisi bilan Qirg'iziston Markaziy Osiyoning eng kichik iqtisodiy tizimlaridan biri va xorijdan to'g'ridan-to'g'ri sarmoya istaydi.
Sadir Japarov prezidentligi davrida, ya'ni 2021-yil boshidan buyon mamlakat demokratik harakatlardan jiddiy chekingani kuzatiladi. Inson huquqlari va erkinlikni himoya qiluvchi mahalliy va xalqaro tashkilotlar tahlilicha, Qirg'iziston endi Markaziy Osiyoning, nisbatan bo'lsa-da, eng erkin jamiyati emas.
Aksincha, deyiladi qator hisobotlarda, Qirg'iziston hozirda qo'shnilari kabi parlament roli o'ta zaiflashgan, yakkahokimlik chuqur ildiz otgan, avtokratik tuzumdir.
Hukumat va uning tarafdorlari bunday ta'rifni inkor etadi. Japarov o'ziga xos islohotlar boshlagan, deydi ular, xususan infratuzilmani yangilash, savdo va tranzitni kengaytirish, mintaqaviy birdamlik va aholining iqtisodiy salohiyatini ko'tarish uchun chora-tadbirlar ko'rmoqda.
Amerikalik ekspert Fred Starr Vashingtonda tashkil etilgan onlayn forumda so'zlar ekan, Japarovni bu borada olqishlab, Qirg'iziston regional jarayonlardan ortda qolmasligi kerak, deya undadi.
Jahon bankiga ko'ra, respublikaning 2023-yildagi yalpi yillik mahsuloti qariyb 14 milliard dollarga yetgan.
Markaziy Osiyoning eng ko'p aholiga ega davlati (37 miliondan oshiq) O'zbekistonda bu ko'rsatkich 101 milliard dollardan oshgan.
20 milliondan ziyod ahli bilan Qozog'iston mintaqaning eng kuchli iqtisodiyoti - 2023-yildagi yalpi milliy mahsuloti 262 milliard dollardan o'tgan.
10,5 milliondan ko'proq odam yashaydigan Tojikistonda bu raqam 12 milliard dollar atrofida, 6 millionga yaqin aholilik Turkmanistonniki esa 29 milliard dollar.
Bishkekdagi Markaziy Osiyo Regional instituti direktori Almazbek Beyshenaliyev ta'kidlashicha, Qirg'iziston hamon dunyoga ochiq, ayniqsa bizneslar va investorlarga.
"Xorijdagi qirg'izistonliklarning roli beqiyos - ular vatanga sarmoya qilib, ish o'rinlari yaratmoqda; qurilishlar, kichik va o'rta bizneslarni rivojlantirmoqda va mamlakatga madaniy va ijtimoiy ta'siri keng", - deydi Beyshenaliyev.
AQSh-Qirg'iziston Biznes kengashidan Yelena Son deydiki, Qirg'izistonga e'tibor ayniqsa oxirgi yillarda oshib, Amerikaning "General Electric", "Coca-Cola" va boshqa yirik kompaniyalari respublikada faol ishlamoqda va yangi investitsion loyihalar talay.
"Kichik lekin uzoq muddatni ko'zlovchi proyektlar olib boriladi", - deydi Son.
"Qirg'iziston - Markaziy Osiyoda AQShga muntazam ravishda biznes delegatsiyalar olib keladigan yagona respublika".
Sonning ta'kidlashicha, Qirg'iziston axborot texnologiyasi bobida ham yetakchi davlat va buni ko'plar tahlilchilar hisobga olmaydi. Uningcha, respublika bu sohada Yevrosiyo bo'ylab ilg'orligi bilan ko'zga tashlanadi.
Biznes kengashi vakili Bishkekdagi rahbarlarni "aqlli va strategik" deya maqtaydi.
Ta'lim va boshqa sektorlardagi innovatsion qadamlari bilan ham Qirg'iziston ajralib turadi, deydi Son.
Vashingtonda u singari biznes targ'ibotchilar va Starr kabi siyosatdonlar Tramp ma'muriyatiga Markaziy Osiyoni aslo chetga surmaslikni, u bilan yaqindan hamkorlik qilishni tavsiya qilmoqda. Chunki, deya eslatadi ular, Amerika mintaqa uchun muhim va ayniqsa, uning siyosiy-iqtisodiy yordami yuqori baholanadi.
Beyshenaliyev so'zlariga ko'ra, xavfsizlik - ustuvor yo'nalishlardan. Bishkek bu va boshqa yo'nalishlarda Vashington bilan yaqindan ishlashga qiziqadi.
Starr fikricha, Amerika va Qirg'iziston mediasi aloqalarni, hamkorlik va o'zaro manfaatlarni deyarli yoritmaydi.
"Vaholanki, bu masalalarni o'rganib kelayotgan mutaxassislar talay va ma'lumot olish va topish qiyin emas", - deydi professor.
Son kuzatishicha, Markaziy Osiyo va hatto Kavkaz mamlakatlari birdamlikka intilmoqda.
"Raqobat emas, sheriklikni kuchaytirish kun tartibida, ayniqsa biznesda", - deydi u.
Starr nigohida Qirg'iziston geografik jihatdan mintaqaviy bog'liqlik tizimida balki eng muhim o'rinda bo'lishi kerak va buni rahbariyat anglaydi. Bunda xususan Xitoy bilan chegara va savdo yo'llari nazarda tutiladi. Rossiya va Xitoy bilan rishtalar mahkam.
Amerikaning respublikaga nima taklif qila oladi? Sarmoya, deydi mutaxassislar, va nafaqat moliyaviy, balki texnik, intellektual va ma'naviy.
Ta'lim, sog'liqni saqlash, texnologiya va ijtimoiy taraqqiyotda Amerikaning madadi azaldan qadrlanadi. Biroq AQShdan mablag' oladigan fuqaro jamiyatiga Japarov davrida to'siqlar qo'yildi, jumladan ular "xorijiy vakil" deya tamg'alana boshladi va nazorat kuchaydi.
O'tgan yili AQShning o'sha paytdagi Davlat kotibi Entoni Blinken bu yangi tartibni qoralab, Bishkekni aloqalarga putur yetkazmaslikka chaqirgan. Jarapov bunga shaxsan javob berib, maqsad chetdan kelayotgan moliya nimaga qanday sarflanayotganini aniq bilish va shu tariqa shaffoflikni ta'minlash ekanini aytgan.
Amerika hukumati Markaziy Osiyoda har bir davlatning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlashini bildirib keladi.
Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp prezidentlik yillarida Qirg'izistonda demokratik yutuqlar salmoqli deya sarhisob qilingan. Ammo o'tgan besh yillikda respublika yuzasidan siyosiy tahlillar asosan salbiy.
Qirg'izistonni yoritish, xususan mamlakatga chet el muxbirlarining kirib-chiqishi qiyinlashgan, ularning respublikadagi faoliyati bosim ostida.
Jurnalistlarning tasvirlashicha, mahalliy va milliy media ham cheklovlar ichida ishlaydi. Davlat axborot vositalari hukumatni targ'ib qilish va maqtash bilan band. Mustaqil media, tanqidiy va surishtiruvga asoslangan materiallar berishga bel bog'lagan tashkilotlar esa yo yopilgan yo xavfsizlik xizmati iznida ishlashga majbur.