O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasining tinch yo‘l bilan hal qilinishi dunyoda yoki mintaqada andoza bo‘lishi mumkinmi?
Nafaqat ayrim hududlar almashildi, balki avval O‘zbekistonda yashagan o‘nlab insonlarga Qirg‘iziston fuqaroligi ham berildi.
Toshkent bilan Bishkek o‘rtasidagi kelishuv qonli to‘qnashuvlargacha yetgan qirg‘iz-tojik chegarasini hal qilishda o‘rnak sifatida qo‘llaniladimi?
Chegara kelishuvlari narkotrafik, diniy ekstremizm muammolarini qanchalik bartaraf eta oladi?
Qora-Yantoqdagi yangi hayot
O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiya kelishuviga muvofiq, avval O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatiga qarashli bo‘lgan Qora-Yantoq qishlog‘i 2024-yili Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Qadamjoy shahri tarkibiga qo‘shildi. Bu qishloq aholisi asosan qirg‘iz millatiga mansub.
Qora-Yantoq – tog‘ yonbag‘rida joylashgan sokin qishloq. Bir vaqtlar O‘zbekiston tarkibida bo‘lgan bu hudud endi Qirg‘izistonga qarashli.
Qish bo‘lgani uchunmi, ko‘chada odam kam. Uchratganlarimiz asosan, katta yoshdagilar. Ularning aytishicha, yoshlarning ko‘pi Rossiyaga ishlashga ketgan.
Qishloq raisi bo‘lib bir necha yil ishlagan Yunusali Aliboyev shunday deydi:
“Mana Qirg‘izistonga o‘tdik. Qirg‘izistondagi qarindoshlarning siyosati qanaqa bo‘ladi, hozircha bilmaymiz. Bizga ish-joy qilib berishar. Bizning el chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Agar yaylovdan yer bersa, mollarimizni bemalol boqardik. Suv chiqarib berishsa, yana yaxshi bo‘lardik. O‘zbekistonni yomon demayman, tug‘ildik, o‘sdik. Ming marotaba rozimiz. Ikki prezidentning kelishuvi bilan bo‘lyapti”.
Qani endi chegaralar yo‘q bo‘lib, avvalgidek bordi-keldi qilsak. Vodilimizga borsak, kaptarxonamizga borsak, do‘st-yorlarimiz bor. Avvallari sunnat to‘y qilsak, ular kelardi, biz borardik, uloq chopardik...
Qora-Yantoq qishlog‘ini Qirg‘izistonga o‘tkazish jarayoni 2017-yilda boshlangan. Rasmiy Bishkekning ma’lumotiga ko‘ra, qishloq turg‘unlarining 250ga yaqiniga 2024-yilning oktabrida Qirg‘iziston fuqaroligini tasdiqlovchi pasportlar berildi. Mahalliy aholining aytishicha, 300ga yaqin xo‘jalikda mingdan oshiq odam yashaydi. Ularning ayrimlarida avvaldan Qirg‘iziston fuqaroligi bo‘lgan.
“Biz avvaldan Qirg‘izistonda yashasak deb niyat qilardik. Sababi, qarindosh-urug‘larimizning barchasi Qirg‘izistonda edi”, – deydi yana bir qorayantoqlik Sharobiddin Norboyev.
Aholiga qirg‘iz pasportini berish dekabr oxirigacha yakunlanishi kerak. Oktabrda qorayantoqliklar bilan uchrashgan Botken viloyati rahbariyati ijtimoiy xizmat ko‘rsatish va boshqa masalalarni hal etish bo‘yicha maxsus dastur qabul qilinishini bildirgan.
“Chegara chiziqlari... mana shu yerda katta yo‘l bor edi - O‘sh-Qadamjoy yo‘li. Ana shu yo‘lning oldi tarafida eni va uzuni 4 metrga 4 metr qilib kovalangan chuqurlik bor edi. Ana shuning oldi tarafi Qirg‘izisistonga o‘tsa kerak deb o‘ylagandik. Lekin kelishuvga ko‘ra qishloqning etak tarafidan chegara chizig‘i bo‘ldi. Biz ko‘rib turgan ana bu bo‘sh joylar O‘zbekistonga qoldi”, – deydi Norboyev.
Sharobidin Norboyev Qora-Yantog‘dagi maktabda boshlang‘ich sinflarga dars beradi. Bu qishloq O‘zbekistonga qarab turgan paytlarda ham maktabda darslar qirg‘iz tilida o‘qitilgan.
“Men 2-2,5 million so‘m oylik olardim. Qirg‘izistonda 21,5 ming som maosh olyapman. Qirg‘iz somining kursi yuqoriroq bo‘lgani uchun, bu yerdagi oyligim ko‘proq hisoblanadi”, – dedi Norboyev.
Lekin maktabga kirib, dars jarayonini tasvirga ololmadik, boshqa o‘qituvchilar bilan gaplashishga ham imkon bo‘lmadi. Maktab direktori jurnalistlar bilan suhbatlashishga ruxsat bermasligini aytdi va bizni maktab hududidan ketishimizni talab qildi.
Aholining jurnalistlar bilan suhbatlarga tayyor emasligi, kamera va mikrofonlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi ularning siyosiy tartib-qoidalarga bo‘lgan ehtiyotkorligini ko‘rsatmoqda. Bu esa, uzoq yillar avtokrat hokimiyat ostida yashagan aholining ruhiy holatini aks ettirgandek bo‘ldi. Ayrimlar hatto ko‘chalarni ham videoga olmaslikni iltimos qilishdi.
Qishloq aholisining ko‘pchiligi migratsiya sababli Rossiyada ishlayotgani ichki resurslar va mehnat bozoridagi bo‘shliqni ko‘rsatib turibdi. Bu holat nafaqat Qora-Yantoq, balki Markaziy Osiyoning boshqa chegaraoldi qishloqlari uchun ham xos.
Shuningdek, suv ta’minoti va yaylov masalasi odamlarning kundalik hayoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mahalliy aholi chorvachilikdan daromad olgani sababli, yaylov yerlarining taqdiri ularning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligi uchun muhimdir.
“Xudoga shukr, avval suvdan qiynalardik. Qirg‘iziston bilan gaplashib olib kelishardi. Hozir ham suv muammosi bor, sekin bo‘ladi hammasi”, – deya javob berdi qishloqning yana bir turg‘uni Ummugulsum Tojiboyeva.
Qora-Yantoqda hozircha ikki davlatning valyutasi aylanmoqda — qirg‘iz somi ham, o‘zbek so‘mi ham ishlaydi. Qishloq ko‘chalarida o‘zbek davlat raqami taqilgan avtomobillarni ko‘p uchratasiz.
Qishloqning Qirg‘iziston tarkibiga o‘tishi nafaqat geografik, balki ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik o‘zgarishlarni ham o‘z ichiga olgan jarayondir.
“Qani endi chegaralar yo‘q bo‘lib, avvalgidek bordi-keldi qilsak. Vodilimizga borsak, kaptarxonamizga borsak, do‘st-yorlarimiz bor. Avvallari sunnat to‘y qilsak, ular kelardi, biz borardik, uloq chopardik... Sen o‘zbeksan, sen qirg‘izsan deb bo‘linishning nima keragi bor?” – deydi Yunusali Aliboyev.
Qora-Yantoq misolida biz fuqarolarning milliy kelib chiqishidan ko‘ra, ularning ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy ehtiyojlari ustun ekanligini ko‘ryapmiz. Qora-Yantoqdagi odamlar uchun sarhadlardan ko‘ra hayot sifati muhimroq. Ularning umumiy xohishi esa osoyishtalik, barqarorlik va inson sifatida qadrlanish.
Sovigan aloqaning isishi
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegarani aniqlash asosan 2022 – 2023-yillarga to‘g‘ri kelgani bilan, yakuniy jarayon 2024-yilda bo‘ldi. Shuning uchun “Ozodlik” buni yilning muhim voqealaridan biri sifatida tahlil qilishni joiz topdi.
“Buni katta progress desak bo‘ladi. Chunki, 30 yildan ko‘proq vaqtdan beri bunday kelishuvga erishilmagandi. Shuning uchun buni ikki davlat uchun ham g‘alaba deyish mumkin. Biroq xalq bundan qanchalik mamnun ekanini aytish qiyin masala. Chunki, Qirg‘izistonda shartnomaga qarshiliklar ko‘rsatilganini bilamiz. Lekin ikki davlat o‘rtasidagi chegarada avval ko‘plab muammolar bo‘lganini hisobga olganda, bu kelishuvni jasorat desak bo‘ladi”, – deya fikr bildirdi Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchi Bryus Panniyer.
Chegara kelishuvlari borasida diplomatik aloqaning namunasi o‘laroq olqishlanayotgan Markaziy Osiyoda hal qilinadigan yana muhim masalalar bor. Ularga dastur davomida to‘xtalamiz.
Sovet kartograflari bir davlatning chegarasini boshqa bir davlatga noqulay tarzda qo‘shib qo‘yish oqibatlari mintaqada 30 yildan oshiq vaqtdan beri bosh og‘riq bo‘lib keldi. Bu haqida Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Edil Baysalov bunday deydi:
“Dunyoda chegara muammosi haqida gap ketganda, Farg‘ona vodiysi doimo misol qilib keltirilardi. Sovet ittifoqiga kirgan ayrim davlatlar o‘rtasidagi chegaralar hech qachon yechilmaydiganday, maxsus murakkablashtirilgan va hech bir taraf hech qachon kelishuvga erisholmaydiganday, kelishuvga rozi bo‘lmaydiganday klassik misol sifatida ko‘rsatilardi”.
Ayniqsa, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning Farg‘ona vodiysidagi hududlarida biri biriga chirmalib ketgan joylar ko‘p. Bu esa davlat chegaralarini hal qilishda muammo yaratib, hatto inson o‘limi bilan bog‘liq mojarolarni keltirib chiqargan. Toshkentning qo‘shnilar bilan aloqasi tobora sovib, chegaralar yopilgan.
2016-yilda hatto O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘z harbiylarini Ungar-Tepa deb atalgan kichik tog‘ yaqiniga joylashtirgan, mintaqada chegara masalasi urushga sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi bashoratlar yanada xavotirli tus olgan edi. Bu voqeadan yarim yil o‘tar-o‘tmas, O‘zbekistonning birinchi avtoritar prezidenti Islom Karimov vafot etdi.
Karimovning o‘limidan keyin esa mintaqa davlatlarida siyosiy aloqa iliqlashib, hukumatlar chegara muammolarini hal qilishga kirishishdi.
2000-yillarda, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegaralar to‘liq aniqlanmagan bo‘lishiga qaramasdan, Toshkent bir tomonlama chegaralarni to‘sib, o‘rtaga chuqurliklar qaza boshlagan.
O‘zbek tomoni bu harakatni 1999-yili Qirg‘iziston hududi orqali O‘zbekistonga terrorchilarning sizib kirish urinishlari bilan izohlagan. Bu esa Bishkekning e’tiroziga sabab bo‘lgandi.
2005-yili Andijon shahridagi namoyishlar hukumat kuchlari tomonidan bostirilganda yuzlab odam Qirg‘iziston hududiga qochib o‘tgan. Shundan so‘ng Toshkent Qirg‘iziston bilan chegara punktlarini birin-ketin yopishni boshlagan.
Qirg‘izistonda 2010-yildagi Aprel va Iyun voqealaridan keyin esa Karimov hukumati chegaralarni deyarli butkul yopdi.
2013-yilga kelib, ikki davlat o‘rtasida faoliyat ko‘rsatadigan sanoqli punktlar qolgan, xolos. Lekin “fuqarolar faqat telegramma orqali qatnaydi” degan qoida kirgizilgan.
Odamlar o‘zlariga yaqin hududdagi nazorat punktidan o‘ta olmay, uzoq yo‘lni bosib boshqa nazorat maskanlaridan kirib-chiqishga majbur bo‘lishgan.
Bu davrda oliy darajadagi siyosiy muloqot kamaygan, aloqalar sovugan va chegaralarni aniqlash jarayoni ham to‘xtab qolgan. Toshkent chegaralarni minalashtirgan.
“Bir vaqtlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlariga soya soladigan yoki keskinlik, tushunmovchilik holatlarini yaratgan segment - chegarani minalashtirish masalasi saqlanib turgandi. Yaqin o‘tmishda minasizlashtirish jarayoni bo‘lib, u hal qilindi”, – deydi siyosatshunov Farhod Tolipov.
Ikki davlat o‘rtasidagi chegaraning uzunligi deyarli 1473 kilometrni tashkil etadi. Uning 1170 kilometriga doir hujjatlar 2017-yili imzolangan. Qolgani bo‘yicha 2022-yili konsensusga kelishildi.
Qirg‘izistonlik tahlilchi Adil Turdukulov:
“Chegara masalasi Qirg‘izistonning so‘nggi 30 yillik tarixida tashqi va ichki siyosatning muammosi bo‘lib kelgan. Bu Akayev davrida boshlangan. O‘sha paytda Xitoy bilan chegara hal qilinganida Uzonguu-Kuush hududini Xitoyga berilishi odamlarda norozilik keltirib chiqargan. Shuning uchun Akayevning hokimiyatdagi taqdiri 2005-yildagi inqilob bilan tugadi. Keyingi prezidentlar esa chegara masalasini hal qilishdan qochishga, javobgarlikni olmaslikka harakat qilishgan. Ammo O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegara muammosi keskinlashib boraverdi. Agar bu masala hal etilmasa, yanada keskinlashishi aniq edi”.
Hal bo‘lgan chegara va xavfsizlik
Xullas, Qirg‘iziston va O‘zbekiston 30 yildan ortiq davom etgan chegara muammosiga chek qo‘yganini e’lon qildi.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 2022-yili parlamentdagi nutqida ilgari Qirg‘iziston bilan kelishilmagan 35 ta uchastka bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilganini, muzokaralar 5 yildan ziyod davom etganini aytgan. Qirg‘iz tarafi qo‘shnilardan 19 ming gektardan ko‘proq yer olganini bildirgan.
Ikki respublika parlamentlari kelishuvlarni ma’qullab, prezidentlar Davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma va Kampirobod suv omborini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitim ratifikatsiyalangan.
Chegara masalasi hal bo‘lgani haqida 2023-yilning yanvarida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka davlat tashrifi chog‘ida e’lon qilindi. 2024-yilda qirg‘iz tomoni demarkatsiya ishlari – ya’ni chegaralarni aniq belgilash jarayoni deyarli yakunlanganini bildirdi. Toshkent odatda chegaraga bog‘liq masalalarda kam izoh beradi yoki umuman rasmiy ma’lumot bermaydi.
Tahlilchi Anvar Nazirovning Markaziy Osiyoning umumiy chegarasi masalasini ilgari surish kerak, deb hisoblaydi.
“Eng muhimi, albatta bu masala tinchlik yo‘li bilan yechimini topdi. Endi u yog‘iga chegaralar qanday nazorat qilinadi? Chunki, Qirg‘izstonda ham, O‘zbekistonda ham ichki va tashqi xavfsizlik chaqiriqlari bor. Bu - narkobiznes, diniy ekstremizm, terrorchi guruhlarning faollashuvi. Shuning uchun Markaziy Osiyoning umumiy chegarasi masalasini oldinga surish kerak. Markaziy Osiyoning tashqi chegarasi degan tushunchaning xavfsizligini o‘ylash kerak. Bu juda muhim deb o‘ylayman”.
Tahlilchi Alisher Ilhomov chegarani hal qilishni siyosiy iroda bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi:
“Chegara mavzusini Markaziy Osiyo misolida qaraydigan bo‘lsak, Islom Karimov davrida qo‘shnilar - Tojikiston, Qirg‘iziston bilan munosabatlar unchalik yaxshi bo‘lmagan, bu esa “sovuq urush” kabi ko‘pga cho‘zilgan. Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng, uning avtoritar boshqaruv uslubiga qaramasdan, ichki siyosatda ikkita ijobiy jihatni ko‘rish mumkin. Birinchisi, iqtisodiy liberalizatsiya, garchi nisbiy bo‘lsa-da, muhim ahamiyatga ega. Ikkinchisi esa, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash, xususan, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan mavjud muammoli holatlarni bartaraf etishga bo‘lgan intilish va siyosiy iroda. Qirg‘iziston prezidenti Japarov Kampirobod suv ombori masalasida mamlakatdagi ichki tanqidga qaramasdan, har ikki tomon o‘zaro hudud almashish bo‘yicha kelishuvga erishishdi”.
Ayni paytda kelishuv bandlaridan biri, ya’ni Kampirobod suv ombori ostidagi yerlarning boshqa yer uchastkalari evaziga O‘zbekistonga berilishi Qirg‘izistonda jamiyatning bir qismi noroziligiga sabab bo‘ldi. Mamlakatda “Kampirobod ishi” deb nomlangan jinoyat ishi ochilib, 2022-yilning kuzida 30 ga yaqin siyosatchi va faollar hibsga olindi. Bir yarim yildan keyin Bishkekning tuman sudi ularni oqladi, lekin prokuratura shahar sudiga murojaat etgan. Ish haliyam mahkamada ko‘rilyapti.
“Kampirobod ishi" figurantlaridan biri, jamoat faoli Ilgiz Shamenov shu yil 29-noyabrda Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev ularni qabul qilgani va yangilangan chegara xaritasini ko‘rsatganini bildirdi. U Feysbukdagi rasmiy sahifasiga “bizning xarita avval 199 kvadrat metr bo‘lsa, hozir 200 ming kvadrat metr bo‘lganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim” – deya, Tashiyev aytgan ma’lumotlarga ishonganini yozdi.
Bu muammoni kelajak avlodga qoldirmasligimiz lozim. Bu – tarixiy mas’uliyat. Uni shoshmasdan, puxta tarzda, mamlakat manfaatlaridan kelib chiqqan holda hal qilib, qo‘shnilar bilan totuvlikda yashashimiz zarur.
Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Edil Baysalov rasmiy Bishkek chegarani milliy manfaatlardan kelib chiqib hal qilganini ta’kidlaydi.
“Chegarani faqat ikki davlat belgilaydi. Ikki davlat qanday kelishsa, u konstitutsiyaviy organlarning qarori bilan amalga oshiriladi. Ba’zi bir kimsalar o‘tirib, “men boshqacharoq hal qilardim, bu noto‘g‘ri bo‘ldi” demasligi kerak. Agar shunday qilishni istagan bo‘lsangiz, saylanishingiz va shu muammolarni hal qilishingiz kerak edi. Ammo siz saylanmagansiz. Shuning uchun, bu muammoni kelajak avlodga qoldirmasligimiz lozim. Bu – tarixiy mas’uliyat. Uni shoshmasdan, puxta tarzda, mamlakat manfaatlaridan kelib chiqqan holda hal qilib, qo‘shnilar bilan totuvlikda yashashimiz zarur”.
Kelishuvga ko‘ra, Kampirobod suv omborini 12 kishilik komissiya boshqaradi. Komissiyaga har ikki tarafdan oltitadan odam kiradi. O‘zbekiston suv ombori xavfsizligini ta’minlash, texnik xizmat ko‘rsatish va kelishilgan hajmda suv berish majburiyatini oladi.
Tahlilchi Bryus Panniyer kelishuvning kelajagi haqida fikr bildirdi:
“Men boya aytganimdek, Qirg‘iziston tarafda Kampirobod suv ombori bilan bog‘liq bahslar mavjud. Kelajak avlodda bu tarixiy kelishuvning bandlariga balki norozi bo‘lganlar chiqar. Lekin hozirgi damda bu katta progress. Chunki, chegara muammolari hal etilmagan paytda otishmalar, janjallar bo‘lganini bilamiz. Hozir hammasi yaxshi. Lekin 20 yildan keyin qanday bo‘lishini bilmaymiz. Foyda-ziyonini o‘sha davrda o‘ylab ko‘rishar”.
Tahlilchi Adil Turdukulov esa chegara kelishuvi ikki davlat uchun ham strategik yutuq bo‘ldi, degan fikrda.
“Kampirobod masalasi juda katta muammo bo‘ldi. Negaki, tabiat jihatidan Qirg‘izistonning qo‘shni mamlakatlardan bir afzalligi bor – ya’ni suv resurlariga ega. Suv siyosatini qo‘shniga berib qo‘yish to‘g‘ri emas, degan fikrlar shundan kelib chiqqan. Qolaversa, chegaraning hal qilinishining Toshkent uchun ham, Qirg‘iziston uchun ham ahamiyatli tomoni shundaki, agar bu muammo yechilmasa, unda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining qurilishi savol ostida qolardi. Hozir esa bu loyiha boshlandi, shu sababdan strategik yutuqka ega bo‘ldik, degan fikrdaman”.
O‘zbekistonning chegara siyosati
Endi O‘zbekistonning boshqa qo‘shnilari bilan yurgizayotgan chegara siyosatiga to‘xtalamiz.
"Ozodlik" manbalariga ko‘ra, O‘zbekiston barcha qo‘shnilari bilan delimitatsiya ishlarini yakunlagan. Lekin demarkatsiya ishlari oldinga siljigani yo‘q. Bu borada Toshkent Qozog‘iston va Tojikiston bilan xukumatlararo komissiya ish yuritayotganini aytib keladi.
Turkmaniston bilan hukumatlararo komissiya haqida ma’lumotlar ochiq manbalarda yo‘q.
Rasmiy xabarlarda Ashxobod bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muntazam muzokaralar olib borilayotgani haqida ta’kidlanadi. Turkmanistonning hukumatga yaqin nashrlari o‘rtadagi tovar ayirboshlash hajmi oshgani haqida xabar bermoqda. Shunga qaramay, ikki davlat fuqarolari uzoq yillardan beri chegaradan u yoki bu o‘tishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini aytishadi. Chet elga, shu jumladan, O‘zbekistonga ketayotgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni Turkmaniston rasmiylari e’lon qilmaydi.
Ayni damda mintaqadagi chegarada yana bir og‘riqli nuqta bor edi. Bu Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi hududlarga bog‘liq. 2021-22- yillarda qurol qo‘llanilgan qonli to‘qnashuvlarda ikki tomondan o‘nlab insonlar halok bo‘lgan.
2024-yili Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha hukumat ishchi guruhlari barcha uchastkalarda aniqlashtirish ishlarini yakunladi. Bu haqida ikki davlat 4-dekabrda rasman e’lon qildi. Ammo hozircha bahsli hududlar qanday hal qilingani haqida rasmiy bayonot berilgani yo‘q.
Bishkek bilan Dushanbega namuna?
Avvalroq Ozodlik murojaat etgan ekspertlar va rasmiylar Bishkek va Toshkent o‘rtasida erishilgan kelishuv Dushanbe bilan qo‘l qo‘yiladigan hujjatlarda namuna bo‘lishini aytishgandi:
“Markaziy Osiyoning barcha davlatlari uchun misol tariqasida olish sal qiyin, lekin bu Qirg‘iziston bilan Tojikistonning chegara masalasini hal qilishga yaxshi namuna bo‘ladi. Ular Farg‘ona vodiysidagi hududlarni bo‘lishishadi. Tojikston va Qirg‘iziston o‘rtasida chegara mojarolarini yaxshi bilamiz. Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegarasi ham Farg‘ona vodiysidagi hududlardan o‘tadi. Shuning uchun bu kelishuvni Tojikistondan bilan muammoni yaqin kelajakda hal qilish uchun namuna sifatida qo‘llasa bo‘ladi”, – dedi tahlilchi Bryus Panniyer.
Eksklavdan ko‘chgan barakliklar
Qirg‘izistonning Qorasuv tumanida barpo etilgan Yangi Barak qishlog‘i aholisi avval Qirg‘izistonning O‘zbekistonning ichkarisidagi hududi bo‘lgan Barak eksklavida yashashgan.
Ikki tomonlama kelishuv shartlariga ko‘ra, Qirg‘izistonning 208 gektar hududga ega Barak qishlog‘i O‘zbekistonga berildi. O‘z navbatida Qirg‘iziston ham Andijon viloyatidan teng miqdordagi hududni o‘ziga qo‘shib oldi.
Abdukaim Aliyev Yangi Barak qishlog‘idagi yangi uyini Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmati jurnalistiga tanishtiryapti. U tug‘ilib o‘sgan, hayotining unutilmas damlari kechgan Barak qishlog‘ini tashlab, yangi makonga ko‘chib o‘tish oson bo‘lmaginini gapirib berdi:
“Shunday joyni tashlab ketishga kimning ham ko‘ngli chidardi? Lekin ko‘chib kelganimiz yaxshi bo‘ldi. Avvallari yo‘llarni aylanib, Qizil-Qiya tomondan kelib-ketishga ancha qiynalardik.. Keyin yaqinroq joydan yo‘l ochib berishdi. Tirikchilik osonlashib, borib-kelib yurdik. Hayot yaxshi davmo etayotgandi. Lekin hamqishloqlarning ko‘pi allaqachon Qirg‘izistonga ko‘chib o‘tib ketishgan. Eski qishlog‘imiz doim yodimizda bo‘ladi. Shunday joyni tashlab ketganmiz deb yuramiz. Muammomizni hal qilib bergan kattakonlarga rahmat”.
Abdukaim Aliyev eski qishlog‘ida uyi va 88 sotix yeri bo‘lganini, hosildan olgan daromad bilan kun kechirganini qo‘shimcha qildi.
15-noyabrda O‘sh viloyatining Qora-Suv tumanida yangi tashkil etilgan Yangi-Barak qishlog‘i rasman ochilib, O‘zbekiston hududida qolib ketgan Qirg‘izistonning Barak eksklavidan odamlar ko‘chib kelishdi.
“Bo‘ldi, kelvoldik. Sog‘ingandan foyda yo‘q. U yerda maktab, feldsher-akusherlik punkti bor edi. Bu yerda ham sekin-asta bo‘ladi. Nabiram bolalar bog‘chasiga borardi, hozir uyda yig‘layapti, bog‘chasini sog‘inyapti shekilli. Ming marta shukr, kattalarga rahmat. Bizni olib kelishdi”, – deydi qishloq turg‘uni Idayat Ashirova.
Yangi qishloqning ochilishiga qatnashgan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bu voqea qirg‘iz xalqi va mamlakat uchun juda muhim hamda quvonchli ekanini ta’kidlagan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Yangi-Barak qishlog‘ida 101 uy-joy qurilib, suv, elektr energiyasi bilan ta’minlandi. Buning uchun budjetdan 270 million som, ya’ni 3 million dollardan ko‘proq harajat sarflangan. Dehqonchilik uchun yer berish, maktab va bolalar bog‘chasi qurilishi rejalashtirilgan.
Qora-Suv tumanining Oq-Tosh qishloq hukumatiga qarashli Barak qishlog‘i Qirg‘izistonning eng yirik eksklavi hisoblangan. O‘zbekistonning Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida, chegaradan 1,5 kilometr uzoqlikda joylashgandi. Barakliklar Qirg‘izistonga avval Qorag‘Suvdagi nazorat maskanidan o‘tishardi. 2013-yili O‘zbekiston tomoni anklavga boradigan yo‘lni bir tomonlama yopib, o‘nlab kilometr olisdagi Botken viloyatining Qizil-Qiya tumanidagi nazorat-o‘tkazish punkti orqali o‘tishga ruxsat bergan. Shundan so‘ng munosabatlar tobora qiyinlashib, masala hal etilmaganidan keyin barakliklar Qirg‘iz hukumatidan ularni evakuatsiya qilishni so‘ragandi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara kelishuvidan keyin fuqarolarning nazorat punktlaridan o‘tish tartibi osonlashtirildi. Ya’ni, u yoki bu davlatga ID karta bilan o‘tish imkoniyati paydo bo‘ldi.
O‘zbekistonliklar kelajakda Qozog‘iston va Tojikiston chegaralaridan ham ID karta bilan o‘tish imkoniyati ega bo‘lishlari mumkinligini Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bildirgan.
Xalqning va tahlilchilarning kelajakda Yevropa Ittifoqi singari chegara nazorat punktlari birato‘la olib tashlanishi haqidagi taxminlari borasida hozircha rasmiy javob yo‘q.
Barqarorlik omili
Chegaralar davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini ta’minlaydi, bu esa xalqaro huquq va global siyosatda katta ahamiyatga ega. Chegaralar aniq belgilangandan so‘ng, davlat o‘z ichki va tashqi siyosatida barqarorlikka ega bo‘ladi. Lekin tahlilchilar nazdida Markaziy Osiyoda xavfsizlik borasida e’tibor qaratiladigan yana bitta masala bor.
“Kelajakda Markaziy Osiyo davlatlarining oldida jiddiy global chaqiriqlar turibdi. Iqlim o‘zgarishi, suv yetishmasiligi va buning oqibatida qishloq xo‘jaligida paydo bo‘ladigan muammolar. Bular xavfsizlik uchun katta chaqiriq. Bitta mamlakat o‘z kuchi bilan bunga qarshi kurasha olmaydi. Shuning uchun Markaziy Osiyoda qandaydir bir ittifoq tuzish kerak. Bunaqa loyiha yoki platforma juda dolzarb. Buni qanday amalga oshadi, amalga oshadimi yoki yo‘qmi, bilmayman. Buning uchun siyosiy elitaga katta farosat kerak. Lekin bunaqa farosat Markaziy Osiyo elitalarida borligi ko‘rinmayapti, afsuski bu fakt”, – deydi Anvar Nazirov.
Investitsiya nuqtai nazaridan, aniq belgilangan chegaralar xorijiy investorlarga ishonch ostida faoliyat ko‘rsatish imkonini yaratadi. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiy rivojlanish va resurslarni samarali taqsimlashga yordam beradi. Shuningdek, aniq chegaralar tashqi savdo aloqalari uchun ham muhim ahamiyatga ega, chunki bu savdoning aniq va to‘g‘ri yo‘nalishda amalga oshirilishini ta’minlaydi.
“Agar chegara muammosi hal etilmasa, Markaziy Osiyoda birlashgan geosiyosiy mintaqa yaratish haqida gapirishning ahamiyati yo‘q. Buni barchamiz anglamas ekanmiz, investitsiyalarni jalb etish va rivojlangan mamlakatga aylanish kabi ambitsiyalar samarasiz bo‘ladi", – deydi Adil Turdukulov.
Hal bo‘lmagan vaqt poyasi
Chegara kelishuvining namunasi deya baholanayotgan O‘zbekiston bilan Qirg‘izistonning o‘rtasida, umuman Markaziy Osiyoda hal qilinadigan yana bitta masala bor. Bu vaqt poyasi. Mintaqada Qirg‘izistondagi vaqt barcha ko‘shnilaridan bir soat oldinda.
Ba’zi joylardagi chegara hududlarida o‘zbekistonliklar va qirg‘izstonliklar bir devor qo‘shni yashaydi, yoki uylarini bitta yo‘l ajratadi, xolos. Lekin birining uyida soat 7.00 bo‘lganda, ikkinchisinikida millar 8.00 ni ko‘rsatadi. O‘zbekistondan Qirg‘izistonga o‘tgan Qora-Yantoq qishlog‘ida ham hozircha elektron soatlar Toshkent vaqti bilan ishlayapti.
Vaqtni mintaqadagi boshqa davlatlarga moslashtirish masalasi qirg‘iz parlamentida ko‘tarilgan. Integratsiyaning keyingi qadami balki aynan shu vaqt poyasi bo‘lishi mumkin.