Breaking News

Turkiya Markaziy Osiyoda faollashmoqda


Turkiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy va diplomatik aloqalarini kengaytirishga urinmoqda.

Xalqaro hayot - 30-noyabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:36 0:00

Turkiya Prezidenti Rayab Toyib Erdog’an Markaziy Osiyo rahbarlari bilan so’nggi bor noyabr oyida Turkiy davlatlar tashkilotining Ostonadagi sammitida uchrashdi.

Erdog’an shu paytgacha asosan Rossiya va Xitoy ta’sirida bo’lgan mintaqada iqtisodiy va diplomatik munosabatlarni kuchaytirish uchun turkiylikni ishga solmoqda.

“Yumshoq kuch Turkiyaning ustunliklaridan biri. Rossiya va Xitoyda ham o’ziga yarasha ustunliklar bor. Masalan, Rossiya xavfsizlik bobida muhim, qattiq kuch deb atasak bo’ladi. Xitoy esa muhim iqtisodiy o’yinchi albatta. Biroq hech biri Turkiyaning mintaqa bilan bo’lgan madaniy va tilshunoslik aloqalariga ega emas”, - deydi Marmara universitetining professori Chag’dash Ungor.

Turkiyaning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari taranglashar ekan, Anqara qit’aga tobeligini susaytirish maqsadida Markaziy Osiyoda faollashmoqda.

Ukrainadagi bosqin uchun Yevropa sanksiyalariga uchragan Rossiya ham Markaziy Osiyoda ta’sirini kuchaytirmoqchi.

“Rossiya logistika masalasida jiddiy o’zgarishlarga yuq tutmoqda. G’arbga yetaklovchi yo’llarning aksariyati yopiq, ishlamaydi”, - deydi Parij xalqaro aloqalar maktabidan Tatyana Mitrova.

Qo’shma Shtatlar Moskvaning izolyatsiyadan chiqish harakatlariga to’siq qo’yish va Xitoy ta’sirini nazorat qilish maqsadida Markaziy Osiyoga e’tiborini qaratmoqda.

Ayrim tahlilchilar nazarida, mushtarak maqsadlar Anqara va Vashingtonni hamkorlikka undashi mumkin.

“Bayden BMT Bosh Assambleyasining sessiyasi chetida Markaziy Osiyo rahbarlari bilan Nyu-Yorkda uchrashdi. AQSh Markaziy Osiyoni Xitoyni jilovlash, Rossiyaga qarshi turishga hozirlashga urinmoqda va Turkiya NATOdagi ittifoqchi sifatida bunga yordam berishi mumkin”, - deydi London energetika klubidan Mehmet O’gutchu.

Rossiya Markaziy Osiyoni o’z ta’sir doirasining bir qismi deb biladi va Turkiyaning hozirgi harakatlarini olqishlamasligi mumkin. Biroq tahlilchilar fikricha, Putin Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o’tishda yordam berayotgan Erdog’an bilan hozircha yaxshi aloqada bo’lishga intiladi.

“Rossiya mintaqadagi yetakchi pozitsiyani tiklashga qaror qilib, Turkiya bilan raqobatni yana boshlashi mumkin. Ikki mamlakat o’rtasida yangi to’qnashuv ehtimolini hisobdan chiqarmayman, biroq keyingi 1-2 yilda Rossiya batamom yangi iqtisodiy voqelikka moslashishga harakat qiladi”, - deydi Mitrova.

Rossiya, Xitoy va Qo’shma Shtatlar Markaziy Osiyoda ta’sirini kuchaytirishga zo’r berarkan, Anqaraning bu raqobatga qo’shilishi mintaqani yangi xalqaro kurash maydoniga aylantirishi mumkinligi aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG