Breaking News

Qirg‘iziston G‘arb sanksiyalarini aylanib o‘tishda Rossiyaga ko‘maklashib kelmoqda


AQSh Moliya vazirligi bergan xabarga ko’ra, Qirg’iziston kompaniyalari Rossiyaga sanksiya ostidagi elektron qismlar va boshqa texnologiyalar eksportini davom ettirmoqda.

Ekspertlarga ko’ra, Rossiyaga qarshi G’arb qo’llagan sanksiyalarga amal qilish Qirg’izistonda bizneslar qarshiligi, cheklangan byurokratik resurslar va Kreml bilan ziddiyatga borishdan tiyilish tufayli samara bermayapti.

2022-yildan buyon AQSh hukumati va Yevropa Ittifoqi o’nlab qirg’iz kompaniyalarini Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzganlar ro’yxatiga kiritgan.

AQSh Moliya vazirligi saytida qayd etilishicha, Qirg’iziston Respublikasida joylashgan kompaniyalar Rossiyaga Ukraina urushi boshlangani ortidan sanksiya joriy qilingan elektron qismlar va texnologiyalarni eksport qilib kelmoqda. Eksportning muayyan qismi Rossiya mudofaa sanoatiga yetkazilayotgan strategik ahamiyatga ega tovarlar sanaladi.

Moskva Ukrainaga bosqinni boshlagan 2022-yildan beri Qirg’iziston va Rossiya o’rtasidagi savdo hajmi sezilarli darajada o’sgan. Qirg’iziston Davlat statistika qo’mitasi tadqim etgan ma’lumotga ko’ra, joriy yil Qirg’izistondan Rossiyaga eksport hajmi 2023-yilgi ko’rsatkichdan 47 foizga oshgan.

Qirg’iziston va Rossiya Armaniston, Belarus va Qozog’iston qatorida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tarkibida. Ekspertlarga ko’ra, Kreml Qirg’izistonning ushbu blokka a’zoligidan sanksiyalarni aylanib o’tishda foydalanmoqda.

G’arb bosimi ostida Qirg’iziston hukumati yangi sanksiyalarning oldini olish uchun qator choralarni qo’lladi.

2022-yil oktabridan Qirg’iziston banklari Rossiya fuqarolari uchun asosiy to’lov tizimi sanalgan “Mir” kartalariga tranzaksiyalarni to’xtatdi.

Qirg’iziston hukumati joriy yilning avgust oyidan tashqi savdoga mas’ul davlat kompaniyasini tuzib, unga xususiy kompaniyalarning eksport-import jarayonlarini nazorat qilish vazifasini yukladi. Oradan bir oy o’tib, hukumat qarori bilan mamlakat banklariga Xitoy, Janubiy Koreya va Yevropa Ittifoqidan kirgan tovarlarni Rossiyaga qayta eksport qilishda ishtirok etadigan barcha mahalliy va xorijiy kompaniyalarning to’lov operatsiyalarini to’xtatish majburiyati belgilandi. Davlat Savdo kompaniyasi bu majburiyatdan ozod etildi.

Qirg’iziston rasmiylari bu choralarni samarali va ijobiy baholadi, biroq mintaqa ekspertlari boshqa fikrda.

Bishkeklik siyosatshunos Emil Jo’rayevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, G’arb sanksiyalariga amal qilishni nazorat qilishda Qirg’iziston hukumatining imkoniyatlari cheklangan.

“Import va eksport tovarlariga doir to’liq ma’lumot Bojxona xizmati bazasida. Rossiyaga yetkazilayotgan tovarlarni nazorat qilish mumkin. Biroq sanksiya ostidagi tovarlar mamlakatga kontrabanda yo’li bilan olib kiriladi”, - deydi u.

Qirg’iziston hukumati, shuningdek, jazo choralarini qo’llashda oqsamoqda. Dekabr oyi holatiga ko’ra, hukumat AQSh sanksiyalari ro’yxatiga tushgan bor-yo’g’i ikkita kompaniya litsenziyasini bekor qilgan xolos.

Oktabr oyida Rossiya ommaviy axborot vositalariga intervyu bergan Qirg’iziston rahbari Sadir Japarov G’arb bosim qo’llaotganini tanqid qilgan edi. G’arb siyosatchilari esa bosimning kuchayishi Qirg’izistonni Rossiya bilan tobora yaqinlashishga majbur qilishidan ham xavotirda.

Mart oyida qirg’iz jurnalistlari bilan muloqot qilar ekan, AQShning Qirg’izistondagi elchisi Lesli Vigeri sanksiyalar Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni buzishga qaratilmaganini ta’kidlagan edi.

Biroq G’arb Qirg’iziston hukumatiga bosimni pasaytirmoqchi emas. AQSh oktabr oyida sanksiyalar ro’yxatiga Markaziy Osiyodan yana to’rtta kompaniyani qo’shdi. Ulardan biri qirg’iz kompaniyasi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG