Breaking News

Tramp Markaziy Osiyoni Rossiya izmida qoldirishi mumkinmi?


Qozon, Tatariston, 21-fevral, 2024
Qozon, Tatariston, 21-fevral, 2024

AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning hokimiyatga qaytishi dunyoning aksariyat qismida xavotir bilan qarshi olinmoqda.

Ekspertlar nazarida bundan Markaziy Osiyo ham xoli emas, ayniqsa Tramp Vladimir Putin bilan geosiyosiy kelishuvga borishi ehtimoli kuchli ekanligi nazarda tutilsa.

Rossiya prezidentining yaqinda Qozog’istonga qilgan safari Putinga ko’rsatilgan haddan ortiq ehtirom, hashamatli qabul marosimlari bilan jamoatchilik diqqatini tortdi. Ekspertlar buning sababini Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayev geosiyosiy o’zgarishlar epkinini ilg’ayotgani bilan izohlashadi.

Markaziy Osiyo - Rossiya va Xitoy ta’siri o’ta kuchli bo’lgan mintaqa. Xitoyning ta’siri siyosiy emasdir, ammo iqtisodiy jihatdan kuchli. Rossiya esa mintaqadagi siyosiy jarayonlarni ham nazorat qilib keladi.

Markaziy Osiyo bo’yicha ekspert Alisher Ilhomovga ko’ra, To’qayevning Putinga ko’rsatgan ehtiromi, Putin uchun uyushtirilgan tantanali qabul marosimlari bejiz emas.

“To’qayev Tramp hokimiyatiga qaytishidan so’ng Putin bilan aloqalarni tiklashi, geosiyosiy kelishuvlarga borishi, mintaqa yana Rossiya manfaatlari doirasida qolishini ehtimol qilmoqda. Qozog’istonda Rossiya prezidentiga ko’rsatilgan tantanali qabul hatto Putinning o’zi uchun ham kutilmagan bo’ldi. Har holda u shunday dedi. Bu global siyosiy maydonda kutilayotgan o’zgarishlar bilan bog’liq. Trampning hokimiyatga qaytishi Markaziy Osiyoni yana Rossiya izmida qoldirishi mumkin. To’qayev buni ilg’ayapti, fursatdan foydalanib, Putin bilan munosabatlarni yanada qalinlashtirishga intilmoqda”, - deydi Ilhomov.

Vladimir Putin noyabr oyi oxirida Qozog’istonga safar qildi, uni aeroportda shaxsan To’qayevning o’zi kutib oldi. Putin sharafiga uchirilgan samolyotlar havoda Rossiya bayrog’i ranglarini aks ettirishdi.

Bu safarda tomonlar strategik sheriklikni muhokama qilishdi. Putin Qozog’istonda rus tiliga ko’rsatilayotgan ehtirom uchun To’qayevga minnatdorchilik bildirdi.

Bu Putinning Qozog’istonga ilk safari emas, faqat kutilmagan tantanalar uni avvalgilaridan farqlaydi. Hozirgacha Ukraina urushi, G’arb sanksiyalari bois zimdan Rossiyadan masofa ushlashga urinib kelgan mintaqa davlatlari Moskvaga nisbatan “ehtirom”ni ochiq namoyon qilishga o’tayotganlariga ishora beradi.

Alisher Ilhomovga ko’ra, bu o’zgarishlar Trampning hokimiyatga kelishi ortidan kutilayotgan siyosiy jarayonlarga bilvosita munosabatdir, ammo haqiqatda siyosiy vaziyat qanday rivojlanishi hozircha mavhum.

“Chunki Tramp hali saylovdagi g’alabasi ortidan Markaziy Osiyo haqida biror narsa degani yo’q, uning diqqat markazida Rossiya va Xitoy bilan munosabatlar turibdi. Tramp davrida AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati qanday shakllanishi aynan shunga bog’liq bo’ladi. Markaziy Osiyo - Rossiya va Xitoy ta’siri o’ta kuchli bo’lgan mintaqa. Xitoyning ta’siri siyosiy emasdir, ammo iqtisodiy jihatdan kuchli. Rossiya esa mintaqadagi siyosiy jarayonlarni ham nazorat qilib keladi. Tramp Putin bilan murosaga borishi, Markaziy Osiyoni Rossiyaning strategik manfaatlariga kiruvchi hudud sifatida tan olishi mumkin. Bu mintaqani yana Rossiya doirasiga itaradi, yaxlit Markaziy Osiyo manfaatini shakllantirish harakatlari to’xtaydi”, - deydi Ilhomov.

Uning fikricha, Tramp davrida Rossiya bilan aloqalar tiklanishi, Xitoy bilan munosabatlar keskinlashishi ehtimoli kuchli.

“Xitoy mintaqaning asosiy iqtisodiy sherigiga aylangan. Albatta, AQSh tomonidan Xitoyga nisbatan keskin choralar qo’llanishi bilvosita iqtisodiy ko’rsatkichlarga, hamkorlikka ta’sir qiladi. Ammo buni Rossiya bilan mavjud munosabatlarga tenglashtirib bo’lmaydi. Xitoy mintaqa davlatlariga keskin siyosiy shartlar qo’ymaydi, asosan iqtisodiy loyihalar, sarmoya bilan qudratini oshirmoqda. Menimcha, shuning uchun ham AQSh-Xitoy ziddiyati mintaqa uchun jiddiy xavotir, keskin silkinishlar tug’dirmaydi”.

Donald Tramp boshqaruvi 2025-yilning 20-yanvaridan, qasamyod qabul qilishi ortidan boshlanadi. Markaziy Osiyo liderlari Donaldni Tpampni saylovdagi g’alabasi bilan tabriklashgan, hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdorlik izhor qilishgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG