AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi yakunlanayotgan paytda Markaziy Osiyoning besh davlati bosh diplomatlari bilan gaplashib oldi.
"AQSh Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston, Tojikiston va O'zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlaydi", - deydi Blinken.
Uning qayd etishicha, Vashington bu davlatlar bilan ikki tomonlama va butun mintaqa bilan sheriklikdan mamnun.
Blinken deydiki, o'tgan yili BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi doirasida Prezident Jo Bayden bu davlatlarning rahbarlari bilan ko'rishgani aloqalar yaxshi ketayotganining yaqqol isboti bo'lgan.
Bayden ma'muriyatining muddati bitar ekan, 27-sentabrgi uchrashuvda Markaziy Osiyodan kelgan mehmonlar Blinkenga muntazam dialog uchun rahmat aytgan. Davlat kotibi ham ularga minnatdorchilik bildirgan. Tomonlar 2021-yildan beri yiliga kamida bir marta muloqot qilgan.
"C5+1" deb ataladigan bu platforma, Blinken nazarida, global muammolarga mintaqaviy yechim topish uchun qulay tuzilmadir. Iqtisodiy o'sish, energetika, iqlim va xavfsizlik bilan bog'liq masalalar dangal muhokama qilinadigan maydon bu, deya tasvirlaydi Blinken.
Markaziy Osiyodan kelgan biror vazir bugungi uchrashuv oldidan yo ketidan media uchun bayonot bermagan. Ular doimgidek har qanday muhokama yopiq eshiklar ortida kechishini istashini bildirgan.
Uning umidi shuki, dialog davom etadi va kengayadi. "C5+1" Amerika undovi bilan 2015-yilda vujudga kelgan.
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov "Telegram" sahifasida yozishicha, "iqtisodiy hamkorlik, suv resurslarini boshqarish, barqaror qishloq xo‘jaligi, ekologik chaqiriqlarga qarshi birgalikda kurashish mintaqaviy hamkorlikda barqarorlik va o‘sishni ta’minlovchi asosiy yo‘nalishlaridandir". Toshkentga ko'ra, “C5+1” izchil rivojlanishi - Markaziy Osiyoda tinchlik va farovonlik yo‘lida birgalikdagi harakat.
Qo'shni davlatlarning tashqi ishlar vazirlari ham shu kabi umumiy izohlar bilan cheklangan.