Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) Bishkekda o’tgan sammitida avvalgi uchrashuvlardan farqli amaliy harakatlar va jiddiy bayonotlar ham kuzatildi.
Sammit davomida TDTning yangi bayrog’i qabul qilindi; shuningdek tashkilot istiqboliga ishora beruvchi ramziy ma’nodagi yagona pul birligi nusxasi ham taqdim qilindi.
O´zbekiston tomoni tashkilot doirasida strategik sheriklik bitimini imzolash tashabbusini, Ozarbayjon tashkilot loyihalari va maqsadlari uchun moddiy ta’minotni kuchaytirish taklifini surdi. Turkiya esa a’zo davlatlarni o’rta turk alifbosiga o’tish jarayonini tezlashtirishga chaqirdi.
Ekspertlar bu o’zgarishlar sababini nihoyat Turk davlatlarida birlashish irodasi shakllangani bilan emas, balki qudratlar kurashi avjga chiqayotgan dunyodagi geosiyosiy vaziyat bilan bog’lamoqda.
2021-yilda Turk tilli davlatlar kengashi Turk davlatlari tashkilotiga aylanishi ortidan maqomi ko’tarilgan TDT dastlabki taranglik bilan to`qnashdi: dunyoda geosiyosiy vaziyat jiddiy beqarorlashdi.
Rossiya 2022-yilning fevralida Ukrainada yirik miqyosli urush boshladi. Bu urush aksariyati Rossiyaning yaqin ittifoqchilari bo`lgan, bungacha ham Qrim ishg’oli masalasida sukut saqlagan Markaziy Osiyodagi turkiy davlatlarni yana siyosiy tanlov oldida qoldirdi.
Aksariyat dunyo Rossiya bosqinini keskin qoralab chiqqan bir vaziyatda Markaziy Osiyo urushga nisbatan betaraflik pozitsiyasini tutdi.
TDTdagi eng yirik davlat, Qrim ishg’olini tan olmagan Turkiya Ukraina bosqinini ham qoralab chiqdi. TDTning yana bir a’zosi Ozarbayjon Rossiya bilan hamkorlikni to’xtatmagan holda Ukrainani ham qo’llab keladi.
TDTda Rossiya-Ukraina urushi bo’yicha yagona pozitsiya shakllanmadi. Bu urush davomida turk tilli qardosh xalq qrim-tatarlar vatani Qrim ishg’ol qilinganiga qaramasdan tashkilot biror rasmiy bayonotni lozim topmadi. TDT geosiyosiy maydonda tashkilot sifatida ko’zga tashlanmadi.
Ukraina urushi va bu bilan bog’liq jarayonlarni yaqindan kuzatib kelayotgan ozarbayjonlik ekspert Oqil Rustamzodaga ko’ra, TDT a’zo davlatlari bugungi real siyosiy, ijtimoiy voqelik bilan hisoblashishga majbur; tashkilot shakllanishi nafaqat xohish-irodalardan, balki geosiyosiy maydondagi burilishlarni ham taqozo etadi.
“Tabiiyki, Rossiya, Xitoy yangi bir siyosiy kuch shakllanishini quchoq ochib kutib olmaydi. So´nggi yillarda muqimlashgan siyosiy, tarixiy reallik, ayniqsa, Markaziy Osiyodagi turk davlatlarini bu qudratlar manfaati bilan hisoblashishga majbur etadi. Shunday ekan, mintaqa davlatlari bu urushda Rossiyani ochiq qo’llab-quvvatlab chiqishmaganining o’zi ham ancha oqil yo`l. O´zbekiston ham, Qozog’iston ham rasman Rossiyani dastaklagani kuzatilgani yo`q”, - deydi ekspert.
Darhaqiqat, nafaqat O´zbekiston, Qozog’iston, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham bu urushga nisbatan rasman betaraf pozitsiyada.
TDTning Bishkekdagi sammitida yetakchilar dunyodagi taranglashayotgan geosiyosiy vaziyatdan jiddiy xavotir izhor qilsa-da, Ukraina urushini, Rossiya bosqinini rasman tilga olgani yo`q.
Ammo bundan qat’i nazar, ekspertlar TDT doirasida siyosiy muvofiqlashish, xavfsizlik masalalari bo`yicha hamkorlik faollashayotganini aynan Ukraina urushi, aniqrog’I, bu urushdan keyin shakllanishi kutilayotgan geosiyosiy realliklarga tayyor turish bilan bog’laydi.
“Ukraina urushi yakunlanishi ortidan dunyodagi xavfsizlik arxitekturasi keskin o’zgardi, qanday bo`lishi ehtimol hozircha aniq emas, ammo hozirgi tartibda qolmasligi aniq. Dunyo xavfsizligi hozir tebranishlar davriga kirgan. Bu tebranishlardan kim, qanday chiqadi, kuchlar qanday taqsimlanadi; bu yaqin kelajakdagi masala. Ammo shunisi aniqki, dunyo davlatlari o’z manfaatlari, qadriyatlariga muvofiq ittifoqlarga kirishishga, xavfsizlik masalalarini hal etishga urinmoqda. Bu qardosh turk davlatlarini ham o’zaro birlashishga, hamkorlikni kuchaytirishga undayotgan asosiy faktorlardan biri, dunyo siyosiy maydonidagi silkinishlar qanchalik kuchaysa barqarorlikni ta`minlovchi tayanch ustunlarini topishga ham ehtiyoj shunchalik tezlashib boradi”, - deydi Oqil Rustamzoda.
TDT a’zolari Ozarbayjon, Turkiya, Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekistondan iborat. Turkmaniston va Vengriya kuzatuvchi davlatlar maqomida.