Toshkentda 2020-yilda ochilgan Markaziy Osiyo xalqaro instituti mintaqaviy birdamlikni targ'ib qiladi - imkoniyatlarni o'rganib, o'z tavsiyalarini berib boradi. "Amerika Ovozi" yaqinda bu maskanni aylanar ekan, tashkilot binosining asosiy zalida mintaqa xalqlari madaniyatini aks ettirgan ulkan original rasmni tomosha qildi. Unda o'zbek, qozoq, qirg'iz, tojik va turkmanlar milliy kiyimda birgalikda shodu-xurram vaqt o'tkazayotgani tasvirlangan.
Orzudagi Markaziy Osiyoga tinch va farovon Afg'oniston ham kiradi. O'zbekiston rasmiylari buni tez-tez eslatadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg'onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi deb atagan.
Yaqinda Termizda, O'zbekiston va Afg'oniston chegarasida ochilgan Ayritom erkin iqtisodiy zona xalqaro tizimlardan uzilib qolgan xalqqa qo'shni davlatga kelib biznes qilish imkoniyatini yaratadi. Hayraton-Termiz postidagi maxsus koridor orqali kirib, afg'onlar bu zonada davolanishi, dam olishi va hatto bilim olishi mumkin.
"Amerika Ovozi" yaqindan tanishgan bu yangi inshootda 40 foizgacha joy afg'on tadbirkorlar uchun ajratiladi. Zona rahbariyatining bildirishicha, uning 5 foizi allaqachon olingan.
Termiz xalqaro savdo markazi deb ham atalayotgan joy nafaqat Afg'oniston, balki boshqa qo'shnilar, qolaversa butun dunyo uchun ochiq, deydi O'zbekiston mutassaddilari.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti rahbari, Toshkentning AQShdagi sobiq elchisi Javlon Vahobov fikricha, bu inshoot va umuman, Termizdagi hozirgi sharoit mintaqaviy hamkorlikni oshirish uchun ayni muddao.
Vashingtondagi aql markazlaridan biri - Kaspiy siyosat markazi forumida so'zlar ekan, Vahobov o'tgan 7 yildagi yutuqlarni sanaydi, xususan Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan beri qilingan ishlarni. O'zbekiston qo'shnilar bilan aloqani mustahkamlab, chegaralarni ochib, turizm va biznes uchun qulayliklar yaratgani, deydi Vahobov, butun mintaqani ruhlantirgan.
Ammo bu ochilish hali Turkmaniston bilan chegaraga ta'sir qilmagan. Yaqinda "Amerika Ovozi" hududga borganida ko'plab odamlar vizasiz tartib istashini aytdi. O'zbekiston va bu davlat orasidagi chegara punktlarining aksariyati yopiq. Ochiq turganlaridan o'tish qiyin. Aholi viza qimmat ekanidan noliydi.
Qozog'istondan Strategik tadqiqotlar instituti direktori Yerkin Tukumov va boshqa mutaxassislar deydiki, integratsiya asosan uning mamlakati hamda O'zbekiston zimmasida, chunki ular mintaqada eng yirik va qudratli davlatlar.
"Jarayon oson kechmaydi, chunki har birimiz o'ziga xos tizimlar va jamiyatlarmiz. Uzoqdan o'xshash ko'rinarmiz, ammo bosib o'tgan yo'llarimiz, tajribamiz va salohiyatimiz orasida farqlar bor", - deydi Tukumov.
"Bu yili Kavkazni aylanib chiqdim. Angladimki, biz bu mintaqa bilan yaqinmiz deb o'ylasak-da, uni deyarli bilmaymiz va Kavkaz ahli ham biz haqimizda juda oz ma'lumotga ega".
Tukumov bunga bejiz urg'u bermayapti, chunki G'arbda Markaziy Osiyo va Kavkaz birgalikda oyoqqa tura oladi, iqtisodiy istiqboli bir-biriga bog'liq degan qarash keng tarqalgan.
Vashington Kaspiy dengizi orqali sharqdan g'arb tomon, Markaziy Osiyodan Kavkaz orqali Yevropa bozorlariga chiquvchi yo'llarni kengaytirishga undamoqda va bu boradagi loyihalarni quvvatlamoqda. AQSh ular uchun mablag' ajratmasa-da, o'zi a'zo va yetakchilik qiladigan Jahon banki hamda Xalqaro valyuta fondi kabi donorlarni ko'maklashishga chaqirmoqda.
"Markaziy Osiyoga integratsion organ kerak", - deydi Vahobov, ya'ni mintaqaviy uyushma, toki davlatlar o'z mushtarak maqsad va manfaatlarini shu platforma orqali bildirsin va himoya qilsin.
Ayni damda respublikalar turli bloklarga a'zo, ammo faqat ularning o'zi o'tiradigan doira shakllanmagan.
Prezidentlarning sammitlari muntazamlashgani, ular har yili bir necha bor ko'rishib, masalalarni o'zaro muhokama qilayotgani - mana shunday birlashuv tomon salmoqli qadam, deydi Vahobov.
Oq uy sobiq rasmiysi Erik Rudenshiold nazarida, mintaqa integratsiyasi jadallashmoqda. "Ortirilgan tajriba va strategik imkoniyatlarni boy bermaslik kerak", - deydi.
Amerika siyosatdonlari kuzatishicha, birdamlik yo'lida O'zbekiston va Qozog'iston yetakchilik qilmoqda. Qolganlar ergashadi, deydi ular, chunki tarqoqlik sizga faqat zarar keltiradi.
Birlashish mustaqillik va suverenitetga zarar keltirmaydi, deydi ekspertlar, aksincha, ularni mustahkamlaydi. Iqtisodiy-siyosiy taraqqiyot har bir respublikaning o'ziga ishonchini oshiradi. O'zaro savdo, transport va madaniy rishtalarning kuchayishi oradagi ishonchni kengaytirishi lozim.
Rudenshiold va Vahobov fikricha, hozirgi sur'at aslo pasaymasligi, almashinuv va dialog darajasi tushmasligi lozim.
"Sammit va forumlarning natijasi sezila boshlashi kerak. Markaziy Osiyo rahbarlari muloqotda, muammolar oshkor. Shunday ekan, kelishuvlar meva bera boshlasin", - deydi Rudenshiold.
Vahobov integratsiya pirovardida har bir davlat irodasiga bog'liq ekanini qayd etadi. Siyosat odamlarni yaqinlashtirishi kerak. Shundagina birdamlik kuchayadi, deydi u.
Vahobov va Tukumov deydiki, savdo va biznesdan tashqari ilm-fan va madaniyat ham muhim rol o'ynaydi. Mintaqa kuchli blok sifatida ko'tarilishi uchun hali ko'p ter to'kish kerak.
Bu mutaxassislarning so'zlari jiddiy qabul qilinsa, Markaziy Osiyo xalqaro instituti zallarida osilgan rasmlardagi mintaqaviy hamjihatlik aslida reallikdan uzoq emas.